MAMNUNLIK SURURI
Tabiiy va sog‘lom tishlar – vujud qo‘rg‘oni. Ularni bolalikdan asrab-avaylash zarur, – deydi Chilonzor tumani Tibbiyot birlashmasi tuman bosh stomatologi, oliy toifali vrach-stomatolog Matluba Nazrullayeva.
Har safar stomatolog qabulida bo‘lganimda bolaligimda Ochilxon momomning “qizim, tishingda danak, yong‘oq chaqma, qattiq narsalar tishni sindiradi. Popukli qand (konfet), shokolad, shirinliklarni kamroq ye, tishing “qurtlab” ketmasin. Yana doimo ovqat yeganingdan keyin iliq suvda og‘zingni chayib yur. Ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llaringni albatta sovunlab yuvgin, kamroq kasal bo‘lasan” degan so‘zlarini bot-bot eslayman. Chunki, ushbu nasihatlarga ko‘p ham amal qilmaganim bois ularning qanchalik to‘g‘riligini yillar o‘tib tishlarim meni bir-bir “tark eta boshlagach” anglab yetdim.
Tibbiy savodxonlik – davr talabi. Loqaydlik yoki vaqt yo‘qligini ro‘kach qilib inson o‘z salomatligiga e’tibor bermasa, keyinchalik “yara gazak olib” jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Zero, hazm og‘iz bo‘shlig‘idan boshlanadi. Agar tishlar sog‘lom bo‘lmasa me’da-ichak tizimi xastaliklari kelib chiqadi.
Kalsiy va fosforga boy mahsulotlar, vitamin hamda turli mineral moddalarga to‘yingan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish, har olti oyda stomatolog ko‘rigidan o‘tish – sog‘lom tishlar garovidir, deyishadi stomatologlar.
Inson doimo bir-biriga yaxshi tilak bildirganida eng avvalo “to‘rt muchangiz sog‘ bo‘lsin” deydi. Menimcha bu mijoz bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Chunki, odamda to‘rt xil mijoz mavjuddir. U mo‘tadil bo‘lsa, kishi sog‘lom bo‘ladi.
Barchaga barobar yaxshilik qilishni hayotiy shioriga aylantirgan oliy toifali vrach-stomatolog Matluba Narzullayeva ham el salomatligi yo‘lida jon fidolik bilan xizmat qilayotgan shifokorlardan biridir. Serfarzand oilada ulg‘aygan Matluba opaning bolaligidan kitobga mehr qo‘yishiga onasi Gulchehra ayaning unga ko‘p kitoblar o‘qib berishi va otasi Idris akaning qo‘llab– quvvatlashi sabab bo‘ldi. Maktabga bolalarni emlash uchun kelgan oq xalatli shifokorlarni ko‘rgan qizaloqning ularga havasi keldi. O‘shanda jajjigina Matluba ham “duxtir opa” bo‘lishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan edi.
Maktabda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qigan Matluba Narzullayeva 1982 yilda Buxorodan poytaxtga yo‘l oldi. Doimo tengdoshlari orasida o‘zining harakatchanligi, jamoat ishlarida faolligi va og‘ir-vazmin hamda sabr-toqatliligi bilan ajralib turadigan M. Nazrullayevaga ustozlari ham katta ishonch bildirishgandi. O‘sha davrda qishloqdoshlari ta’biri bilan aytganda “katta o‘qish”ga ketgan a’lochi qiz onasiga bergan va’dasining ustidan chiqdi. Ya’ni, tibbiyot institutining stomatologiya fakultetiga o‘qishga kirdi.
Institutda ham tirishqoq talaba qiz vaqtdan unumli foydalanib, darsliklardan tashqari kutubxonadan sohaga doir qo‘shimcha ilmiy adabiyotlarni olib o‘qishga intilardi. Matluba opaning intilishlari bejiz ketmadi. U 1987 yilda institutni bitirib Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 5-sonli Stomatologiya poliklinikasida kasb sir-asrorlarini o‘rganish maqsadida internatura amaliyotini o‘tadi. Xalqimizda “Daraxt bir yerda ko‘karadi” degan maqol bor. M.Nazrullayeva 27 yil davomida talabalikdan so‘ng ilk marta ish boshlagan dargohida tajriba orttirdi. O‘zi ham ustoz darajasiga yetdi. Malakali vrach-stomatolog yillar davomida o‘z ustida ishladi, o‘qidi, o‘rgandi va sohaga doir yangiliklardan mudom xabardor bo‘lib turdi. Mutaxassis o‘z ustida ishlamasa zamondan ortda qoladi. U 2011-2014 yillar davomida 5-sonli Stomatologiya poliklinikasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritdi.
Matlubaxon Narzullayevaning uzoq yillik ish tajribasi inobatga olinib, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan u Chilonzor tumani Tibbiyot birlashmasiga tuman bosh stomatologi etib tayinlandi. Ayolning oilasi tinch, ko‘ngli xotirjam bo‘lsa, uning ishida unum bo‘ladi. Ayniqsa, zafarlar sari ruhlantirib turuvchi, xonadon farishtasini ruhan va jismonan qo‘llovchi yaqinlari bo‘lsa uning ko‘ksi tog‘day ko‘tariladi. Matlubaxon opa ham hamma havas qilsa arzigulik oila sohibasi. Turmush o‘rtog‘i Nusratullo aka bilan ikki qiz va bir o‘g‘ilni eliga, yurtiga nafi tegadigan ziyoli insonlar qilib voyaga yetkazishdi.
Matlubaxon Narzullayevaning hayot yo‘liga nazar solar ekanman, bu oilada dasturxon atrofidagi gurunglar kitob, ilmu ziyo va ezgu amallar haqida bo‘lishiga ishonchim komil bo‘ldi. Zero, kitob sevgan onaning farzandi bu yaxshi amallarni farzandlariga ham o‘rgatishi tayin. Chunki, “Vaqt – oliy hakam”. Yoshi kattalar vaqtning qadriga yetib hayotda o‘z o‘rinlarini topgan ekan, kichiklar ham shu yorug‘ va nurli yo‘ldan yurishi shubhasiz.
Gulchehra ShIRINOVA