“FARZANDIM NEGA KO‘P KASAL BO‘LYAPTI?”
Ota-onalarni shu savol ko‘p bezovta qilsa…
Ba’zida ota-onalar shifokorning “Nimadan shikoyat qilasiz?” degan savoliga “Farzandim ko‘p kasal bo‘lyapti?” deb javob beradilar. Aslida bunday xulosaga qachon kelish mumkin?
Organizmning kasalliklarga chidamliligi nimalarga bog‘liq?
Havo sovuganida bolalar gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) bilan bog‘liq xastaliklar bilan ko‘proq kasallanadilar. Ko‘pchilik ota-onalar bu holatdan bezillab qolishgan. Ba’zi bolalarda bu kasalliklar tezda o‘tib ketavermaydi yoki qaytalanaveradi.
Agar 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar yiliga to‘rt va undan ko‘p marta xastalikka chalinsa, 1-6 yosh orasidagi bolalar olti va undan ko‘p marta, 3-5 yosh orasidagilar besh marta yoki undan ko‘p marta, 6 yoshdan katta bolalar besh marta yoki bundan ham ko‘p kasallansalar, ularni “ko‘p kasal bo‘ladi” deyish mumkin. Lekin ko‘pincha bolalar tez-tez emas, balki uzoq muddat (10-14 kunlab) kasallik davrini boshdan o‘tkazadilar.
Nima uchun bola kO‘p kasallanadi?
Bolaning immun tizimi zaiflashgan bo‘lsa u ko‘p xastalanadi. Chunki, immun tizimi bola tug‘ilmasidan avval shakllana boshlaydi. Homiladorlik davrida onaning boshidan o‘tkazgan kasalliklari homilaning immunitetiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Immun tizimining mustahkam bo‘lishida ona suti muhim ahamiyatga ega.
Emizikli bolalar kam kasal bo‘ladilar. Sun’iy aralashmalar va shunga o‘xshash ozuqalar bilan oziqlangan go‘daklar esa ularga nisbatan ko‘proq kasallanadilar. Ko‘pincha yetarlicha e’tibor qilmaslik oqibatida kasallik oqibatida qo‘shimcha asoratlar paydo bo‘ladi (masalan, ichak yo‘llari disbakteriozi, gipovitaminoz, raxit).
Immunitetning juda kuchsizlanishi og‘ir kasalliklar sababli yuzaga keladi. Agar go‘dak dizenteriya, salmonellyoz, pnevmoniya(zotiljam), angina (bodomcha bezlarining yallig‘lanishi) kabi kasalliklar bilan og‘rigan bo‘lsa, demak uning immuniteti ancha kuchsizlangan.
Immunitetni viruslar ham holdan toydiradi. Gripp, qizilcha kabi kasalliklardan so‘ng bola infeksiyalarga sezuvchan bo‘lib qolishi va ko‘p kasal bo‘lishi mumkin. Ba’zi dori moddalarini uzoq vaqt istemol qilish ham immunitetni susaytiradi. Bu dorilar qatoriga antibiotiklar kiradi. Chunki, antibiotiklar foydali va zarali har qanday mikroorganizmlarni yoppasiga nobud qilish xususiyatiga ega.
Bolada surunkali kasalliklarning mavjudligi ham immunitet susayishiga sabab bo‘ladi. Masalan, gaymorit, tonzillit, adenoid hamda sekin ko‘chuvchi atipik infeksiyalar (mikoplazma, pnevmotsisa, xlamidiya) kabilar.
Immunitetning bir me’yorda faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘g‘ri ovqatlanish va kun tartibini to‘g‘ri belgilash juda muhimdir.
Bolaning kundalik ovqat ratsionida vitamin, uglevod yoki oqsillar yetishmasligi kasalliklarning cho‘zilib ketishiga sabab bo‘ladi.
Agar ota-onalar quyoshli kunlarda farzandlarni kam sayrga olib chiqishsa, ularda raxit rivojlanadi. Ko‘p kasal bo‘ladigan bolalarda profilaktik emlashlar tartibi ham buziladi. Farzandlari maktabgacha ta’lim muassalariga qatnay olmaydi, yoki maktabdagi darslaridan ham qolib ketadi.
Havo sovugan kezlarda shunday ketma-ketlik yuzaga keladi: immuniteti sust bolalar tez-tez xastalanadilar. Ularning kasallanishi oqibatida esa immunitet yanada susayadi.
Agar kasalliklar surunkali tus olsa, yana ham jiddiyroq muammolarni keltirib chiqaradi: ichak va me’da faoliyati buziladi, bolaning o‘sishi sekinlashadi. Buning ustiga go‘dak injiq va tez charchaydigan bo‘lib qoladi.
Shuning uchun homiladorlik vaqtidanoq bo‘lajak ona tug‘iladigan go‘dagi sog‘lig‘i haqida qayg‘urishi kerak. Buning uchun bo‘lg‘usi ona sifatli va to‘yimli ovqatlanishi, toza havoda ko‘p sayr qilishi, asabiylashmasligi lozim. Ona suti yetarli bo‘lgan taqdirda 6 oygacha bolaga qo‘shimcha sun’iy ozuqalar bermaslik kerak. Mabodo bolalar uchun maxsus ozuqalarni ishlatishga to‘g‘ri kelsa, u holda ularni tez-tez almashtirib turish kerak emas. Bola bir xildagi ozuqani iste’mol qilishi lozim. 3 yoshgacha bolalarda kuz va qish oylarida raxitga qarshi profilaktik tadbirlarni qo‘llash lozim.
4-5 oylik va undan katta bolalar uchun meva va sabzavotlarning sharbatlari juda foydali. Ularning tarkibida konservalangan yoki boshqa tarzda ishlov berilgan mahsulotlardan ko‘ra ko‘proq vitaminlar bo‘ladi. Shuningdek, bolani maxsus badantarbiya qildirish va chiniqtirishning ahamiyati katta. Har 3 yoki 6 oyda pediatr-shifokorga murojaat qilib, kerakli tahlillarni kuzatib borish ham yaxshi natija beradi. Bular ichaklarda disbakterioz tahlili, immun tizimi va interferon holatining tahlillaridir.
Mazkur tahlillar bola immun tizimining holati haqida yaqqol ma’lumot beradi. Vaqt o‘tgan sayin bolaning organizmi kuchga to‘lib, o‘sib boradi. Shuning uchun “Kun sayin emas, soat sayin o‘sadi” degan so‘z aslida bolalarga tegishli.
Har qanday, hatto arzimas tuyulgan kasallik ham bolaning rivojlanishini susaytirishi mumkin. Shu bois ota-onalar go‘dagi kasallandimi, uni o‘z vaqtida pediatr-shifokorga ko‘rsatishi va hamisha uning nazorati ostida farzandlarini davolatishlari zarur. Buning uchun go‘dakka yetarli darajada e’tibor berib, haftasiga bir marta pediatr bilan maslahatlashib turish lozim.
Shoira BERDIYEVA
oliy toifali akusher-ginekolog,
Toshkent shahri