Chorlamalar bolalarni chechan qiladi
O‘yin – bolalar beg‘ubor olamining ko‘zgusi, ular ma’naviyatini xilma-xil qirralarini butun murakkabligi bilan aks ettiradi. O‘yinda bolalar borliqning obrazli va ta’sirli in’ikosini ko‘radilar, undan o‘zlari zavqlanadilar, hatto kattalarni ham hayajonlantiradilar. Bundayin o‘yinlar zamirida bolalarning mushohadakorligi oshadi, his-tuyg‘ulari uyg‘ona boshlaydi, tasavvurlari kengayadi, mushaklari chiniqa boradi. Natijada ularda epchillik, chaqqonlik, topqirlik, bardoshlilik, jur’atkorlik, qat’iylik va sabot singari fazilatlar shakllana boshlaydi.
ChORLAMALAR
Bolalar odatda kechqurunlari to‘planib, ertaklar aytishadi. Olamdagi hamma narsalar haqida fikr yuritadi, turli xil o‘yinlar o‘ynaydi. Shunday paytlarda bolalarni to‘plash, o‘yinlarni uyushtirish ayrim bolalar tomonidan tashabbuskorlik ko‘rsatishni talab qiladi. Biroq, bolalarni uydan chaqirishga ota-onalarining munosabatlari turlicha bo‘ladi: bolaga javob osonlikcha tegishi yoki tegmasligi ham mumkin. Bolalar esa kattalarning bunday munosabatini biladilar va shundan kelib chiqib o‘rtog‘ini uyidan chaqirib olish chorasini topadilar. Ular ikki-uchtadan bo‘lib, hovlilarga boradilar, ko‘chadan turib chaqira boshlaydilar.
– Kel o‘rtoq, “qo‘rchoq-qo‘rchoq” o‘ynaymiz.
– Yur, “bekinmachoq” o‘ynaymiz.
O‘g‘il bolalar o‘rtog‘ining laqabini aytib, chaqirishi mumkin:
– “Laylak”, chiq o‘ynaymiz.
Shunisi xarakterliki, bunday o‘yinga chaqiriqlar shu holicha qolib ketmagan, bolalikning chorlov bilan bog‘liq xilma-xil tuyg‘ularini ifodalovchi qo‘shiq sifatida keng tarqalgan. Unda bolalarning o‘yinga chorlov kechinmalarini muayyan vaziyatga bog‘liq holda ifodalaydi va hamisha bolalarni o‘yinga chorlash vazifasini bajaradi. Ularni xuddi shu bolalarni o‘yinga chaqiruvchilik vazifasini inobatga olib, “chorlamalar” deb nomlangan. Zotan, bunday chorlamalarning ijrosi har xil xususiyatga ega: ayrimlari yakka ovozning hayqirig‘iga mo‘ljallangan. Ammo, bu ta’na ohangi yumoristik xarakterga ega bo‘lgani uchun malol kelmaydi:
Bacha bo‘lsang, kelaver,
O‘ynab-o‘ynab ketaver.
Onang, qurg‘ur, qo‘ymaydimi?
Mushdak qorning to‘ymaydimi?
Kel-ho, kel.
Kel-ho, kel…
Bunday quvnoq yumor ayrim chorlamalarda o‘yinga chaqirilayotgan bolaning holati va vaziyatidan kulish zamirida voqe bo‘lganidan aniqlashadi, tiniqlashadi. Aytaylik, quyidagi chorlamada Rahima o‘yinga chaqirilmoqda. Nimagadir, “ha” deganda u o‘yinga chiqmayapti. Shunda dugonalari uni “Rahima xola” deya chaqirishga o‘tib, uning keksalar kabi o‘yinga hafsalasizlik ko‘rsatayotganini piching qilishadi:
Kun botdi-yu, kun botdi,
Rahima xola yotdi,
Yotdi-yu dong qotdi.
Shuni ham aytish kerakki, bolalar repertuarida chorlamalar ancha siyraklashib qoldi. Buning sababini yangi ijtimoiy voqelikning bolalar turmushiga, aniqrog‘i, o‘yin faoliyatiga o‘tkazgan ta’siri bilan izohlash mumkin. Shunga qaramay, hozirgi sharoitda ham zamonamiz nafasiga yo‘g‘rilgan chorlamalar bitilmoqda:
Bizlar o‘ynayapmiz,
Davra quryapmiz.
Davraga kelinglar,
Sizlar ham qo‘shilinglar.
Bu davrani qurgan
Gulnorani ko‘ringlar.
Albatta, bu yagona zamonaviy chorlama emas, bolalar repertuarida ular anchagina bo‘lib, yangicha g‘oyaviy fazilatlar kasb eta boshlagan holda badiiy jihatdan takomillashuv jarayonini kechayotgani shubhasiz.
CHEKLASHMACHOQLAR
O‘zbek bolalarining shunday o‘yinlari borki, ularni faqat ikki raqib guruhga bo‘lingan holda bajarish mumkin. Bularning soni va turi anchagina bo‘lib, jiddiy musobaqa xarakteriga ega. Bu xildagi o‘yinlarning o‘ziga xos ichki qonun-qoidalari bor. Bolalar ana shu qonun-qoidalarga amal qilish jarayonida ichki intizom va tartiblilik mas’uliyatini sezish ruhida tarbiyalanadilar. Aslini olganda, cheklashish xalqimiz orasida qadimdan ma’lum. Mahmud Qoshg‘ariyning “cheklashdi” so‘ziga bergan izohi buni yaqqol tasdiqlaydi. Olim chek tashlashning qur’a tashlash ma’nosi borligini ham qayd etadi. Qur’a tashlashning sport bilan bog‘lanishi bolalar o‘yinidagi cheklashish asosida yuzaga kelgan. Zotan, bunday o‘yinlarning aksariyati sport musobaqasi xarakteridadir.
Odatda cheklashish bo‘lajak ikki raqib guruh onaboshilari tanlangandan so‘ng amalga oshiriladigan o‘yin muqaddimasi bo‘lib, ko‘p hollarda qur’a tashlash yo‘li bilan hal qilinishi an’anaviydir. Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy taraqqiyot ta’sirida bolalarning o‘yin jarayonidagi estetik ehtiyojlari ham o‘sa boshlagan. Buning oqibatida qur’a tashlash predmetlilik doirasida qolib ketmay, o‘ziga xos harakat ritmiga omuxta qo‘shiq bilan sintezlasha borgan. Buning yorqin misoli sifatida keskanteraklik (Konimex tumani) bolalar repertuarida uchraydigan yog‘och tayoqcha bilan qur’a solishni ko‘rsatish mumkin. Ikki bola yog‘och tayoqchani navbatma-navbat tutib, quyidagi qo‘shiqni aytadilar:
Ol tiyoq
Olman tiyoq.
Burgut tiyoq,
Jarang-jurung.
Hovuchlab tutamlash pastdan yuqorilab borishi, toki tayoqcha oxirgi marta tutamlaganda ochiq joyi qolmog‘i shart. Bolalarning har biri har gal navbatdagi satrni ayta turib tayoqchani tutamlaydi. “Jarang-jurung” satrini aytishi bilan tayoqchani tutamlash imkoniyati qolmagan tomon kafti bilan tayoqchani tutganning tutami-mushti ustiga shapaloqlab uradi. Tayyoqcha uning qo‘lidan tushib ketsa, u tayoqchani tushirganlar tomoniga, urgan esa – tayoqchani tushirmaganlar tomoniga; urganda tayoqcha tushmay qolsa, u tushirmaganlar tomoniga, urmagan esa – tayoqchani tushirganlar tomoniga o‘tadi. Shu zaylda g‘oliblar va mag‘lublardan tashkil topgan ikki taraf shakllanadi va o‘yinga kirishadi. Bundayin qur’a tashlashning bolalar repertuaridagi tadrijini ko‘rsatishda ayricha ahamiyatga ega. Chunki, qachonlardir qur’a tashlash sof predmetlilik qobig‘ida kechgan bo‘lsa, sekin-asta bolalar estetik qarashlari o‘sishi ta’sirida takomillasha borgan.
Onalarning biri “olma”ni tanlaydi, ikkinchisiga “nok” tegadi. Bolalar xayollariga qanday predmet kelsa, o‘zlarini uning nomi bilan atayveradilar:
– Kimga ot, kimga arava?
– Tog‘mi, daryo?
– Oftobmi, yulduz?
– Daraxtmi, gul?
– Olchimi, tovva?
Ba’zi chiroyli she’riy lavhalar ham to‘qishadi:
Biz ikki gulu lola,
Kimga gul, kimga lola?
Bu xildagi cheklashmachoqlarning ayrimlari bevosita onaboshiga murojaat qilish bilan boshlanadi:
– Mati, mati,
Kimi navbati?
– Meniki. (Onaboshilardan biri)
– Tarvuzni olasanmi?
Yoki qovunni?…
E’tibor qilinsa, bolalar cheklashishni ta’minlagan barcha sirli nomlarning o‘zaro tanosibligiga ahamiyat berganligi ravshanlanadi. Bu cheklashmachoqlarda poetik fazilatni kuchaytirgan va ayni choqda bolalar estetik zavqini tarbiyalovchi vositaga aylangan. Ularni to‘plash va tahlil qilish bolalarning o‘yin jarayonidagi ruhiy va huquqiy xususiyatlarini chuqurroq o‘rganishga yo‘l ochgan bo‘lur edi.
Oxunjon SAFAROV,
filologiya fanlari doktori