Ohanglardan ziyo ulashib
O‘zbek xalqining musiqa madaniyati ko‘p asrlik tarixga ega. Ma’lumotlarga qaraganda, yurtimizda dostonchilik an’analari miloddan avvalgi VI-V asrlardayoq keng taraqqiy etgan.
Manbalarda aytilishicha, “baxshi” so‘zi “ma’rifatchi, ziyo ulashuvchi” ma’nolarini anglatadi. Soddaroq qilib aytganda, u qo‘shiq va dostonlarni yoddan kuylovchi, aytuvchi va o‘z ma’naviy merosini avloddan avlodga yetkazuvchi san’atkordir. Uning shirali ovozi, do‘mbirasidan taralayotgan kuy kishi qalbini beixtiyor to‘lqinlantiradi, junbushga keltiradi. Do‘mbira tilga kirib, ovoz sozga, soz ovozga moyil bo‘lganda qalblar ohanglar asiriga aylanadi. Dimog‘imizga maysalar ifori qorishiq tuproq hidi uriladi. Olis-olislardan otlar dupuri eshitilgandek, chavandozlar qiyqirig‘i olamni tutgandek bo‘ladi. Moviy osmon, bepoyon kengliklar, shovullayotgan daraxtlar, qushlar chug‘uri dillarga zavq bag‘ishlaydi.
Baxshichilik kamdan-kam xalqlarda uchraydigan nodir san’at turlaridan sanaladi. Uning asosi bo‘lmish munis onalarimiz aytgan allalar bilan shuurimizga singan ertagu dostonlar qalbimizda Vatanga muhabbat, mehr-oqibat tuyg‘ularini kamolga yetkazadi. Ayniqsa, faxru g‘ururimizga aylangan “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Rustamxon” kabi ming yillardan beri xalqimiz xotirasida avaylab kelinayotgan xalq dostonlari bizga o‘zligimizni, qanday xalq farzandi ekanligimizni eslatib turadi. Ana shu ma’noda xalq dostonchiligini keng targ‘ib qilish, ularni yoshi avlod qalbiga singdirib borish ishlariga Yurtboshimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunonchi, dostonchiligimizning bebaho yodgorligi bo‘lmish – “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlandi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq 2000 yilning 14 mart kuni “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni ta’sis etildi. “Agarki, xalqimizning qadimiy va shonli tarixi tuganmas bir doston bo‘lsa, “Alpomish” ana shu dostonning shoh baytidir,” deb yozadi Prezidentimiz o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida.
Shu o‘rinda baxshichilik san’ati asrlar davomida o‘zga xos maktab bo‘lib shakllanganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. O‘zbek baxshichilik maktabi uzoq tarixga borib taqaladi. Azaldan ona zaminimizda Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona baxshichilik maktablari shakllanib, sayqal topib kelgan. Necha-necha yillar davomida o‘lmas dostonlarni kuylab kelgan baxshilar el orasida yuksak qadr topgan. Jumladan, o‘z mahorati va favqulodda o‘ta kuchli xotirasi bilan el orasida mashhur bo‘lgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir Nazar o‘g‘li va Po‘lkan shoir kabi baxshilarimiz baxshichilikni haqiqiy san’at darajasiga ko‘targanlar. Aytishlaricha, Po‘lkan shoir yetmishdan ortiq dostonni yoddan bilgan. Shu o‘rinda har bir doston ikki-uch ming satrdan to o‘n-o‘n besh, hatto yigirma ming misragacha she’rni o‘z ichiga olishini hisobga olsak, xalq baxshilarining salohiyati o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi. Bugungi kunda bu yo‘lda ijod qilib kelayotgan O‘zbekiston xalq baxshilari – Shoberdi baxshi Boltayev, Qora baxshi Umirov, Shomurod baxshi Tog‘ayev va Qalandar baxshi Normetovlar ham elimiz ardog‘idagi ijodkorlardandir.
– Baxshichilik menga bobomeros. Bobom Xo‘jam baxshi Qashqadaryo vohasida dong taratgan baxshilardan bo‘lgan. Otam Umir baxshi ham xalq dostonlarini aytib, el-yurt duosi, olqishini olgan. Men ham hozirga qadar “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Kuntug‘mish” kabi xalqimizning sevimli dostonlarini kuylaganimda, butun vujudimda zavqu shavq jo‘sh urayotganini sezaman. Xalqimizning shonli o‘tmishini yurak-yuragimdan his etaman, – deydi hozirda yetmish yoshni qarshilagan O‘zbekiston xalq baxshisi Qora baxshi Umirov. – Farzandlarim, nabiralarim ham hozirda baxshichilik sir-asrorlarini o‘rganmoqda. Bu yil ular safiga chevaram Diyorbekning qo‘shilganidan quvonchim cheksiz.
O‘zbek baxshichilik san’atini yuqorida aytib o‘tganimizdek, besh yo‘nalishga bo‘lish mumkin. Bular Surxondaryo, Qashqadryo, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm baxshichilik maktablaridir. Bulardan dastlabki uch viloyat, ya’ni Surxondayo, Qashqadaryo va Samarqand baxshichilida asosan do‘mbira jo‘rligida yopiq, aniqrog‘i bo‘g‘iq ovozda kuylanadi. Doston o‘rtalarida esa ochiq ovozda voqealar rivoji aytib boriladi. Farg‘ona vodiysi baxshichiligida esa asosan hikoyago‘ylik (voqealarni hikoya tarzida bayon qilish) ustunlik qiladi.
Xorazm baxshichilik maktabida boshqa hududlardan farqli o‘laroq jamoaviy ijrochilik yetakchilik qiladi. Shuningdek, musiqa ohanglari ham turfa xildir. Bu hudud baxshilari faqat do‘mbira bilan emas, balki dutor, g‘ijjak va doira bilan ham kuylashlari alohida ahamiyatga ega.
Sirasini aytganda, o‘zbek baxshichilik san’ati tarixi va rivoji uzoq asrlarga borib taqaladi. O‘tgan davr mobaynida ota-bobolarimiz uni o‘lmas madaniy meros sifatida qadrlab kelishdi va shu orqali xalqimiz tafakkuridagi insoniylik, mardlik, o‘z eliga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirib kelishgan. Shu sababdan baxshi va oqinlar odamlar orasida ma’rifat va ezgulik tarqatuvchilar sifatida ulug‘langan. Prezidentimiz 1999 yil Termiz shahrida “Alpomish” dostoni yaratilganligining 1000 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda aytib o‘tganidek, “Baxshi-shoirlar o‘z xalqining biyron tilidir. Ular yurtimizda doimo “baxshili el – yaxshili el” deb ulug‘langan”.
Farhod ESHMO‘MINOV