Aliment to‘lash majburiymi?
Mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shunday bo‘lsa-da, bola tarbiyasidagi eng katta mas’uliyat va sa’y-harakatlarning asosiy qismi ularning ota-onalari zimmasiga to‘g‘ri keladi. Ular o‘z farzandlarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti to‘g‘risida, shuningdek, ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya etilishi haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko‘ra ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Shuningdek, mazkur moddada davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash hamda o‘qitishni ta’minlaydi, deb ko‘rsatilgan bo‘lib, qonun normasi mazmunidan ota-ona zimmasidagi vazifa majburiy xarakterga ega ekani anglanadi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96-moddasiga muvofiq ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Buni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Qonunchilikda davlat tomonidan amalga oshiriladigan ijtimoiy ta’minot borasidagi ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga “nafaqa” so‘zi ishlatiladi. Aliment majburiyatlari esa faqat oila a’zolari o‘rtasida, ya’ni oilaviy-huquqiy munosabatlardan vujudga keladi.
Oila kodeksining 98-moddasiga binoan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidir. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv (aliment miqdori, shartlari va to‘lash tartibi) aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs bilan aliment oluvchi o‘rtasida tuziladi. Agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, kelishuv uning qonuniy vakili bilan tuziladi. Oila kodeksining 131-moddasiga muvofiq aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Aks holda kelishuv haqiqiy hisoblanmaydi.
Notarial tartibda tasdiqlangan bu kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega bo‘ladi va majburiy ijro etiladi.
Oila kodeksining 132-moddasiga ko‘ra aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv taraflarning o‘zaro roziligi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Bu ham yozma ravishda amalga oshirilib, notarial tartibda tasdiqlanishi zarur.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oila kodeksining 135-moddasida ixtiyoriy aliment to‘lash tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra aliment to‘layotgan shaxs alimentni ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki o‘z arizasiga ko‘ra ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablag‘ olayotgan joyida to‘laydi.
Alimentning ixtiyoriy ravishda to‘lab turilishi aliment oluvchini aliment undirish haqidagi da’vo yoki ariza bilan xohlagan vaqtda sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Oila kodeksining 136-moddasiga muvofiq, aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Mazkur shaxs nizo bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli bo‘lib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida ko‘rib chiqiladi.
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.
Agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilgani, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmagani sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
Bola og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va shunga o‘xshash holatlar yuz berganda, uning ta’minoti uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishi mumkin. Ota-ona bunday qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.
Agar aliment to‘lovchi qo‘shimcha xarajatdan bosh tortsa, sud uning oilaviy va moddiy ahvolini inobatga olgan holda, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarning to‘liq ta’minotida bo‘lsa sud aliment to‘layotgan ota (ona)ning moddiy ahvolini hisobga olib, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirishi yoki butunlay ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Bundan tashqari aliment to‘layotgan ota (ona) nogiron bo‘lib, moddiy tomondan qiynalib qolsa yoki aliment olayotgan tomon mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda ham sud aliment miqdorini kamaytirishi mumkin. Shuni yodda tutish shartki, aliment miqdorini kamaytirish yoxud aliment to‘lashdan ozod qilishga asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilgandan so‘ng manfaatdor tomon qonunda ko‘rsatilgan miqdorda yana aliment undirishni talab qilib sudga murojaat etishga haqli hisoblanadi.
Dilnoza ADILOVA,
advokat