DAVO ChORALARI

QANDLI DIABETDA O‘Z VAQTIDA QO‘LLANILISHI ZARUR

Qandli diabet – Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti mutaxassislarining fikricha bu metabolik moddalar almashinuvining buzilishi hisoblanadi. Uning belgilaridan biri qonda qand miqdorining yuqori bo‘lishidir (giperglikemiya). Qandli diabet ikki xil bo‘ladi. Ya’ni, insulinga bog‘liq bo‘lgan (1-tur) qandli diabet va insulinga bog‘liq bo‘lmagan (2-tur) qandli diabet. Ushbu xastalikda me’da osti bezida insulin moddasi ishlab chiqarish jarayoni keskin buziladi. Qandli diabet hozirgi kunda eng keng tarqalgan surunkali kasallik bo‘lib, jahonda dolzarb muammo sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, Yevropaning bir qator mamlakatlarida qandli diabetning ikkita turini davolash uchun tibbiyotga ajratilgan yillik mablag‘ning 15 foizdan 25 foizgacha tashkil qiladi.

Qandli diabet o‘z vaqtida davolanmasa nogironlikka olib keladi va erta o‘limga sabab bo‘ladi. Yevropa Diabet Assotsiatsiyasi 2012 yilning I choragida bemorlarda har xil diabetik asoratlarning tarqalishini o‘rganganda ular hamma tekshirilgan bemorlarning 59 foizini tashkil qilar, shu bilan birga 23 foiz xasta kishilarda ikkita va 13 foiz kasal odamlarda uch xil asorat borligi aniqlangan. 80 foiz bemorlar tana vaznining ortishi va 43 foiz esa yurak-qon tomir kasalliklari patologiyasi, serebrovaskulyar patologiya 12 foiz, arterial gipertenziya (qon bosimining oshishi) 50 foizni tashkil qilar ekan. Aniqlanishicha, 2-tur qandli diabet yurak-qon tomir nuqsonlari sog‘lom odamlarga qaraganda 3-4 barobar yuqori ekan.

Rivojlangan ko‘pgina mamlakatlarda bemorlarning qandli diabet xastaligidan vafot etish bo‘yicha ko‘rsatkichlar boshqa xastaliklarga nisbatan uchinchi, to‘rtinchi o‘rinda turadi. Ushbu kasallik asoratlari sababli bemorlarning ko‘rish quvvati susayib ketadi va ko‘rlikka ham sabab bo‘ladi. Katta yoshli bemorlarda qandli diabet oqibatida qorason kuzatiladi. Shu bilan birga glyukozaga chidamlilikning buzilishi hamda yurak ishemik kasalligi ikki barobar, yurak-qon tomir kasalliklari sababli kuzatiladigan o‘lim holatlari 1,5 barobar ko‘p uchraydi.

Qandli diabetning 2-turi kuzatilganda 30 foiz bemorlarda uning asoratlari erta aniqlanadi. Shu bilan birga periferik neyropatiya 35 foiz, retinopatiya 12 foiz, kardiopatiya 6 foiz va boshqa asoratlar 2-tur qandli diabet xastaligi mavjud bemorlarda kuzatiladi.

Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra (Z.Akbarov, 2005 yil) O‘zbekistonda 2-tur qandli diabet asoratlari quyidagicha:

Yana o‘qing:  Karkadening shifobaxsh xususiyatlarini bilasizmi?

Diabetik retinopatiya -15,1 foiz, diabetik nefropatiya — 4,2 foiz, diabetik polineyropatiya — 39,2 foiz, diabetik to‘piq — 5,7 foiz, yurak ishemik kasalliklari — 42,1 foiz, tana vazni ortiqligi-4,8 foiz, arterial gipertenziya — 59,8 foiz va hokazo.

TASHXIS

Qandli diabetga hozirgi kunda Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti 1999 yilda tasdiqlagan kasallik belgilari tasnifi asosida endokrinologlar tashxis qo‘yishmoqda. Qonda glyukoza miqdori me’yorda 3,5-6,0 mmol/lni tashkil qiladi.

Shu bilan birga yashirin, (latent) qandli diabet turini aniqlash uchun GCHB- ya’ni, glyukozaga chidamlilikni buzilishi testi qo‘llaniladi. Bu sinamada quruq 75 gramm glyukoza kukuni umumiy miqdorda 200 ml iliq qaynatilgan suvga eritib bemorga beriladi va uning qoni 1 va 2 soat o‘tgandan so‘ng tekshiriladi.

Me’yorda GCHB testi o‘tkazilganda och qoringa qand miqdori 6 mmol/ldan oshishi kerak emas. Ikki soatdan so‘ng > 11,1 mmol/lni tashkil qiladi. Agarda bemorni qondagi qand miqdori > 6,0 mmol/l, 2 soatdan so‘ng > 7,8-11,1 mmol/l bo‘lsa GCHB tashxisi qo‘yiladi.

Qaysi holatlarda GCHB sinamasi o‘tkazilmaydi? Bu sinama bir qator holatlarda o‘tkazilmaydi, ya’ni – o‘tkir yallig‘lanish, bemor jarohat olganda, jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilganda.

— Glikemiya – qonda qand miqdorini yuqori qiladigan bir qator preparatlar mavjud. Bemor glyukokortikoidlar, tireoid gormonlar, B-adrenoblokatorlar qabul qilganda qonda qand miqdori oshishi mumkin.

XASTALIK PATOGENEZI

2-tur qandli diabetni kechishi uglevodlar almashinuvi buzilishi bilan kuzatilib, unda kuniga insulinga turg‘unlik holati va o‘rtacha insulin yetishmovchiligi bilan xarakterlanadi.

Qandli diabet kasalligi ikkita patofiziologik shikastlanish bilan tavsiflanadi:

· Insulinga turg‘unlik holati;

· me’da osti bezi B-hujayralari faoliyatining keskin buzilishi.

Endokrinologlarning aniqlanishicha ko‘p ovqat yeyish va kam harakatli hayot tarzi tana vazni ortishiga olib keladi. Bu esa qandli diabetning ko‘pincha 2-turi bilan kasal bo‘lish xavfi I darajali semizlikda 5 barobar, 2 darajali tana vazni ortishida-10 barobar oshadi.

Shu bilan birga yog‘lar almashinuvining buzilishi, ya’ni dislipidemiya-88 foiz, gipertriglitserinemiya holatida — 84 foiz, gipertoniya — 58 foiz, giperxolesterinemiyada — 54 foiz uchraydi.

Insulinga turg‘unlik holati asosida insulin ta’siri buzilishi teri retseptorlari darajasiga yetadi. Triozinkinaza faoliyati pasayishiga bog‘liq holda insulin retseptorlarining hujayra ichidagi fosforlanish jarayonlari buziladi.

Yana o‘qing:  Xurrakning xavfi

Insulinga turg‘unlik holatida to‘qimalarning insulin yordamida glyukozani so‘rib olishi pasayadi. Ortiqcha tana vazniga ega bo‘lgan bemorlarda insulinga turg‘unlik 25 foizni tashkil qilishi mumkin. Shu bilan birga insulinga turg‘unlik holati 2-tur qandli diabetga tashxis qo‘yilishidan 10-15 yil oldin aniqlanadi. Olimlarning aniqlashicha (2010 yil, AQSH) insulinga qaramlik holati bir qator moddalar almashinuvi buzilish holatlari (metabolik sindrom, yurak ishemik kasalligi, arterial gipertenziya (qon bosimining oshishi), semizlik, ko‘pincha gipotireoz, tuxumdonlar polikistozi, o‘smirlik davrida moyaklarning og‘rishi) kuzatiladi.

Irsiyatida qandli diabetga moyilligi mavjud bemorlarda ham insulinga turg‘unlik holati kuchayadi. Bunda insulinga muhtoj to‘qimalar (jigar, mushaklar va yog‘ to‘qimalari)da glyukozani qabul qilish buziladi. Bu esa asta-sekin giperglikemiya, ya’ni qondagi qand miqdorini ko‘tarilishiga olib keladi.

Giperinsulinemiya kuchli lipotrop ta’sirga ega bo‘lib keyinchalik u tana vaznining oshishi va yog‘ to‘qimalarining ko‘payishi sababli paydo bo‘ladi. Shu sababli semizlik metabolik sindrom rivojlanishida hal qiluvchi holatlardan biridir. Erkin yog‘ kislotasi parchalanganda to‘qimadan hujayralar katta miqdorda ajralib chiqib jigarga tushadi va qon tizimi bo‘yicha tarqaladi. Qorin bo‘shlig‘ida adipotsitlardan ozod bo‘layotgan erkin yog‘ kislotasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jigarga kelib tushadi, insulinretseptorlar faoliyatini buzadi va insulinga turg‘unlik holatini kuchaytiradi. Jigarda erkin yog‘ kislotalari glyukogenez jarayonlarini faollashtiradi. Bu o‘z holatida jigarga glyukoza mahsulotini kiritishga va nahordagi giperglikemiyani rivojlanishiga olib keladi.

Bu holatda me’da osti bezining b-hujayrasi tomonidan ishlab chiqilayotgan insulin miqdori yetarli bo‘lmaydi. Natijada 2-tur qandli diabetda qonda qand miqdorining yuqori bo‘lishi kuzatiladi.

DAVOSI

Qandli diabetning mikro va makroangiopatik asoratlarining rivojlanishi e’tiborga olinishi zarur. Xastalikning konpensatsiya holati (glikemiya miqdori, glikerlangan gemoglobin), moddalar almashinuvi va qon bosimi ko‘rsatkichlari inobatga olinadi.

Alohida asoratlarning xavfi kamayishi uchun nahordagi qand miqdori mmol/l-< 6,0; mikroangiopatiya xavfi-> 6,0, makroangiopatiya rivojlanishi xavfi>7,0 mmol/l bo‘lishi kerak.

Qandli diabetni davolash usullari:

· Parhez;

· jismoniy mashqlar;

· uglevodlar almashinuvini buzilishlarini to‘g‘rilash;

· dislipoproteinemiyani davolash;

· arterial gipertoniya xastaligining oldini olish;

· o‘z-o‘zini nazorat qilish.

Parhez bilan davolanishda ayniqsa, ortiqcha tana vazniga ega bo‘lgan bemorlarga past kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlari tavsiya qilinadi.

Yana o‘qing:  Nafsni isloh qiluvchi zahmat

Bemor o‘z ratsionida, ya’ni kundalik ovqatlinishida tez so‘riladigan uglevodlar (shirinlik, asal, shakar, murabbo, shirin ichimlik)ni juda ham kam iste’mol qilishi zarur. Kletchatkaga boy oziq-ovqat mahsulotlari xasta kishiga qo‘l keladi. Bemorda arterial gipertoniya asorati bo‘lsa tuzni kam iste’mol qilishi lozim.

Tohir IBRAGIMOV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: