Og‘iz suti – go‘dak taomnomasidagi ilk ozuqa
Bolalarning rivojlanishida oqilona ovqatlanishning ahamiyati xususida
Farzandingizni me’da-ichak tizimi a’zolari xastaliklari va boshqa kasalliklarga duchor bo‘lmasligi uchun uni to‘g‘ri ovqatlantirish zarur. “Kasalni davolagandan ko‘ra uni oldini olish oson” deyishadi donolar. Go‘dakni to‘g‘ri ovqatlantirish uni ilk tug‘ilgan daqiqalaridan boshlanadi. Chunki, bola ilk bor og‘iz suti orqali emlanadi. Og‘iz suti kasalliklarga qarshi immunoglobinlarga boy bo‘ladi. Ushbu sutni emgan go‘dakning turli kasalliklarga chalinish ehtimoli ancha kamayadi. Mabodo bola kasal bo‘lib qolsa ham xastalik asoratsiz kechadi.
Albatta, og‘iz suti quyuq va kam miqdorda chiqadi. Shunga qaramasdan onalar sabr-toqat bilan farzandini og‘iz sutiga to‘ydirib emizishsa uni har xil kasalliklarga chalinishini ayniqsa, yuqumli xastaliklarga chalinishining oldini olgan bo‘lishadi. Bolalar va o‘smirlar uchun to‘g‘ri ovqatlanishning ham ahamiyati juda katta. Organizmning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi mikroelementlar, vitaminlar, oqsil va uglevodlar oziq-ovqat mahsulotlari orqali vujudga tushadi.
Kalsiy, fosfor kabi moddalar suyak to‘qimasining asosini tashkil etadi. Ular skelet mushaklari faoliyati uchun fosfor esa asab tizimi uchun juda muhimdir. Fosforga bo‘lgan ehtiyoj kuniga kamida 1,5 grammdir. Magniy elementi esa yurak mushaklariga ijobiy ta’sir etadi. Kalsiyning asosiy manbai sut mahsulotlaridir. Bu modda yosh bolalar uchun juda muhim o‘rin tutadi. Ushbu modda suyaklar va tishlarning shakllanishi uchun zarur hisoblanadi.
3-7 yoshli bolalarga kuniga 600 ml. gacha sut, qatiq yoki suzma berish tavsiya etiladi. Kalsiyga bo‘lgan ehtiyoj bir kecha-kunduzda taxminan bolaning yoshiga qarab 1-1,5gr.ni tashkil etadi. Orga-nizmda kalsiy yetishmasa jiddiy kasalliklarga olib keladi. Bulardan bolaning hayotiga xavf soluvchi tutqanoq xuruji – “shaytonlash” va suyak tizimidagi salbiy o‘zgarishlardan “O” yoki “X” si-mon oyoqlar, umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, yassi oyoqlik, raxitik chanoq suyagi kuzatilishi mum-kin. Bunday holat ayniqsa, qiz bolalarda kuzatilsa kelajakda bo‘lg‘usi onada tug‘ruq jarayoni qiy-in kechishi va hattoki, unda jarrohlik usulini qo‘llash ham zarur bo‘ladi.
Bolaning o‘sishi va rivojlanishida vitaminlarning ahamiyati
Bosh miyaning shakllanishida oqsil, foliy kislotasi va to‘yinmagan yog‘ kislotalari kerak bo‘ladi. Oqsillar ikki xil bo‘ladi. Ya’ni, o‘simlik va hayvon oqsillari go‘daklar organizmining rivojlanishida o‘ziga xos o‘ringa ega. Chunki, ular organizm uchun “qurilish ashyolari” hisoblanadi. Go‘sht mahsulotlari oqsil va temir elementiga boy hisoblanadi. Bularga barcha turdagi go‘shtlar (mol, qo‘y, parranda, baliq go‘shti) kiradi. Shuning uchun bola 7-8 oylik bo‘lganidan boshlab go‘sht iste’mol qila boshlashi kerak. Mosh, loviya, no‘xat, yasmiq (chechivitsa) kabi dukkaklilar esa o‘simlik oqsillariga boy bo‘lib, ularning organizm tomonidan o‘zlashtirilishi oson. Bola taomnomasidagi bunday mahsulotlar ham albatta pediatr bilan maslahatlashgan holda berilishi kerak. Chunki, ular allergiyaga moyil bemorlarda xastalikni kuchaytirib yuboradi. Organizmda oqsilning yetishmasligi natijasida kamqonlik, vazn kamayishi, immunitet pasayib ketsa oqsilning yetishmasligi natijasida tez-tez turli kasalliklarga chalinish, xotiraning susayishi, juda og‘ir holatlarda esa shishlar paydo bo‘lishi ham uchraydi.
V6 vitamini tanqisligi esa aminokislotalarning sintezini susaytirib, ularni to‘qima hujayralariga yetkazib bera olmaydi. To‘qimalarning kislorod bilan ta’minlanishi buziladi. Uglevodlar energiya manbai hisoblanadi. V6 vitamini tanqisligi esa uglevodlarning energiyaga aylanishiga to‘sqinlik qiladi. Qon ishlab chiqarish jarayonini susaytirib, qonni quyuqlashib qolishiga sabab bo‘ladi.
V12 vitamini yetishmovchiligi natijasida hujayra va to‘qimalarning ko‘payish, asab tolalarida impulslarning o‘tkazish xususiyatini susayishiga olib keladi. Barcha turdagi modda almashinuvi pasayadi. Asab tolalarning yallig‘lanishi va ularning og‘riqqa bo‘lgan sezuvchanligi kuchayadi. Qon hosil qiluvchi tizim faolligi pasayadi.
Noto‘g‘ri ovqatlanish xastalikka sabab bosh omil
Bolaga har kuni faqat bir xil uglevodlardan iborat ovqatlar berilsa go‘dak haddan tashqari semirib, xomsemiz bo‘lib qoladi. Bunga shirin choyga non to‘g‘rab berish, shakarli shirguruch, manniy bo‘tqasi, makaronli ovqatlar, me’yoridan ortiqcha qandolat mahsulotlari kabilar kiradi. Semiz bolalarda nafas yo‘llari kasalliklariga chalinishga moyillik ko‘p kuzatiladi. Ularda kasallik ko‘pincha og‘ir shakllarda va asoratli o‘tadi. Ba’zi onalar ko‘pincha buvijonlar ham bolaning qorni to‘q bo‘lsa ko‘proq uxlaydi va tezroq semiradi degan maqsadda unga pishgan dumba yog‘ini shimdirib qo‘yishadi. Yoki yumshoqqina deb shu yog‘ga qilingan atala berishadi. Esingizda tuting aziz ota-onalar! Dumba yog‘ini hazm qilish nafaqat go‘dak vujudiga balki kattalarning organizmiga ham og‘irlik qiladi.
Me’da va o‘n ikki barmoq ichakning yallig‘lanishiga yuqorida aytib o‘tilgan sabablar bilan bir qatorda ovqatlanishning sifat va hajm jihatidan buzilishi ham asosiy o‘rinda turadi. Bularga yog‘li, achchiq, qovurilgan, dudlangan, marinadlangan (sirkali) oziq-ovqat mahsulotlari, “chips”, “kiriyeshka”, haddan tashqari issiq yoki sovuq ovqatlar, turli sun’iy bo‘yoqli gazli ichimliklarni iste’mol qilish kabilar kiradi. Undan tashqari ovqatdan keyin ichilishi kerak bo‘ladigan dori vositalarini och qoringa va nahorga ichish ham ushbu kasalliklarning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Ya’ni, aspirin, paratsitamol, gormonlar, antibiotiklar va boshqa shu kabi dori vositalari.
Shuning uchun dori-darmonlarni qaysi paytda ichish lozimligini aniq bilib olib shunga rioya qilsangiz me’da yallig‘lanishining oldini olgan bo‘lasiz. Bolada oziq-ovqatlarga allergiya bo‘lishiga qaramasdan allergiya chaqiruvchi ovqatlarni yoki sitrus mevalarni iste’mol qilishga undash ham me’da kasalligini keltirib chiqaradi. Agar me’da-ichak tizimidagi yallig‘lanishga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, parhezni buzish davom etilaversa bemorda bunday holat me’da-ichak yarasi kasalligiga ham o‘tib ketish ehtimoli yo‘q emas.
Zulxumor UMARNAZAROVA,
tibbiyot fanlari doktori