BOLALARIMIZ TARBIYASI ISHONCHLI QO‘LLARDA
– Qizim, kel senga zo‘r she’r o‘rgataman.
– Xo‘p, oyijon.
– Avval meni eshit, keyin so‘zma-so‘z qaytarasan:
Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh mehribon…
– Oyi, bu she’r emas, bu O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi. Men uni allaqachon yod olganman, aytib beraymi?
Besh yoshli qizim bilan bo‘lgan aynan shu suhbatdan keyin men ancha payt hayajonlanib yurdim. O‘tgan yili – to‘rt yoshli shu bolaga davlat madhiyasini o‘rgatmoqchi bo‘lgandim, so‘zlar murakkablik qiladi, deb o‘ylab o‘rgatishni bir oz orqaga surgandim. Bu yil esa o‘rgatishimga hojat qolmabdi.
Sir emas, ba’zida maktabgacha ta’lim muassasalari haqida gap ketganda e’tirozli mulohazalarga duch kelamiz. Go‘yo tarbiyachilar bolaga nisbatan ancha qattiqqo‘l, hamma bolaga birdek e’tibor berishmaydi va hokazo. Ammo men bir yildan ziyod vaqt mobaynida ikki bolamni maktabgacha ta’lim muassasasiga topshirib, hali biror marta norozi bo‘lmadim. Qaysidir onalarning e’tiroziga sabab bo‘ladigan “go‘yo…”lar bizda hali uchramadi: na bolam uchun ortiqcha pul berdim, na e’tiborsizlikdan bolamni kasal ko‘rdim. Aksincha, mehnat ta’tili tufayli farzandlarimni bir hafta bolalar bog‘chasidan olib qolganimda, amin bo‘ldimki, har ikkalasi ham u yerni sog‘inishdi. O‘zi tengilarning davrasi har qanday bola uchun eng yaxshi muhit. Uy bilan maktabgacha ta’lim muassasasining asosiy farqi nazarimda, erkinlikda. Bu esa tartib doirasida bo‘lishi maqsadga muvofiq. Xullas, besh yoshli bolani tarbiyalashda davlat madhiyasini o‘rgatishni-da amalga oshirishgan ekan, ona sifatida tarbiyachilarga qoyil qoldim.
To‘g‘ri-da, bola ertak eshitib katta bo‘lsin, ertakda hikmat ko‘p, mehr bor, fazilatlarga o‘rgatadi, deymiz, ammo har kuni bolamizga ertak o‘qib yoki aytib berishga vaqt topa olamizmi? Na ona, na ota bolasiga har kuni ertak o‘qib berishni o‘zining vazifasi deb biladi?! Tartibli bo‘lishi uchun bolamizga “qattiqqo‘llik qilayotgan” muassasa tarbiyachilari o‘qib berayotgan yangi-yangi ertaklar esa ba’zi ota-onalarni qiziqtirmaydi ham…
Bolalarni tarbiyalash va parvarishlashda tasanno aytishimga sababchi bo‘lgan bolalar bog‘chasi oddiygina maktabgacha ta’lim muassasasi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 418- maktabgacha ta’lim muasasasi mudirasi Zebo opa Dadayeva boshchiligida faoliyat yuritayotgan ushbu maskanda bolalar aytish mumkinki, doimo e’tiborda. Jami to‘qqizta guruhda tarbiyalanayotgan bolalarga biriktirilgan tarbiyachilar ham, enaga-yu, yordamchi tarbiyachilar ham birdek tartibli va bilimdon. Jumladan, Feruza Teshaboyeva, Ma’rifat Xojiberganova, Galina Yarmuxammedova kabi tarbiyachi-murabbiylar aynan katta malaka tufayli bola ko‘nglini ko‘zidan anglaydigan darajaga yetishgan.
Dastlab farzandlarim ushbu maskanni yaxshi ko‘rishini o‘zimning kamchiligimga yo‘ydim: parvarishimda, e’tiborimda sustlik bormikin, shuning uchun bolalarim bog‘chaga intilishayaptimikin, deb o‘yladim. Kuzatsam, boshqa bolalar ham bolalar bog‘chasiga xursand bo‘lib, sog‘inib kelishadi. Barcha bolalarga birdek yoqyaptimi, demak, rostdan ham muhit yaxshi. Chunki, bolani aldash mumkin, ammo bola aldamaydi. Bolalarimiz tarbiyasi ishonchli qo‘llarda ekan, Vatan ravnaqi yo‘lida olib borayotgan mehnat faoliyatimiz unumli va samarali bo‘ladi.
Feruza Quvonova,
jurnalist