Shamollarni quvgan varraklar
“Bobojo-on-n-n, bobo-jo-on! Ur-re-e-e! Varragimning uchishini ko‘ring bobojon, shamollarni quvib ketayapti. Hammanikidan baland uchayapti”.
Shodiyorjonning qiyqirig‘i yeru ko‘kni tutib Salim boboning shodligiga-shodlik qo‘shadi. Bobo qo‘lini peshonasi uzra soyabon qilib quyoshning zarrin nurlariga cho‘mgan samoga boqadi. Shodiyorjonning varragi moviy osmon bag‘rida bir qushchalik qora beradi. Bolakay uni yana ham balandroq uchirish istagida hovli etagiga tutash balandlik sari yeldek uchib ketayapti. “Ishqilib yiqilib tushmasinda”, nabirasiga andarmon bo‘ladi Salim bobo.
Darvoqe, Shodiyorjon varrak tarixi va uning yasalishini yaxshi o‘zlashtirgan. Varrak ayniqsa Xitoyda juda taraqqiy etgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida ulardan atmosferaning yuqori qatlamlarini tekshirishda, joylarni suratga olishda foydalanishgan. Keyinchalik aviatsiya, uchish uskunalarining rivojlanishi bilan varraklardan faqat sport va o‘yin maqsadlarida foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Varrakning asosiy qismlari qamishlarga tarang tortilgan mato yoki Xitoy qog‘ozidan ya’ni, aerodinamik sirtdan iborat. Hozirgi vaqtda uning turli xil shakllari uchraydi. Varraklar besh qamishli (oddiy), ikki qamishli (laylakli), sirtlarining shakli bo‘yicha bir tekislik hamda ko‘p tekisli bo‘lishi mumkin. Uning shokildalari turiga ko‘ra ikki, uch qator shokildali va dum xillarga bo‘linadi. Oddiy va besh qamishli varrakni yasashda qog‘oz yoki mato to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bichiladi. Qamishlar bir xil yo‘g‘onlikda yo‘niladi va bichilgan Xitoy qog‘oziga yelim bilan birinchi o‘rtamak, ikkinchi navbatda boshmak, uchinchi bo‘lib belmak, to‘rtinchi navbatda shoxmaklar yopishtiriladi. So‘ngra belmakka tumorcha, shoxmaklarga quloqlar va shokildalar o‘rnatiladi. Biroz vaqt quritilgandan so‘ng boshmak va belmaklar ip bilan egilib bog‘lanadi. Shamolda ovoz chiqarib turishi uchun boshmakka dardarak yopishtiriladi.
Ayni damda keng moviylikni zabt etishga chog‘lanib uchayotgan varraklarning eng balanddagisi Shodiyorjonniki. Biz esa ilohim, shu ona Zaminimizga, musaffo osmonimizga, tinchlikmakon elimizga ko‘z tegmasin, – deya duoga qo‘l ochamiz. Salim bobo va Halima buvi singari piru badavlat otaxon va onaxonlarimizning umriga-umr qo‘shilsin, ularning yuzu ko‘zidagi samimiy tabassumlar sababchisi Shodiyorjon singari sog‘lom bolajonlarning quvonchlari hamisha ko‘ngillarimizni to‘ldirsin, deya niyat qilamiz.
Jamila HAYDAROVA