BALDAI MAHFUZA DERLAR…

“Boburnoma”da Samarqand tasviri

Inson qachon aziz bo‘ladi? Qachon u mehru muhabbatga loyiq ko‘riladi? Umuman, inson degan chinakam nomga munosib bo‘lishning shartlari qaysi nuqtada ekan? Albatta, bu savollarga javob berish mumkin. Mardlik, halollik, pokdillik kabi fazilatlar inson qadrini yuksakka ko‘taradi.

Yuqorida qo‘yilgan savollarga biz ham yaqqol misol bilan, isbot bilan javob berishga shaylanamiz. Shunda chinakam mard inson, yirik shaxs siymosida namoyon bo‘ladigan bobolarimizdan Zahiriddin Muhammad Boburni yodga olamiz. Uning tarjimai holiga – hayot yo‘liga nigoh tashlaymiz…

Joziba degan narsa kishining ko‘rki hisoblanadi. U insonni sehrlaydi, boshqaradi. Siz bundayn inson bilan hamsuhbat bo‘lsangiz, undan ayrilgingiz kelmay qoladi, uning fayzidan botiningiz nurlanadi, ma’noli jumlalaridan hayratga tushasiz. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, hazrat Bobur Mirzodagi jamiki fazilatlar yig‘ilib, joziba shakliga kirgan. U asrlar o‘tsa-da, odamlarni o‘ziga jalb qilishda davom etyapti.

“Boburnoma”dagi faktlar, tasvirlar, tafsilotlar, samimiy uslubi kishini lol qoldirmay iloji yo‘q. Biz muallifning rostgo‘y inson ekanligiga, oqil shaxsligiga tan beramiz. Agar asardagi ma’lumotlarni guruhlab chiqsak, unda turli shaxslarga berilgan tavsif, hududlar haqida geografik, etnografik, tarixiy va hokazo ma’lumotlarni o‘qiymizki, bu Mirzo Bobur dunyoqarashining nechog‘lik keng bo‘lganiga dalolat qiladi.

Samarqand yurtimizning eng qadimiy, eng qadrli shaharlaridan. Biz Boburnomada Samarqandni o‘zgacha mehr bilan tavsiflanganiga guvoh bo‘lamiz: “Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur”.

Rub’i maskun – to‘rt tomon, chor atrof demakdir. Demak, dunyoning to‘rt tomonida Samarqand kabi latif shahar kam. Latif so‘zi, odatda, yumshoq, muloyim, nafis kabi ma’nolarni ifoda etadi. Muallif latif deganda Samarqandning havosi muloyim demoqchi bo‘lganmi? Yoki Samarqand odamlarining halim qalbli ekanligiga ishora etganmi?

Yoki barcha xislatlarni shu bir so‘zda mujassam qilgan bo‘lsa ham, ne ajab!

“Hech yog‘iy qahr va g‘alaba bila munga dast topmog‘on uchun baldai mahfuza derlar”.

Bobur Mirzo Samarqandni yog‘iylar – dushmanlar zabt eta olmaganlarini ta’kidlagan: “…hech yog‘iy qahr va g‘alaba bila munga dast topmog‘on”, shuning uchun “baldai mahfuza derlar”. “Balda” so‘zi shahar, “mahfuza” – saqlangan, himoya qilingan demakdir. Xulosa qilish mumkinki, Mirzo Bobur davrida Samarqandni saqlangan, himoya qilingan shahar deb ta’riflashgan ekan!

Yana o‘qing:  NURLI LAHZALAR

“Temurbek poytaxt qilib edi. Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni poytaxt qilg‘on emastur”.

Demak, hazrat Boburning ma’lumot berishicha, Samarqandni Sohibqirondan oldin u kishi kabi biror hukmdor poytaxt sifatida belgilamagan. Bu esa Samarqandning “baldai mahfuza” deb ta’rif etilishi, nufuzining oshishi, “jahon sayqali” maqomiga ko‘tarilishi bevosita Amir Temur siyosati bilan bog‘liq bo‘lganligini bildiradi.

Bobur keyingi o‘rinlarda Samarqand ahlining e’tiqodiga to‘xtaladi, bugungi kunda istiqlol sharofati bilan ziyoratgohga aylangan Imom Ismoil al-Buxoriy qabri, imom Moturidiy qishlog‘i haqida ma’lumot beradi, “Hidoya” asari muallifi Marg‘inoniyni ham eslaydi. So‘ng Samarqandning geografik o‘rni, qo‘shni hududlari, suvlari – daryolarini ta’riflaydi, shu o‘rinda Samarqandda bog‘dorchilik rivojlangani bilan bog‘liq ajoyib dalilni keltiradi: “Uzumi va qovuni va olmasi va anori, balki jam’i mevasi xo‘b bo‘lur. Vale ikki meva Samarqanddin mashhurdir: sebi Samarqand va sohibiyi Samarqand”.

Ma’lumki, “seb” – olma demakdir. Hazrat Bobur yashagan davrda Samarqand olmasi va uzumi bizning o‘lkamizda ancha mashhur hisoblangan ekan.

“Temurbek va Ulug‘bek mirzoning imoroti va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur”.

Bundan kelib chiqadiki, Samarqandda qurilgan diqqatga sazovor imoratlarning aksari Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan.

“Samarqand arkida Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur, to‘rt oshiyonliq, Ko‘k saroyg‘a mavsum va mashhur va bisyor oliy imorattur”.

Ark, odatda, hukmdor qarorgohi ma’nosini bildiradi. U davlat ishlari amalga oshiriladigan hukumat mahkamasi vazifasini bajargan. Samarqanddagi ark Amir Temur davlatining boshqaruv idorasi sanalgan. O‘sha yerda Sohibqiron ko‘shk – saroy qurdirgan. Ma’lumki, ko‘shk o‘ta hashamatli qasr ma’nosini bildirib, u odatda, kamida ikki qavatli qilib qurilgan. Boburning ma’lumotiga qaraganda, Amir Temur to‘rt qavatli – to‘rt oshiyonli qasr bunyod qildirgan, u “Ko‘ksaroyg‘a mavsum”, ya’ni Ko‘ksaroy deb nomlangan (mavsum – nomli demakdir), shu nom bilan mashhur bo‘lgan va juda ham ko‘rkam, balandligi – oliyligi kishilarni hayratga solgan. Afsuski, bugungi kungacha o‘sha qasr saqlanib qolmagan. Biz faqatgina Boburning ushbu ma’lumotiga suyanib, Sohibqiron Samarqandda yashagan qasrni tasavvur qila olamiz, xolos. Shu jihatdan ham, mazkur ma’lumot o‘ta qimmatlidir. To‘g‘ri, Abdurazzoq Samarqandiy, Davlatshoh Samarqandiy, Sharafiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy kabi tarixchilar ham Amir Temur qurdirgan binolar haqida ma’lumot qoldirishgan, lekin ularning hech birida “Boburnoma”dagi kabi sodda va aniq tasvir uchramaydi.

Yana o‘qing:  Kollej o‘quvchilari doimiy ish o‘rniga ega

Keyingi o‘rinlarda Bobur Mirzo Samarqandning o‘sha davrda Ohanin deb nomlangan darvozasiga yaqin qal’ada Amir Temur qurdirgan masjid haqida gapirgan. Bu masjid qurilishida hindistonlik sangtarosh – tosh yo‘nuvchilar mehnat qilishgan ekan. Peshtoqida esa o‘ta go‘zal san’at bilan “Qur’on”dan oyat bitilgan.

Boburning aytishicha, Samarqandning sharqiy qismida Bog‘u Bo‘ldu hamda Bog‘i Dilkusho degan ikkita ajoyib bog‘ barpo qilingan. Bog‘i Bo‘ldu arkka yiroq, Bog‘i Dilkusho yaqinroq joylashgan. Aynan Bog‘i Dilkushodan boshlab Samarqandning Feruza darvozasigacha bo‘lgan oraliqda xiyobon – katta ko‘cha bunyod etilgan va uning ikki tarafiga terak ekilgan. Bog‘i Dilkushoda ham bir qasr bo‘lib, unda Amir Temurning Hindiston jangi surati chizilgan.

Siz “Boburnoma”ni o‘qir ekansiz, o‘zingizni temuriylar davridagi Samarqand shahriga tushib qolgandek his etasiz!

Bobur Naqshi Jahon, Bog‘i Chinor, Bog‘i Shamol, Bog‘i Bihisht bog‘larini, turli madrasalarni, Ulug‘bek rasadxonasini ham batafsil ta’riflaydi, ularning joylashish o‘rni – janubdami, sharqdami, g‘arbdami, shimoldami – hammasini aytib o‘tgan.

U tabiatan olim inson bo‘lgan. Holatni, vaziyatni tahlil qilgan. Davrni, odamlarni yaxshi tushungan.

E’tiborli jihati Bobur Mirzo tarixni bo‘yab-bejamasdan, ochiq-oydin yozish tarafdori bo‘lgan. Shuning uchun bugun “Boburnoma”ni e’zozlaymiz, qiynalmasdan mutolaa qilamiz.

Xulosa qilib aytganda, Zahiriddin Muhammad Bobur, garchi taqdir hukmi bilan o‘z yurtini tark etsa-da, millati, xalqi, kerak bo‘lsa, daho sifatida insoniyat va tarix oldidagi vazifasini, burchini a’lo darajada uddalagan. Biz undan ibrat olishimiz lozim.

Akrom MALIK

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: