Bola bo‘lib yashash zavqi
“Gulxan” jurnaliga ishga kelgan kezlarimni iliq yodga olaman. Samimiy va beg‘ubor muhitda unumdor tuproqqa o‘tqazilgan ko‘chatdek tez moslashganman. Har tong ishga kelganimdanoq ko‘nglimga bolalik nusxa beradi. (Aslida ham bolalar nashridagi muhit shunday bo‘lishi kerak). Mirvosil aka xona eshigidan bosh suqadi. Bolalarcha imo bilan hazilomuz “o‘dag‘aylaydi”:
– Kim bugun boshiga shapka kiyib kelmadi?
– Mana shu to‘polonchi, – deydi bolalarcha takalluf bilan meni ko‘rsatarkan Muhabbat opa Hamidova.
– Muhab, bu quloqsiz bolani burchakka turg‘izib qo‘y!..
Salom-alik har kuni shunday ibratli “sahna ko‘rinishi”dan boshlanadi. “Gulxan”dagi “bolakay”larning sho‘xi ham, shaddodi ham Muhabbat Hamidova edi. Hozirjavob, xalq og‘zaki ijodi – maqolu matallarga chechan opa suhbatda munozara tug‘ilsa, chapani maqol bilan izoh berardi. Shu bois doimo Mirvosil aka Odilov “Muhab, o‘zing bir narsa aytib yubor”, deguvchi edi…
Hayotning pastu baland yo‘llaridan oshiqib borayotgan inson ba’zan o‘zini horigandek his etadi. Yo jismi jonida ozgina betoblikni sezsa, mehnat jarayonida biroz g‘ayrati susayganini his qilsa, bolalikning jo‘shqin damlariga qaytishni, bola bo‘lib qolishni xohlaydi.
Bolalik – beg‘ubor olam. Inson umrining ilk pillapoyasi bahor fasli kabi nafosat, iliq harorat, pokizalikdan bunyod etilgan. Goho shaddodlik, goh beg‘ubor araz, shirin iltifot, sodda va bokira nigoh hamisha bolalikka chorlab turadi.
Bolalarning sevimli nashri “Gulxan” jurnalida qirq yil mobaynida mehnat qilib kelayotgan Muhabbat opa Hamidova hamon bola qalbi bilan yashaydi.
Kichkintoyni hayratlantirish oson, ammo uning tarbiyasi nozik. Bolaning beg‘ubor qalbidan joy olish, uningdek o‘ylash, sodda mushohadasini anglash, pokiza nigohini o‘qish va shu zayl unga taqdim etish ijodkordan yuksak iqtidor talab etadi. Bu iqtidorga ega bo‘lish uchun tom ma’noda “bola” bo‘lish lozim. M.Hamidova ana shunday samimiy ijodkordir.
…Tandirdan uzilgan kulchadek bosmaxonadan jurnalning yangi soni ilk nusxalari keladi. Barchamiz quvonib, bir-bir varaqlaymiz:
– Muhabbat opa, – deyman jurnaldagi hikoya yana e’tiborimni tortganida unga ko‘z yugurtirib, – favqulodda topib yozgansiz, ajoyib!
– O‘zi keyingi paytda yomon yozolmay boryapman, – deydi doimgidek hazil bilan.
– Yo‘-o‘q, ayting, biz yozgan maqolalarda ham cho‘g‘ bormi?
– Cho‘g‘ku bor, lekin sizlar “Gulxan”da ishlayapsizlar, demak “gurillatish” kerak!
Chindan “Gulxan” – o‘zbek bolalar adabiyoti va jurnalistikasining qo‘ri. Tahririyatda ko‘plab ijodkorlar toblanib, o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasining ravnaqiga xizmat qilgan. Muhabbat opa bu dargohda ishlashning mas’uliyatini hozirjavoblik bilan uqtirardi.
M.Hamidova uzoq yillar “Gulxan” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. Ko‘plab yosh qalamkashlarga ustozlik qildi. Nafaqat ijodda, balki, hayotda ham maslahatlarini ayamadi. Bugun ham shunday davom etmoqda.
Muhabbat Hamidova mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritdi. Bolalar va kattalar uchun ko‘plab qissa va hikoyalar yozdi. Ayniqsa, “Gazetada surati chiqqan bola”, “Topqirtoy”, “Yangi uch og‘a-ini botirlarning sarguzashtlari”, “Hakka xolaning hangomalari” kabi asarlari kichkintoy o‘quvchilar qalbidan joy oldi. “Aldanganni aldama” qissa va hikoyalari to‘plami barcha yoshdagi o‘quvchilarga birdek manzur bo‘ldi.
Muhabbat Hamidovaning yurt farzandlari ta’lim tarbiyasi borasida qo‘shgan hissasi inobatga olinib “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Muhabbat opa turmush o‘rtog‘i Ravshan aka Tolipov bilan uch o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazdi.
– Bolalar uchun yozgan asarlarimning muallifi aslida farzandlarim, – deydi ustoz ijodkor. – Hamisha qog‘oz qoralashimga ularning xatti-harakati, biyron so‘zlashi va favqulodda tug‘ilgan savollari turtki va ilhom bergan.
Farzandlar ham ulg‘ayib turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil oldi. Ular bugun ota-onasi kabi el-yurtga kamarbasta mehnat qilayotir.
Muhabbat Hamidova esa hamon qaynoq ijod bilan band. “Danagidan mag‘zi shirin” deganlaridek shirindan shakar to‘rt nafar nabira ijodkor buvining hammuallifiga aylangan.
Faxriddin HAYITOV
Muhabbat Hamidova! Bu nom necha yildirki, yosh jurnalxonlar uchun yaxshi tanish. Aslida esa opaning samimiyligi va insoniyligi o‘zidan-da mashhurroq. Yanada qadrliroq va yanada yuksak! Chunki, opa yozgan maqolalar, hikoyalar, bari-bari ana shu samimiyatdan tug‘ilgan!
Jurnalistika sohasidagi faoliyatimni ilk bora “Gulxan” jurnali tahririyatida boshlaganman. O‘sha paytda ikkinchi kursda o‘qirdim. Ham o‘qishga borardik, ham ishlardik. Omon Matjon, Muhabbat Hamidova, Mirvosil Odilov kabi ustoz ijodkorlar, Vasila Po‘latova, Lola Sagatova, Manzura Ubaydullayeva singari o‘z kasbining fidoyilari biz yoshlarni iliq qarshi olar, o‘z farzandlaridek g‘amxo‘rlik ko‘rsatardi. Qornimiz ochsa, darrov, osh-non tutar, egnimiz yupun bo‘lsa, koyir, ko‘nglimiz o‘ksisa yupatar, xullas, ota-ona o‘z jigargo‘shasini qanday asrab-avaylasa, tarbiyalasa, biz bu dargohda shunday bir mehrni, shunday iliq taftni tuyardik.
Sizlar yoshsizlar, ko‘proq mehnat va ijod qilishingiz, hayotda o‘z o‘rningizni topishingiz kerak derdi, Muhabbat opam.
Shu maqsadda, “Gulxan”da faoliyat yuritsam-da, qo‘shimcha tarzda “Turkiston” gazetasida ishlashimga sharoit yaratib bergan edi. Eh-he, bu kabi bag‘rikengliklarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
– Yozgan narsang samimiy va hayotiy bo‘lsin, rasmiy va odatiy so‘zlardan qoch. Qalb harorati va beg‘ubor tuyg‘ular bilan yuraklarga yo‘l topish kerak, – derdi opa.
Qalam tebrata boshlaganimizga mana o‘n besh yil to‘libdi.
Muhabbat Hamidovaning shogirdlari bugun ancha ulg‘aygan. Ular nashriyotlarda, gazetalarda, jurnallarda, televideniyeda mas’ul lavozimlarda faoliyat olib borayotir.
Nosir Boymirzayev,
“Yoshlar” teleradiokanali qoshidagi “Bolajon” telekanali bosh muharrir o‘rinbosari