Mahalla bilan sirlashib

Qat’iyatli, dadil, yoshi ulug‘ bo‘lsa ham harakatchan, o‘z ishiga puxta, to‘g‘riso‘z bu onaxonni mahallada hamma taniydi. U butun vujudini, fikri-o‘yini, oromini shu el orzu-umidlari, intilishlari ro‘yobiga kamarbasta qilayotgan ayol. O‘zini mahalla deb atalmish go‘shaga bag‘ishlab, ana shu go‘shani tinch-osoyishta, ozoda va go‘zal zaminning ibratli bir bo‘lagiga aylantirish uchun butun kuch-g‘ayratini sarflayotgan onaxon.

Toshkentning Yunusobod dahasidagi “O‘zbekiston Mustaqilligi” deb atalmish mahallaning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Bo‘ston opa Muhammedjanova bilan uchrashib, mahallaning faollari bilan suhbatlashib xayolimizdan ana shunday fikrlar o‘tdi. Maslahatchi bo‘lish uchun avvalo o‘zi, oilasi, kelini, farzandlari va nevara-chevaralari – hamma-hammasi ibratli bo‘lishi kerak.

Bo‘ston opa foliyatini ana shu o‘lchamlar bilan sarhisob qilinganda, ishonch bilan aytish mumkinki, uning o‘zi va oilasi barchaga namuna bo‘la oladi. Katta o‘g‘li Bahrom o‘z kasbini puxta egallagan, o‘ta savodli va talabchan bank xodimi, katta qizi Gulora huquq-tartibotni, ish yuritishni, tarjimonlikni puxta egallagan mas’uliyatli xodima, Zilola ingliz tilini mukammal biluvchi ustoz, kelini Durdona kamgap, ozodalikni shior qilib olgan, tartibli oilaparvar, sarishtali ayol. Nevaralar – Bekzod, Hasan va Husanlar akademik-litsey hamda poytaxtdagi 97-maktabning a’lochi o‘quvchilari. Bu oilada hamma ishlaydi va o‘qiydi. Faqat bilim va o‘qish bilan ko‘zlangan maqsadga erishish mumkinligini 70 yoshga kirayotgan bo‘lsa ham tinib-tinchimaydigan Bo‘ston opaning oilasi faoliyati misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Aslida bu oilaning ana shunday shakllanishida marhum Habibulla otaning ham munosib hissasi, o‘ziga xos ulushi bor.

– Bizning mahalla faxrli “O‘zbekiston mustaqilligi” nomi bilan ataladi. Shu sababli bu go‘shada yashayotgan barcha – kichik bolakaydan tortib, ulug‘ insonlargacha, hamma ana shu nomga munosib bo‘lishga intilmoqda. Biz mahallamiz fuqarolar yig‘ini raisasi Mavluda Hakimova, xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi Malika Tolipova, posbon Najmiddin Eshmirzayev va faollar bilan birgalikda mahallamizni namunali go‘shaga aylantirish uchun tinmay harakat qilmoqdamiz.

Mahalla oqsoqoli va faollarimizning rejalari katta. Ular shu yil oxirigacha mahallamizning kiraverishiga go‘zal bir darvoza barpo qilish niyatida. “Eng ibratli turar-joy”, “Eng go‘zal va ozoda yo‘lak”, “Namunali oila” singari ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib, mahallaning har tomonlama mukammal go‘shaga aylantirish uchun kurashmoqdamiz. Bu mahalla – bolajon mahalla. Shu zamindagi turar-joylarning har bir xonadonida kamida 2-3 tadan, ayrimlarida 5-6 tadan o‘g‘il-qiz bor. Keksa-yu yoshning, bolalarning maroqli hordiq chiqarishlari, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Mahalladagi sport maydonchasida aholi futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka bilan shug‘ullanadi. Bolalar o‘yingohida esa jajjilar miriqib o‘ynashlari uchun o‘zlariga mos anjomlar o‘rnatilgan.

Yana o‘qing:  MILLIY QADRIYATLAR YOSHLAR NIGOHIDA

Mahallada nafaqat poytaxtda, balki respublikamizda ham tanilgan insonlar istiqomat qilishadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, respublika Badiiy akademiyasining akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi, haykaltarosh Ilhom Jabborov, filologiya fanlari doktori, professor Erkin Xudoyberdiyev, “El-yurt hurmati” ordeni sovrindori Egamnazar Qodirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Jabbor Razzoqov va Safar Ostonovlar… Bunday insonlar mahallada o‘nlab. Ularning har biri o‘ziga xos maktab yaratgan ustozlar, murabbiylar.

Bu yil – Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan bir necha tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. “Vatan himoyachilari kuni” va “Navro‘z” umumhalq bayramlari munosabati bilan “davra suhbatlari” va uchrashuvlar o‘tkazildi, dasturxon yozilib, oshlar tortildi. Kam ta’minlangan oilalarga, yolg‘iz keksalarga homiylar biriktirilib, moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Biz O‘zbekistonimizdek – go‘zal Vatanimiz ichidagi kichik vatan – “O‘zbekiston mustaqilligi” mahallasi va uning fidoyi insonlari timsolida, maslahatchi Bo‘ston aya Muxamedjanovaning serqirra, sertashvish faoliyati haqida qisqacha hikoya qildik. Bu insonlarning ham quvonchli, ham tashvishli ishlari haqida kattagina kitob yozsa arziydi.

Feruza RAZZOQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: