“Yoshlik bahori”da xalqaro navolar
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilari respublika ko‘rik-festivali boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur festivalda yurtimizning turli hududlaridan kelgan to‘qsonga yaqin yosh opera ijrochisi ishtirok etmoqda.
Mazkur ko‘rik-festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh opera ijrochilarini aniqlash, ularga har tomonlama ko‘maklashish va ijodini rag‘batlantirish, shuningdek, o‘sib kelayotgan avlod o‘rtasida milliy va jahon madaniy merosini ommalashtirishdan iboratdir. Mazkur loyiha yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, ularning ijodiy salohiyatini amalga oshirish uchun tegishli sharoitlarni yaratish, opera san’atiga ishtiyoqi baland yigit-qizlarning o‘z ijod qirralarini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga yo‘naltirilgan.
“Yoshlik bahori” ko‘rik-festivali doirasidagi ijodiy tanlovda 18-32 yoshdagi opera ijrochilari ishtirok etadi.
Ko‘rik-festival g‘olib va sovrindorlari ishtirokidagi gala-konsert 15 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Ch.XUSHVAQTOVA