Bu aslida ilk qo‘ng‘iroqdir

Maktab. Shu birgina so‘z insonni olis xotiralar tomon yetaklaydi. Qalb sururli lahzalardan to‘lqinlanadi. Ilk bor ushbu mo‘tabar go‘shaga qadam qo‘yganday hayajonlanasan kishi. Birma-bir darslar, sinfdosh do‘stlar ko‘z o‘ngingda bo‘y beradi. Ular bilan bog‘liq qiziq voqealarni eslaysan. Yuzingda samimiy tabassum yuguradi. Bir muddat sukutga cho‘masan. Yurakning shiddatli hayqirig‘ini tinglaysan go‘yo. Ko‘zingda yosh bilan maktab ostonasidan katta hayotga qadam qo‘yganing, qulog‘ing ostida esa so‘nggi qo‘ng‘iroqning jarangli ovozi yangraganini yodga olasan. Shu jarang yillar o‘tsada qalbingni tark etmaydi.

Yelkangda jajjigina qizaloqni ko‘targancha davra aylanasan. Quvnoqqina bolajonning mayin tabassum bilan chalayotgan so‘nggi qo‘ng‘irog‘i esa seni tobora katta hayot sari kuzata boshlaydi. Kasb-hunar o‘rganish, jamiyatning faol a’zosiga aylanish istagi yana va yana olg‘a intilishga undaydi. Ma’lumotingni oshirish uchun tinim bilmay kitob varaqlaysan. Anglaysanki, maktab bilan vidolashtirgan, yelkangdagi qizaloq chalgan yoqimli jarang aslida katta hayot ostonasidagi ilk qo‘ng‘iroqdir. U doim seni ilg‘or bo‘lishga, zamonga hamnafas yashashga, umringni go‘zal kasbi-kor bilan bog‘lashga, yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilishga chorlab turadi. Beixtiyor o‘sha qizaloq va uning tengqurlari oldida o‘zingni qarzdor his etasan. Ularga bundanda chiroyli Vatan qoldirging keladi. Bu mas’uliyat esa avloddan avlodga o‘tib, go‘zal an’anaga aylanadi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda o‘g‘il-qizlarning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, san’at va madaniyat sohalaridagi iqtidorini namoyish etishi uchun barcha sharoit muhayyo etilgan. Xususan, o‘n ikki yillik majburiy ta’limning joriy qilingani, har bir yosh muayyan bir hunarning egasiga aylanayotgani fikrimizning tasdig‘idir. Ularning kasb-korga qiziqishi esa umumta’lim saboqlari jarayonida shakllanadi. Shunday ekan, o‘quvchilarning iqtidorini namoyish etish, jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish o‘spirinlik davriga to‘g‘ri keladi. Maktabni bitirayotgan o‘quvchi qaysi kollej yoki akademik litseyda o‘qishini aniqlab olishi juda zarur. Zero, ayni shu davrdagi qaror uning kelajagini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotiga ko‘ra bu yil 483 ming nafardan ziyod o‘quvchi umumta’lim maktablarining to‘qqizinchi sinfini tamomlaydi. Bu raqamlar oilasi, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilish maqsadida kasb-hunar o‘rganishga shay qariyb yarim million nafar yosh mustaqil hayotga kirib kelayotganidan darak berayotir.

Yana o‘qing:  Zamonaviy binolar ish boshladi

– Niyatim tumanimizdagi Iqtisodiyot kasb-hunar kollejida o‘qishni davom ettirish, – deydi Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi Asliddin Choriyev. – Bolaligimdan matematika faniga qiziqar edim. Shu bois, ushbu muassasaga sinov asosida o‘qishga qabul qilindim. Bu yerdagi tajribali o‘qituvchilar nafaqat bilim berishdi, balki har birimiz o‘z kelajagimizning bunyodkori ekanimizni ham uqtirishdi. Tengdoshlarim orasida “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichi g‘oliblari, xalqaro fan olimpiadalari sovrindorlari borligi esa meni yanayam chuqurroq bilim olish, darslarni qunt bilan o‘zlashtirishimga turtki bo‘ldi. Angladimki, iqtisodiyot sohasiga ko‘proq qiziqar ekanman. Bank xodimi bo‘lishni juda xohlayapman. Kollejda uch yil soha sirlarini o‘rganib, so‘ng Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetiga hujjatlarimni topshiraman. Albatta, orzu-maqsadlarimga erishishga harakat qilaman. Zero, buning uchun menda ishonch, bilim, intilish, asosiysi barcha imkoniyatlar bor.

O‘quvchilarning qiziqishlarini o‘rganish, ularni kasb va hunarga yo‘naltirish borasida umumta’lim muassasalari pedagog xodimlari ham jonbozlik ko‘rsatib kelayotir. Xususan, “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi hamkorligi” konsepsiyasi doirasida ota-onalar, mahalla faollari va o‘qituvchilar birgalikda har bir bolaning iqtidorini o‘rganib, akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga yo‘naltirishmoqda.

– Bu yil muassasamizni 61 nafar to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi tamomlaydi, – deydi poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 115-umumta’lim maktabi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sarvar Qorayev. – Ularni kelgusi ta’lim jarayonlariga jalb qilish, bu boradagi xohish-istaklarini o‘rganib chiqish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. O‘qituvchilar orasidan bir kishi kasbga yo‘naltiruvchi shaxs sifatida faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, shahardagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Maqsad esa bitta. Hamma o‘zi istagan kasbini egallasin. Buning uchun ularga hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Muassasamizda tez-tez o‘rta maxsus ta’lim muassasalari pedagog xodimlari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishadi. Qolaversa, har bir kollejda “Ochiq eshiklar” kuni tashkil qilingan. Biz o‘quvchilarni u yerga olib borib shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishtiramiz. O‘qituvchilar salohiyati, muassasa muhitini yaqindan o‘rganamiz. Qolaversa, kollejni tamomlab tadbirkorlik sohasiga qo‘l urgan, ish joyida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan suhbatlar uyushtiramiz. Bu esa o‘quvchining o‘z kelajagi haqida mushohada yuritishga, yaxshi kasb-korning etagidan tutishiga zamin hozirlaydi.

Yana o‘qing:  Kitoblar – tarix guvohlari

Darhaqiqat, mamlakatimizda umumta’lim maktablarini tamomlagan o‘quvchilarni kollej va akademik litseylarga, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tashkilot va korxonalarga yo‘naltirish samarali yo‘lga qo‘yilgan. Qonun hujjatlariga ko‘ra kollej bitiruvchilari sinov muddatisiz ishga qabul qilinadi. Qolaversa, tadbirkorlik faoliyatini yuritmoqchi bo‘lgan talabalarga davlat tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilayotgani yuksak g‘amxo‘rlikning namunasidir.

– 2014 yilda Asaka Pedagogika kasb-hunar kollejini tamomladim, – deydi andijonlik tadbirkor Muhayyo Abduxalilova. – O‘tgan yili bankning kredit mablag‘lari evaziga “Shirin non” qandolat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sex tashkil etdik. To‘qqiz nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Hozirda daromadlar yaxshi. Bunga tadbirkorlar uchun soliq stavkalarining kamaytirilgani ham muhim omil bo‘lyapti. Mahsulotlarimizni respublikamizning barcha bozorlariga chiqarishni niyat qilganmiz.

Ha, jonajon O‘zbekistonimizda hamma kasb-hunar sohiblarining erkin faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit va ishchanlik muhiti yaratilgan. Undan oqilona foydalanish, vaqtni besamar sarf etmasdan o‘z kelajagini bunyod etish esa har bir yoshning o‘ziga bog‘liq. Albatta, bu borada maktab davrida olingan bilim va iqtidor alohida ahamiyatga ega. Yoshlardan kimdir oila muhitidan kelib chiqqan holda kasb tanlasa, kimdir qiziqishlari samarasida o‘z kelajagini bunyod etadi. Boshqa birovi esa ustozlari maslahatlariga amal qiladi. Nima bo‘lganda ham, unutmaylikki, bu qo‘ng‘iroq katta hayot sari ilk chorlovdir.

Bahodir HALIMOV,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: