Yangi zamonaviy tibbiyot inshooti
aholi salomatligi uchun muhim qulaylik
Kechga tomon Nasibaning harorati ko‘tarilib bezovta bo‘la boshladi.
Uning ko‘ngli aynib, biqini simillab og‘rirdi. Shu payt eri ishdan kelib qoldi.
– Negadir tobim qochib turibdi. Kechki ovqatni tayyorlab qo‘ydim, bolalar bilan yeng, – dedi Nasiba behol.
Nodir bolalarni ovqatlantirarkan, “sen ham ovqatingni yeb ol”, – dedi.
– Ishtaham yo‘q, qornim og‘riyapti, – dedi Nasiba beholgina.
Nodir xotiniga og‘riq qoldiruvchi dori berdi. Ammo birozdan so‘ng og‘riq yana kuchaydi. Endi “Shoshilinch tibbiy yordam” mashinasini chaqirishdan boshqa iloj qolmagandi.
Bemorni ko‘zdan kechirgan shifokorlar uni kasalxonaga olib ketishdi. Chunki, og‘riq ko‘richakdan darak berayotgan edi.
Shifoxonada bemordan qon tahlillari olinib, tezkor jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shoshilinch tibbiy yordam tufayli bemor uch kundan so‘ng o‘z oilasi bag‘riga qaytdi.
Ha, “Issiq jon isitmasiz bo‘lmas”, deydi dono xalqimiz. Curxondaryo viloyat ko‘ptarmoqli tibbiyot markazida faoliyat yuritayotgan o‘z kasbining mohir ustalari bo‘lmish malakali shifokorlar ana shunday bemorlar joniga oro kirishmoqda.
Bugungi kunda to‘liq tamirdan chiqarilib, yangi zamonaviy binolarda faoliyat ko‘rsatayotgan 415 o‘rinli ushbu markazda 19 ta klinik, 7 ta paraklinik bo‘limlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar zamon talablari darajasida aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Markaz tasarrufidagi jarrohlik bloki bo‘yicha umumiy 240 ta, terapiya blokida 165 ta bemor o‘rinlari mavjud bo‘lib, 130 o‘rin bepul hisobidan, 110 o‘rin pullik servis xizmati asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
E’tiborga molik tomoni 2013 yilning sentyabridan Viloyat ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi qoshida yangi yuz qatnovga mo‘ljallangan maslahat-tashxis poliklinikasi ishga tushirildi. Poliklinika O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan zamonaviy rentgen tibbiy uskunasi, shuningdek, yana shu kabi zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Barcha turdagi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatayotgan muassasada qon va peshob tahlillarini aniqlashda klinik-biokimyo laboratoriyasining faoliyat ko‘rsatayotgani nur ustiga a’lo nur bo‘ldi.
Yana ushbu, muassasaning “Salomatlik-2” va “Salomatlik-3” loyihalari asosida “Dopler”, “Endoskop”, MRT(magnit-rezonansm tomograf), raqamli rentgen uskunasi, “Exoensefalograf” va boshqa shu kabi tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganligi bemorlarni har qanday turdagi kasalliklarini erta aniqlash, ularga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va samarali davolashning imkonini bermoqda.
– Birlashmamizda 92 nafar oliy ma’lumotli shifokor-mutaxassislar va 356 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatadi. Birlashmamizda inson salomatligiga e’tibor, aholining tibbiy madaniyatini yanada oshirish, ular o‘rtasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, onalar va bolalar salomatligini asrashga katta ahamiyat qaratilgan. O‘tgan 2014 yil mobaynida muassasamizda 14 ming nafardan ziyod bemor o‘z salomatligini tiklashga erishdi. Ayni paytda Boysun tumani aholisini yil yakunigacha to‘liq chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Bu jarayonga barcha tajribali shifokor-mutaxassislar jalb etilgan, – deydi markazning davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Zayrullo Oqboyev.
Malakali va tajribali mutaxassis shifokorlardan oliy toifali urolog Karomatxon Saidolimov, jarroh Abduxoliq Hayitov, anesteziologlar Mamarajab Pirmatov, Fayzullo Ashurov, Muqaddas Bozorova, Isroil Omonov, terapevtlardan Abdurasul Ubayev, Norquvvat Berdiyorov kabi shifokorlarning xizmatlari tahsinga loyiq. Shuningdek, ushbu muassasada faoliyat yuritayotgan hamshiralar turli ko‘rik-tanlovlar, respublika miqyosida o‘tkaziladigan “Eng yaxshi hamshira” ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallamoqdalar.
Bundan tashqari abdominal(qorin bo‘shlig‘i) jarrohlik bo‘limida faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali jarrohlarning sa’y-harakati bilan o‘tgan yil mobaynida 270 dan ortiq barcha turdagi qorin bo‘shlig‘i jarrohlik operatsiyalarining amalga oshirilgani, urologiya bo‘limida bajarilgan 400 ga yaqin prostata bezi xavfsiz giperplaziyasi, buyrak-tosh kasalliklari, ikkala buyrak nayidagi tosh, qovuq toshi, tug‘ma nuqsonli plastik kabi operatsiyalarning 200 dan ortig‘i murakkab operatsiyalarni tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, yangidan bunyod etilgan ikkita binoga ko‘chib o‘tgan terapiya bo‘limlarida MRT va surunkali buyrak yetishmovchiligida qo‘llaniladigan qonni peshobdan tozalovchi gemodializ tibbiy uskunalari aholi salomatligini muhofaza etishda qo‘l kelmoqda.
Maryam AHMEDOVA,
Surxondaryo viloyati