TIBBIY KO‘RIK – nasl salomatligining muhim omili
…Nodira kasalmand farzandi bilan ota uyiga qaytib keldi. Turmush o‘rtog‘i giyohvandligini yashirgan ekan. Ammo yosh va g‘o‘rligi bois dardini ichiga yutdi. Lekin bolasining nosog‘lom, nimjon buning ustiga aqli zaif tug‘ilgani uning sabr kosasini to‘ldirdi. U bir tomondan hali o‘n sakkizga to‘lmay turmushga uzatib yuborgan ota-onasidan xafa bo‘lsa, o‘z taqdiriga befarqligi uchun o‘zidan ham ranjidi.
Mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarga e’tibor ko‘rsatish hamma joyda ham birdek deb bo‘lmaydi. Chunki, hayotda bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘l tanlayotgan yigit-qizlar ham yo‘q emas. Bunday holatlar asosan rasmiy nikohdan o‘tmasdan oila qurayotganlarda kuzatiladi.
Darhaqiqat, oila qurish arafasidagi yoshlar bo‘lg‘usi jufti-halolining salomatligi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishi kelgusida nikohlanuvchilardan birining sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxushliklar sabab ajrashishlar, befarzandlik, jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonli farzandlar tug‘ilishining oldini oladi. Tibbiy ko‘rik paytida aniqlanayotgan xastaliklarni nikohdan avval davolashga erishilayotgani esa oilalarning mustahkamligi va farzandlar salomatligiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustda qabul qilingan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida yurtimizda 2004 yil 1 yanvardan e’tiboran nikohlanuvchi shaxslarning ruhiy, narkologik kasalliklar, teri-tanosil, sil kasalliklari va OIV/OITS xastaligi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu Oila kodeksida ham o‘z ifodasini topgan: 17-moddada nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilangan. Shu asosda rasmiy nikohdan o‘tish uchun ariza berayotgan yoshlarga Tibbiyot birlashmalariga yo‘llanma berilmoqda va ular to‘liq tekshiruvdan o‘tgach, nikohi qayd etilmoqda.
Oila qurayotgan ikki yosh jismonan baquvvat, shu bilan birga, ruhan sog‘lom, imon-e’tiqodli, bilimli, yuksak ma’naviyatli bo‘lsa, bunday oilada sog‘lom farzandlar dunyoga keladi. FHDYo xodimlari nafaqat nikohdan o‘tish uchun ariza berayotgan yoshlar, balki aholining barcha qatlamlari orasida baxtli oila va sog‘lom avlod bunyod etishda yoshlarning mas’uliyatini oshirishga bag‘ishlangan keng targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Ta’lim dargohlarida “Yosh oila quruvchilar” maktablari faoliyati rivojlantirilmoqda. Mazkur tizimda tibbiy ko‘rik, oila mustahkamligini ta’minlovchi omillar, ota-ona burchi, farzand tarbiyasi kabi masalalar bo‘yicha axborot-ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda. Tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida o‘tkazilayotgan bunday targ‘ibot ishlari natijasida yoshlar tibbiy ko‘rikning ahamiyati va mohiyatini teran anglab yetayotir.
Bu jihatlar yurtimizning har bir mahallasida hukm surayotgan barqaror muhit, aholining tinch, farovon hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda. Mahalla faollarining jonbozligi tufayli xonadonlar atrofi, ko‘chalar saranjom-sarishta. Yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, puxta bilim olib, kasb-hunar egallashi, ishga joylashishiga yordam berish doimiy e’tiborda.
Mahallalarda o‘tkazilib kelinayotgan “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari” mavzularidagi davra suhbatlarida ishtirok etamiz. O‘shanda mazkur mavzuda qanday ishlar qilinayotganini mahalla faollari va maslahatchilari bilan o‘zaro fikrlashamiz.
Mahallalarda bo‘lajak kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar bilan birga, ularning salomatligi masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu oila qurayotgan yoshlarning oila, jamiyat oldidagi burch va mas’uliyatini chuqurroq anglashiga yordam bermoqda. Buning samarasida keyingi vaqtda oilaviy ajrimlar keskin kamayib borayotir.
Mahallada yoshlarning nikoh to‘ylarini o‘tkazishda ko‘maklashilayotgani ularga ko‘rsatilayotgan yana bir g‘amxo‘rlikdir. Bu amaliy chora-tadbirlarni izchil yo‘lga qo‘yishda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Qonunga ko‘ra kam ta’minlangan oilalarning voyaga yetmagan farzandlariga qurayotgan yoshlarning ehtiyojiga qarab moddiy yordam ko‘rsatishga turli tashkilotlar homiylik qilishmoqda.
Barkamol avlod orzusi – ajdodlarimizdan meros. Xalqimizga xos ezgu maqsad. Ota-bobolarimiz oila qurayotgan yoshlarning nasl-nasabi tozaligiga e’tibor qaratgan. Zero, har bir insonning hayotdagi eng katta maqsadi baxtli oila qurish, sog‘lom farzandlar tarbiyalash va ularning kamolini ko‘rishdir. Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar bugun ushbu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Saida ISMOILOVA,
Toshkent shahar 1-sonli “Nikoh uyi” mudirasi