O‘pkadan tashqari sil haqida nima bilasiz?

Ftiziatr bilan hamkorlik – bu xastalikka o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yish imkoni

Bemorga sil yuqqanda tananing hamma a’zo va tizimlari shikastlanishi mumkin. Chunki, bu xastalikning shakl va klinik-morfologik ko‘rinishlari ko‘p qirrali, umumiy kelib chiqish sabablari bir xil kasallikdir. Sil faqat o‘pkada emas barcha a’zolarda uchrashi aniqlangan. O‘pkadan tashqari sil ko‘pincha buyrak, suyak-bo‘g‘im, peshob-tanosil, qorin bo‘shlig‘i a’zolari, limfa tugunlarida bo‘lishi mumkin. Bunday ko‘rinishdagi kasallik ko‘pincha klinik jihatdan yashirin holatda kechadi. Xastalikka to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun faqat eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar zarur. Jumladan, ultratovush tekshiruvi usullarini qo‘llash yaxshi samara beradi.

Sil tayoqchalari organizmga tushgandan so‘ng yashovchanligini uzoq vaqt saqlab qoladi. Oradan ko‘p yillar o‘tib, immunitet tushib ketgan organizm uchun noqulay shart-sharoitlar ta’sirida o‘pka, buyrak, limfa tugunlari, qorin bo‘shlig‘i a’zolari, teri, markaziy asab tizimi va boshqa a’zolarda sil rivojlanishi mumkin.

O‘pkadan tashqari sil epidemik holatning rivojlanishida ham ahamiyatga ega.

Uning tashxisi murakkab. Xastalikni zamonaviy asbob-uskunalardan foydalangandagina o‘z vaqtida aniqlash mumkin. Hozirgi vaqtda rentgen va radiologik usullardan tashqari tibbiy tasvirlarni yangi usullar bilan tekshirish keng qo‘llanilmoqda. Kompyuter va magnit-rezonans tomografiyasi, ultratovush tekshiruvi shular jumlasidan. Zararsizligi, yuqori ko‘rsatkich berishi, nisbatan arzonligi, ko‘p marotaba tekshirish imkoni borligi bilan ultratovush tekshiruvi tezda tibbiyotning hamma sohalariga, shu jumladan, ftiziatriyaga ham kirib keldi.

Yurak, qon-tomir, qorin bo‘shlig‘i a’zolari, buyrak va tanosil a’zolari, endokrin bezlari, suyak-bo‘g‘im va limfa tizimi kasalliklarini tekshirishda ultratovush tekshiruvi katta imkoniyatlar ochib beradi.

Ma’lumot uchun shuni aytib o‘tish joizki, o‘pkadan tashqarida uchraydigan sil Yevropa mamlakatlarida 25 foiz, AQSHda 30 foiz, Kanadada 50 foizni tashkil qilgan.

Bu kasallik o‘pkadan boshqa a’zoda ekani o‘z vaqtida aniqlanmasa, bemor boshqa kasallikning tashxisi bilan noto‘g‘ri muolaja olib yuraveradi. Chunki, tashxisi to‘g‘ri qo‘yilmaganligi tufayli davolanish foyda bermaydi. Ba’zi bemorlar piyelonefrit, sistit, buyrak-tosh kasalligi va boshqa tashxislar bilan uzoq vaqt urologda davolanib yurishadi. Biroq, ularning davolanishlaridan hech bir samara bo‘lmaydi. Yetuk mutaxassis zamonaviy uskunalar yordamida bu bemorda aslida buyrak sili borligini aniqlaydi. Bemor shu tashxis asosida muolaja qilingandagina tezda shifo topadi.

Yana o‘qing:  Mavsumiy xavfli kasalliklar

Xuddi shunday erkak va ayol peshob-tanosil a’zolari silida bemorlar uzoq yillar davomida androlog va ginekologda bepushtlik bilan samarasiz davolanib yurishadi. Suyak-bo‘g‘im tizimi silida bemorlar osteoxondroz, umurtqa churrasi, oqma yaralar bilan travmatolog, nevropatolog va jarrohlarda samarasiz davolanadilar. Qorin bo‘shlig‘i a’zolari silida bemorlarda ko‘richak, me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, ichak tutilishi va boshqa tashxislar bilan jarrohlik muolajalari o‘tkazilgan hollar aniqlangan. Bemorlar ahvoli yomonlashgachgina silga qarshi dispanserlarga yuboriladi. Tashqi limfa tugunlar sili bilan bemorlar ko‘pincha onkologlarda samarasiz davolanadilar.

Hozirgi epidemiologik ahvol va sil xastaligining klinik kechishi natijasida o‘pkadan tashqari sil shakllari ko‘payib boryapti. Buyrak, tanosil a’zolari, suyak-bo‘g‘im tizimi a’zolari, limfa tugunlari sili, qorin bo‘shlig‘i a’zolari sili shular jumlasidandir.

Markazimizda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib o‘pkadan tashqari a’zolardagi silni erta aniqlashda ultratovush tekshiruvi keng qo‘llanilyapti. Bu usul yordamida buyrak, erkak va ayol peshob-tanosil a’zolari, limfa tugunlari, qorin bo‘shlig‘i a’zolaridagi destruktiv yemirilishlar tezda aniqlanib o‘z vaqtida asoratlarsiz davolanadi.

Mirazim HAKIMOV,

Respublika Ftiziatriya va pulmonologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi katta ilmiy xodimi,

tibbiyot fanlari nomzodi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: