Yuz bolali ahil oila

Qaysi jamiyatda ma’naviy hayot barqaror, uning tag zamirida ezgulik, yuksalish va yaratuvchanlik mujassam bo‘lsa, ana o‘sha yerda insoniy qadriyatlar qadr topishi muqarrar. Buni biz o‘tmishga nazar tashlab tarixiy jarayonlar natijasida bilib olishimiz mumkin.

Bugungi o‘tayotgan har bir kunimiz kelajak uchun zarhal harflar bilan bitiladigan shonli tarix bo‘lib qolishi shubhasiz. Zero, mamlakatimizning tanlagan yo‘li – o‘zbek modelida inson manfaati, qadr-qimmati ko‘zda tutilgan. Buni biz bugungi kunda mamalaktimizda yuz berayotgan iqtisodiy, ma’naviy va ma’rifiy sohalardagi yuksalish, yurtimiz odamlarining turmush tarzi misolida, mustaqil Vatanimiz jamolida ko‘rishimiz mumkin. Toshkent viloyati Chirchiq shahar 14-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilariga yaratilgan shart-sharoitlar timsolida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy himoya o‘z ifodasini aks ettiradi.

– Muassasamizda 100 nafar bolajon tarbiyalanmoqda, – deydi “Mehribonlik” uyi direktori Farida Kenjayeva muassasa faoliyati bilan tanishtirar ekan. – Ulardan 52 nafari o‘g‘il bola bo‘lsa, 48 nafari qizlardir. Ularning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishga pedagoglarimiz alohida e’tibor beradi. Tarbiyalanuvchilarning to‘laqonli ravishda psixologik reabilitatsiyadan o‘tishlari, ijtimoiy moslashuvlari, sifatli ta’lim va tarbiya olishlari hamda ularning ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, hayoti va salomatligining muhofazasi, psixologik va jismoniy rivojlanishlarini ta’minlashga ko‘maklashuvchi uy sharoitlariga yaqin bo‘lgan muhitni yaratish ustida ish olib boradi.

Darhaqiqat, tarbiya maskanida 6 ta oilaviy guruh mavjud. Ular tarbiyachilar bilan oilaviy yumushlarni birgalikda bajarishadi, ro‘zg‘or borasida fikrlashishadi. Natijada esa bola va tarbiyachi o‘rtasida mehr-muhabbat, bir-birini tushunish, kabi ma’naviy va hayotiy hissiyot rivojlanib, qaror topib boradi.

Muassasada “Men va mening kelajagim” dasturi asosida 4 yo‘nalishda ish olib borilishi belgilangan. Bular, “Men sog‘lom turmush tarzi tarafdoriman”, “O‘zingga ishon”, “Qonun – hayotim mezoni”, “Turmush chorrahalari”. Mazkur dasturlarning asosiy maqsad va vazifasi tarbiyalanuvchilarning zamonaviy muhitda mustaqil hayotga tayyorlashga yo‘naltirilgan.

Muassasada yana bir ezgu an’ana mavjud. Bolalar mamlakatimizning bebaho moddiy-ma’naviy boyliklaridan bahramand bo‘lishlari va shu orqali buyuk ajdodlarimizning uzviy davomchisi ekanligini his qilishlari uchun tarixiy shaharlarga sayohatlarga olib boriladi. Shu maqsadda qadimiy va navqiron Buxoro, Nukus, Xiva va Samarqand kabi shaharlarga sayohatlar uyushtirildi.

“Sen yolg‘iz emassan” Respublika bolalar jamoatchilik jamg‘armasi hamda qator hamkor tashkilotlar homiyligida 2013-yilda “Mehribonlik” uyida to‘liq qurilish va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Tarbiyalanuvchilar uchun qulay va shinam yotoqxona, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, kompyuterxona, o‘quv zali, qiz va o‘g‘il bolalar uchun alohida dam olish xonalari to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy talablar asosida barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlandi. Sport majmuida bolalar darsdan bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazib, o‘zlarini chiniqtirishmoqda. Bu yerda trenajyor zali mavjud. Sportning boks, futbol va voleybol turlari bo‘yicha shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning sog‘lig‘ini mustahkamlash borasida shart-sharoitlar muhayyo. Bolalarni dorivor giyohlar, sog‘lomlashtirish gimnastikasi va uqalash yo‘li bilan davolash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Jamoatchilik jamg‘armalari hamda qator homiy tashkilotlarni jalb qilingan holda muassasaga qarashli dala hovli to‘liq ta’mirlandi. Dala hovlini ta’mirlash hamda moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun 146 million so‘mdan ziyod mablag‘ jalb etildi. Hozirgi kunda dala hovlida 100 nafar tarbiyalanuvchining mazmunli dam olishi hamda sog‘lomlashitirilishi uchun barcha qulayliklar hozir qilindi. Mazkur dargohning mo‘jazgina bog‘i ham bor. Bu yerdagi turli xil mevali daraxtlarning totli hosilasi bolalarning dasturxoniga tortiladi. Mazkur bog‘da obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun ikki milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ jalb etildi. Natijada muassasa hududiga mevali daraxtlar ekish bilan birga, 1 ming 500 metr joyga manzarali gazon yotqizildi va hayvonot olamidan iborat tirik burchak tashkil etildi.

Yana o‘qing:  BIRYANI

– Bolalarimizga bo‘lgan hukumatimiz va jamoatchiligimizning e’tibori bilan amalga oshirilgan ishlar salmoqlidir, – deydi Farida Kenjayeva. – Ana shunday qulay shart-sharoit yaratilgani, bolalarning o‘zlari ham bu go‘zallikni yaratishga o‘z kuchlari, mehnatlari bilan munosib hissa qo‘shayotgani ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Buni biz bolalarimizning turli yutuqlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Tarbiyalanuvchilarimiz shahar, viloyat, respublika miqyosida o‘tkazilgan tadbirlarda faol ishtirok etib faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar. Jumladan, Respublika xalq ta’limi vazirligi, “Sen yolg‘iz emassan” jamoatchilik jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi “Mehribonlik” uyi” ko‘rik tanlovining Respublika bosqichida faxrli 2-o‘rinni, “Salomatlikning yosh do‘stlari” viloyat ko‘rik tanlovida faxrli 1-o‘rinni, “Sog‘lom avlod uchun” respublika jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Kamalak jilosi” rasmlar ko‘rik tanlovida faxrli 1 va 2-o‘rin-larni egalladilar. 2014-yil mini futbol bo‘yicha jamoamiz Toshkent viloyati va Toshkent shahri “Mehribonlik” uylari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Sportning boks turi bo‘yicha tarbiyalanuvchilarimizdan R.Tulegenov, V.Dmitriyev, A.Eshmanovlar o‘z vazni bo‘yicha shahar, viloyat respublika bellashuvlarida faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar. O‘tgan yili sportning boks va futbol turlari bo‘yicha shahar, viloyat bosqichida o‘tkazilayotgan turnirlarda “Mehribonlik” uyimizning 12 nafar bolasi medallar bilan taqdirlandi.

“Mehribonlik” uyida ta’lim tarbiya olib borayotgan yoshlarning yashash tarzi va shart-sharoiti bilan birgalikda ularning keyingi mustaqil hayotida o‘z o‘rnini topishi ham muhim va dolzarbdir. Shuning uchun muassasada har bir bolaning qiziqishi va qobiliyatini inobatga olib, ularni kasbga yo‘naltiriladi. Bitiruvchilar o‘zlari tanlagan kasblari bo‘yicha ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq jalb qilindi. Sobiq tarbiyalanuvchilardan I.Mokeychik, V.Dmitriyeva hozirgi kunda kasb-hunar ta’lim muassasalarini tamomlab, “Mehribonlik” uyida ishlab kelmoqdalar. Harbiy yo‘nalishdagi kollejlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi natijasida bolalardan 2 nafari Toshkent shahar harbiy akademik litseyga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni vaqtda muassasada ta’lim olganlar orasida oliy o‘quv yurtlari talabalari ham bor. Tarbiyalanuvchilardan Sevara Hayitmetova, Kristina Igoshyeva, Anatoliy Streltsov, Alina Poluektovalarning milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz asosida muassasa otalig‘ida nikoh to‘ylari o‘tkazildi. Hozir ularning baxtli, tinch va totuv oilasi bo‘lib, jajji farzandlarini voyaga yetkazishmoqda.

O‘tgan yilning oktabr oyida “General motors powertrain Uzbekistan” tashkiloti tomonidan “1,5 million koptok jahon bolalariga” shiori ostida muassasada musobaqa tashkillashtirildi. Tadbirda korxona boshqaruvi direktori Kaxer Kazem, xalqaro toifadagi hakam Ravshan Ermatov ishirok etdi. Tadbir davomida muassasa futbol jamoasi hamda mehmon jamoasi o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuv o‘tkazildi. O‘rtoqlik uchrashuvini xalqaro toifadagi hakam R.Ermatov boshqarib bordi. Musobaqada “Mehribonlik” uyining “Mehrjon” jamoasi g‘olib deb topildi. Tadbir so‘ngida “General motors powertrain Uzbekistan” korxonasi tomonidan bolalarga futbol to‘plari sovg‘a qilindi.

Yana o‘qing:  Qo‘li yengil, so‘zi malham shifokor

Ana shunday uchrashuvlar tez-tez tashkil qilinib turiladi. Bu misollarning zamirida esa mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga katta e’tibor qaratilayotganini o‘zida ifoda etadi.

M. TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: