ISTIQLOL VA IJOD: HAYRAT VA MAHORAT MAHSULI
Dunyo chegara bilmas go‘zallikka ega.
Ko‘z ilg‘amas shundayin mo‘jizalar borki, uni faqatgina musavvir mo‘yqalami tasvirlay oladi. Ana shunday ijodkorlardan biri O‘zbekiston xalq rassomi, mohir haykaltarosh Jaloliddin Mirtojiyevni xotirlab O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida ijodiy kecha tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida rassomlar, haykaltaroshlar, xalq amaliy san’ati ustalari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, tasviriy san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada J.Mirtojiyevning monumental asarlari aks etgan fotosuratlar, haykaltaroshlik ishlari hamda namunalari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Ijodkorning Qarshi shahridagi “El-yurt tayanchi” kompozitsion asari, Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur, Cho‘lpon, “Motamsaro ona”, Toshkent shahridagi G‘afur G‘ulom, Zulfiya haykallari, “Vatanga qasamyod” monumentlari o‘zbek xalqining timsoliga aylangan desak mubolag‘a emas.
Bundan tashqari, hamdo‘stlik mamlakatlarida Kamoliddin Behzod, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiyga atab barpo etilgan monumental asarlari o‘zining ulug‘vorligi, ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalarga yo‘g‘rilgani bilan jahon xalqlarining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Ch.XUSHVAQTOVA