Har dardning shifosi bor
yo‘g‘on ichak saratoni kasalligi va uning davoci xususida
To‘g‘ri va yo‘g‘on ichak kasalliklari aholi o‘rtasida ko‘p tarqalgan xastaliklardan biri hisoblanadi. Oxirgi vaqtlargacha ichak kasalliklari (bavosildan boshlab saratongacha) umumiy jarrohlar va gastroenterologlar tomonidan davolanar edi. So‘ngi 20 yilliklarda holat o‘zgarib, bu xastaliklarga chalingan bemorlarni davolash ishlari koloproktolog-mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda. Buning sababi to‘g‘ri va yo‘g‘on ichakning anatomik tuzilishi, uning fiziologiyasi, tekshirish uslublarining o‘ziga xosligi va ularning yildan-yilga murakkablashib, takomillashib borayotganligidir.
Hozirgi kunda deyarli har bir poliklinikada koloproktolog xonasi mavjud bo‘lib, respublikamizning deyarli har bir shahrida malakali mutaxassislar – koloproktologlar faoliyat yuritmoqda.
Koloproktologga o‘z vaqtida murojaat etish, to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak kasalliklarini, asosan saraton kasalligining oldini olish va davolashda muhim ahamiyatga ega.
To‘g‘ri va yo‘g‘on ichak saratoni hozirgi kunda bu xastaliklar ichida eng ko‘p tarqalgan. U me’da-ichak tizimidagi saraton kasalliklari ichida me’da saratonidan keyin 2 – o‘rinda turadi. Afsuski, respublikamizda bu kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar xastalikning boshlang‘ich davrlarida emas balki asoratlangan, kechki bosqichlarida mutaxassislarga murojaat etishadi.
Buning asosiy sabablaridan biri ko‘pchilik fuqarolarimizda haddan tashqari uyatchanlik va andisha hissining ustunligi shuningdek, bu kasallik haqida ma’lumotning yetishmasligidir.
To‘g‘ri ichak saratonini keltirib chiqaradigan sabablar ko‘p. Lekin asosiy sabablardan biri qabziyat, atrof-muhitdagi salbiy ta’sirlar, oziq-ovqat tarkibi va undagi kanserogen(rakni keltirib chiqaruvchi) moddalar, to‘g‘ri va yo‘g‘on ichakning har xil surunkali xastaliklari (kolitlar) va irsiy moyillik hamdir.
Qabziyat asosan rivojlangan mamlakatlar aholisi kasalligi hisoblanib, to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Chunki, qabziyatda qattiq najas massalari yo‘g‘on va to‘g‘ri ichakda uning anatomik, fiziologik xususiyatiga ko‘ra to‘planib, to‘g‘ri ichakdan axlatning chiqishi buzilib, hojat vaqtida anal (orqa chiqaruv teshigi) kanali devorining shikastlanishiga, uning surunkali xastaligiga olib keladi. Qabziyat asosan oziq-ovqat tarkibida hayvon yog‘i, oqsillar miqdorining ko‘pligi, shuning bilan birga meva-sabzavot, o‘simlik mahsulotlarining kamligi natijasida kelib chiqadi. Ich qotishi(qabziyat)ni davolash, uning oldini olish, ichakning ko‘p xastaliklari, shuning bilan birga saratonning oldini olish demakdir.
Tadqiqotlarga ko‘ra vegetirianlarning parhez taomlari yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak rakining oldini olar ekan. Chunki, vegetirianlar umuman baliq va hayvon go‘shtlari, sut va uning mahsulotlarini hamda tuxum iste’mol qilishmaydi.
Organizmning oqsillarga bo‘lgan ehtiyojini ular dukkakli mahsulotlardan tayyorlangan taom va salatlar hamda bug‘doy, jo‘xori, tariq, suli, arpa kabi donli mahsulotlar hisobiga qondirishadi. Ayniqsa, go‘sht mahsulotlarini ko‘p iste’mol qiluvchi hamda surunkali ich qotish (qabziyat) xastaligi bilan og‘rib, o‘z vaqtida davolanmagan bemorlarda bu a’zolar saratoni rivojlanish xavfi yuqori bo‘lar ekan.
Agar sizda tez-tez charchash, ko‘ngil aynishi, ozish, hojat vaqtida qon kelishi, qabziyat, kamqonlik, anal sohasida og‘riqlar paydo bo‘lsa koloproktologga murojaat etish zarur.
To‘g‘ri va yo‘g‘on ichak saratoni asosan 50 yoshdan oshgan shaxslarda uchraydi. Shuning uchun shu yoshdan katta shaxslar bir yilda 1 marta, hech qanday shikoyatlari bo‘lmasa ham koloproktologga murojaat etishlari kerak. Chunki, to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak kasalliklari hech qanday belgisiz boshlanib, ancha vaqt o‘tib asoratlari paydo bo‘lganidan keyingina bemorlarda shikoyatlar paydo bo‘ladi. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali xizmat saraton kasalligining oldini olish va davolashning asosiy omili hisoblanadi.
To‘g‘ri va yo‘g‘on ichak kasalliklarida taomnomaga e’tibor berish muhim ahamiyatga ega. Agar bu bemorlar statsionar sharoitda davo olayotgan bo‘lishsa maxsus parhez buyuriladi. Bemorlarga bu holatlarda, ayniqsa, jarrohlik usuli bilan davolanishga tayyorlanayotgan bemorlarning taomnomasida quyidagilar ta’qiqlanadi. Ya’ni, non mahsulotlari, go‘sht, meva va sabzavotlar. Agar bemorlar terapevtik usul bilan davolanayotgan bo‘lsa ratsionda ta’qiqlanadigan mahsulotlar quyidagilar: qovurilgan, o‘tkir ziravorli taomlar, gazli va spirtli ichimliklar. Bemorlarga parhez taomlar va kam yog‘li go‘shtlar (parranda go‘shti, yog‘siz mol go‘shti, quyon go‘shti, baliq), shuningdek, bemorga meva va sabzavotlar, o‘simlik yog‘idan tayyorlangan ovqatlar tavsiya qilinadi.
Yosh bolalar va o‘spirinlarda to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak kasalliklari bir muncha kam uchraydi. Ayniqsa, saratonning bu turi ahyon-ahyonda kuzatiladi. Yoshlarda saraton kasalligi bir muncha jadal kechadi. Shuning uchun ularda xastalikka erta tashxis qo‘yish alohida ahamiyatga ega. Bu yoshdagi xastalarga qo‘llaniladigan davolash usullari deyarli katta yoshdagi bemorlarnikidan farq qilmaydi. Kasallikka erta tashxis qo‘yilsa va vaqtida davolash muolajalari o‘tkazilsa bemorlar to‘liq tuzalib ketadi.
Sulaymon ABDUJABBOROV,
Respublika Onkologiya ilmiy markazi koloproktologiya bo‘limi ilmiy rahbari,
tibbiyot fanlari doktori, professor.