Kitobga mehr – hayotga zavq

Kitob – insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri. Taraqqiyotning bugungi darajaga yetib kelishida kitobning o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Xususan, biz yoshlarning ma’naviy olamimizni boyitishda, ezgulikka, katta orzu-maqsadlar sari yetaklashda kitob bebaho vositadir.

Har bir odam – yoshmi, keksami, umri davomida kitob bilan doimiy munosabatda bo‘ladi, u bilan oshno tutinadi. Darhaqiqat, kitob bizning do‘stimizga aylansagina hayot yo‘llarida qoqilmaymiz. Boisi, hayot haqidagi keng qamrovli fan ham kitoblarda jamuljamdir. Shu kabi fikrlar atrofida mulohaza yuritish uchun Toshkent estrada sirk kollejining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mehriniso Xolmurodovani suhbatga tortdik.

– Bugungi kunda bizning tengdoshlarimiz bo‘lgan aksariyat yoshlar gazeta va kitoblarni tobora kam o‘qiyotgani hech kimga sir emas. Buning sabablari nimalar bilan bog‘liq deb o‘ylaysiz?

– Bugun hayot sur’ati nihoyatda tezlashib bormoqda. Ongimiz bazan jamiyatdagi o‘zgarishlarni, yangilanishlarni qabul qilishga ulgurmayapti desak, xato bo‘lmaydi. Mana shunday murakkab vaziyatda aslida odamlarga kitob har qachongidan ham zarur va kerakli bo‘lib bormoqda. Chunki kitob odamga hayotni, yashashni, qanday yo‘l tutishni, qaysi yo‘ldan borishni o‘rgatadi. Kitob oqni qoradan, to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajratib borish borasida ahamiyati va qimmatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan, bir umrga tatirli saboq beradi. Murakkab ijtimoiy vaziyatda insonni, uning qalbi va ongini tarbiyalaydi.

Ayni paytdagi tezkor va shiddatkor zamonda bir toifa yoshlarning kitob o‘qimasligi, mutolaadan uzoqlashishning sababi, bugungi davrda axborot texnologiyalarining yuksak darajada, jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani bilan ham bog‘liq, albatta.

– Siz ta’lim berayotgan nufuzli kollejda o‘quvchilarning mutolaaga, kitob olamiga munosabati qanday?

– Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardimki, bizning kollejimiz o‘quvchilari doimiy ravishda kitob mutolaa qiladi. O‘tgan yillarda ta’lim muassasamizda 5-6 marta turli darajada kitob savdolari tashkil etildi.

Kollejimizda kitob mutolaa qilish uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgan. Kutubxonamiz katta, kitoblar ham ko‘p. Kollejda bir necha bor “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan “Eng faol kitobxon” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilgan.

– Kollej o‘quvchilarining davriy matbuot nashrlari va badiiy adabiyotlarga bo‘lgan talabini qondirish borasida qanday imkoniyatlar mavjud?

Яна ўқинг:  “Ёрдамларингизни дариғ тутманг...”

– Bizning kollejimizda yoshlar uchun qiziqarli va zarur bo‘lgan barcha gazeta va jurnallarga muntazam obuna bo‘lish yo‘lga qo‘yilgan. Zarur hollarda dars va mashg‘ulotlar jarayonida badiiy adabiyotlar materiallaridan samarali foydalaniladi.

– O‘zingiz kitobsevar o‘quvchilaringizga mutolaa uchun so‘ngi marta tavsiya etgan adabiyotlaringiz qaysi?

– O‘quvchilarimizga O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Shukur Xolmirzayev, Tohir Malik, Muhammad Yusuf kabi yozuvchi va shoirlarning asarlarini tavsiya qilamiz.

Yaqinda kollejimizda keng miqyosda kitob yarmarkasi o‘tkazildi. Kitobsevar o‘quvchilarimiz milliy adabiyotimizga mansub “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabi ajoyib kitoblarni katta xursandchilik va mamnuniyat bilan sotib olishdi.

Bundan tashqari, yosh shoir va adiblarning asarlari ham yarmarkada e’tiborsiz qolmadi. Aksincha, katta ishtiyoq bilan xarid qilindi.

– Tajribali pedagog sifatida o‘quvchi yoshlar yoshiga qarab badiiy adabiyotni o‘qishi kerak, degan mezon va shartga qanday qaraysiz?

Albatta, inson hayotida har bir davrning o‘z kitob va asarlari bo‘lishi kerak. Yoshlarimiz nafaqat yoshiga, balki qiziqishlariga ham mos adabiyotlar topib o‘qisa, bu ularning bilimi, dunyoqarashi va iqtidori yanada o‘sishiga katta ozuqa beradi. Shu qoidaga rioya qilingandagina o‘g‘il-qizlarning ma’naviy olami yanada boyiydi va kengayadi.

Afsuski bugungi kunda yoshlarimizning tarbiyasiga ongi va tafakkuriga salbiy ta’sir o‘tkazadigan kitoblar ham yo‘q emas. Bunday kitoblar ba’zi bir mas’uliyatsiz muallif va noshirlarning sa’y-harakati bilan paydo bo‘ladi. Ular globallashuv jarayoning maxsuli bo‘lmish “ommaviy madaniyat”ning belgi va xususiyatlarini targ‘ib qilishi mumkin.

Biz, pedagoglarning asosiy vazifasi – ana shunday zararli kitoblardan yoshlarimizni ehtiyot qilishimiz, bu borada ularga maslahatchi va ko‘makchi bo‘lishimiz kerak.

Men o‘quvchi yoshlarga ko‘proq kitob mutolaa qilishlarini tilayman. Chunki har bir kitob insonga yangi-yangi hissiyot va taassurotlar berishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

O‘zDJTU talabasi Muhammadsodiq TO‘RAYeV suhbatlashdi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: