BIRINCHI O‘QITUVCHI
uning tajribasi bola kelajagini belgilaydi
O‘z mehnatiyu, bilimini sarf etib kelajagimiz egalari – farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustozlarning o‘rni beqiyos. Zero, ularning sa’y-harakati tufayli yoshlarimizning fikri teran, zakovati yuksakdir. Boshlang‘ich sinfga saboq berib kelayotgan Mastura opa Qodirova ham ana shunday o‘qituvchilardan. Mastura opaning o‘quvchilari bilimga chanqoqligidan tashqari izlanuvchanligi, tirishqoqligi, kitobsevarligi bilan ajralib turadi. Shirinso‘z ustoz murg‘ak qalb egalariga sabr-toqat bilan o‘qish-yozishdan tashqari mustaqil fikrlashga, nutqini ravon ifoda etishga, savodini chiqarishga ko‘maklashadi. Ta’lim-tarbiya orqali odob-axloqqa o‘rgatadi, kasb-hunarga qiziqishlarini shakllantiradi. Vatanni sevishga, unga munosib farzand bo‘lishga undaydi.
– O‘qituvchilik kasbiga bolaligimdan qiziqqanman, – deydi Mastura opa. – Bu kasbga mehr uyg‘otgan birinchi o‘qituvchim Muharram opa bo‘ladi. Mana, yigirma uch yildirki poytaxtimizdagi Mirobod tumani 294-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ishlab kelmoqdaman. Bu yerda ko‘p malaka va tajriba orttirdim. Barcha o‘qituvchilar kabi o‘quvchilarga bilim berayotganimdan mamnunman.
Ustoz murabbiyning dars soatlarini kuzatar ekansiz o‘quvchilarga ingliz tilidan saboq berish, ta’lim-tarbiya chog‘ida darslarda AKT, qo‘shimcha adabiyotlardan, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan, shu bilan birga turli xil didaktik o‘yinlardan, interfaol metodlaridan, ko‘rgazma qurollaridan foydalanib kelayotganiga guvoh bo‘lasiz.
O‘quvchilarni darslarga qiziqtirish uchun ularni guruhlarga bo‘lib, musobaqalar o‘tkazib turiladi. O‘z navbatida darsda faol qatnashgan o‘quvchilarni rag‘batlantirib ham boradi. Bu esa o‘quvchilarning keyingi darslarga yanada puxta tayyorgarligini oshiradi. Tajribali pedagog har xil o‘yin tarzidagi savol-javoblarda, musobaqalarda bolaning ichki dunyosini ochib boradi. Mastura opa Qodirova ham bolalarning nimaga ko‘proq qiziqishini anglab yetgandan keyin, aynan shu tomondan yondashib ish olib boradi. Bu esa o‘zining ijobiy natijasini bermay qolmaydi. Pedagogning o‘ziga xos bir an’anasi bor: yosh avlodni yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlarini tashkillashtiradi. Natijada bolajonlar bu uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida she’rlarni yod olishadi, yozuvchining kitoblarini o‘qishadi, asarlaridan sahna ko‘rinishlari tayyorlashadi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning kelajakda hayotda o‘zlarini munosib o‘rinlarini topib, el ardog‘idagi inson bo‘lib yetishishlariga turtki bo‘lsa ajab emas.
Imoratning pishiq-puxtaligi avvalo, uning mustahkam poydevoriga bog‘liq. Farzandlarimizni kelgusida komil inson bo‘lib yetishishlari yo‘lida ustozlarimizning ham o‘rni beqiyos.
MEHRIBONU