BU YURTDA INSON QADRI – AZIZ

Samodan yog‘ayotgan “pag‘a-pag‘a” qor atrofni oq libosga bezamoqda. Biroz oldin yo‘lovchilardan qolgan izlarning o‘rnini qoplab qor yanada tez yog‘moqda. Biroq, o‘chib borayotgan izlarni yana boshqa bir inson bosib o‘tadi. Bu hayot qonuni. Qor ustidagi izlar unut bo‘lishi tabiiy, ammo insondan qoladigan ezgu amallar umrbod avlodlar xotirasida yashaydi. Ayniqsa, Ona yurtning gullab yashnashi, kelgusidagi istiqboli uchun fidokorona mehnat qilganlar hamisha va hammavaqt elnng e’zozida bo‘ladi.

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Respublika urush va mehnat faxriylari pansionatida Vatan obodligi yo‘lida katta hissa qo‘shgan keksalar, yakka-yolg‘iz qariyalar, urush va mehnat faxriylari davlat ta’minoti ostida yashamoqda. Bir vaqtlar xalqning xotirjamligi yo‘lida zahmat chekib mehnat qilganlar bugun huzur-halovatda umrguzaronlik qilishmoqda. Keksalarni “xonadon farishtasi” deb hisoblaydigan yurtimiz ularning fidokorligini aslo e’tibordan chetda qoldirmaydi. Xususan, joriy yilning “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilingani so‘zimizning yorqin dalilidir.

Pansionat – italyancha “pansion” so‘zidan olingan bo‘lib “dam olish maskani” degan ma’noni bildiradi. Hozirgi kunda pansionatda 125 nafar nuroniy istiqomat qiladi. Ularning salomatligini tiklash, kun tartibini mazmunli o‘tkazish maqsadida muassasa xodimlari tomonidan amaliy chora-tadbirlar olib borilyapti. Shu bois bu yerdagilarning o‘rtacha umr ko‘rishi 82 yosh hisoblanmoqda.

– Kunimizni tongi sayrdan boshlaymiz, – deydi 68 yoshni qarshilagan Xayrulla Xolmatov. – Mazali nonushtadan so‘ng “qo‘li yengil” uqalovchi hamshiralar qabuliga boramiz. Keksalar uchun uqalash muolajalari jonning huzuri. Qushdek yengil bo‘lib olgach og‘aynilar bilan shashka, shaxmat o‘ynaymiz. Xotiralarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Muassasada hamma sharoitlar bor. Har bir qariya uchun alohida xona ajratilgan bo‘lib, zamonaviy televizor, yuvinish xonasi ixtiyorimizda. Xodima qizlarimiz, baraka topsin, kunora kiyimlarimizni kir yuvish mashinalarida yuvib, dazmollab berishadi. O‘zimning oilam ham, farzandim ham yo‘q. Shu yerdagilar men uchun katta bir oila.

Tunov kuni televizorda qaysi bir mamlakatning aholisini ko‘rsatdi. Yosh bolalar sho‘r suvdan, har xil ovqatlardan zaharlanib kasal bo‘lib qolayotgan ekan. Eng qarilarning yoshi ellikka zo‘rg‘a yetayotganmish. Dunyoning ayrim joylarida ana shunday ko‘ngilsizliklar bo‘layotgan paytda Yurtboshimizning biz keksalarga qaratayotgan cheksiz g‘amxo‘rligidan minnatdormiz. Oltin boshi omon bo‘lsin, ilohim!

Yana o‘qing:  Ijaraga uy olmoqchiman: uning qonuniy asoslari qanday?

Pansionatdagilar bilan suhbatlashish jarayonida shunga amin bo‘ldik-ki, markazda yaratilgan shart-sharoitlardan nuroniylarning barchasi mamnun. 1861 yil tashkil etilgan pansionat hududi uch gektarni tashkil qiladi. Bog‘da turli-tuman mevali daraxtlar ekilgan. Ayniqsa, bahor faslida bu yer chinakam gulzorga, bog‘u-bo‘stonga aylanadi. Keksalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkillashtirish maqsadida tadbirlar o‘tkaziladi. El ardog‘idagi san’atkorlar, yozuvchilar bilan davra suhbatlari uyushtiriladi. Qariyalar muzeylarga sayyohat, tarixiy qadamjolarga, teatrlarga olib boriladi. Yana bir quvonarli jihati maskanda 80 mingdan ziyod kitoblar joylashgan yirik kutubxona, qator jurnal va gazetalar ham bor. Nuroniylarimiz matbuotdagi tezkor xabarlar orqali yurtimizda bo‘layotgan ulkan islohotlarni kuzatib boradi.

Yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, ularni asrab-avaylash milliy mentalitetimizga xos bo‘lgan tushunchalardan biridir. Hatto, ota-ona bu dunyoni tark etgandan so‘ng, ularning xotirasiga hurmat sifatida xonadon chirog‘ini yoqib o‘tirish farzand uchun farz hisoblanadi. Ammo, shuni ham aytib o‘tish joizki, o‘zligini unutgan ayrim kimsalar azaliy qadriyatlarimizga bepisandlik qilib, ota-onasini hayotligidayoq qarovsiz qoldiradi. Nuroniylarga har qancha g‘amxo‘rlik qilinmasin, yaqinlar diydoridan aziz narsa yo‘q. Rahmatulla ota Xoliqov ham bir paytlar cheksiz orzular bilan farzand katta qilgandi…

– Men Samarqand viloyatida tug‘ilganman, – deydi Rahmatulla ota. – Umr bo‘yi o‘qituvchilik qildim. Maktabdan tashqari “Mehribonlik” uyida ham dars berdim. Kelajak egalarining har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun ozmi-ko‘pmi mehnat qildim. Bir kam dunyo deganlaridek, farzandim bo‘lmadi. Rafiqam bilan birga bola asrab oldik. Aqlini tanimagan vaqti olib kelganimiz uchun u o‘zining begonaligidan bexabar, bizni o‘z ota-onasi deb katta bo‘ldi. Biz ham shu kungacha unga asrab olganimizni aytmadik. Ammo ulg‘ayib, gapimizga kirmaydigan odat chiqardi, oxir-oqibat ichkilikka ruju qo‘ydi. Onasi bilan uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga ko‘p urindik, samarasiz bo‘ldi. Qarigan chog‘imizda suyanch bo‘ladi deb katta qilgan farzandimiz vaqt o‘tgan sayin bizga qo‘l ko‘tarishni odat qildi. Mahalla ahli yordami bilan mazkur pansionatga joylashdim. Odam taftini odam olar ekan. Bu yerda mehridaryo insonlar qurshovida qalb yaralarimga malham topdim. Markaz xodimlari yetti yot begona bo‘lsa-da, yaqinlarimdan ziyod g‘amxo‘rlik qilishadi. Umrim zoyeya ketdi deb hisoblamayman. Men ta’lim bergan bolalar hozir yaxshi kasb egasi bo‘lib yurt koriga yarayapti. O‘zim esa davlatimiz qaramog‘ida sog‘-salomat yashayapman…

Yana o‘qing:  Vatan ostonadan boshlanadi

Dunyoda hamma narsaning qiymati bor. Faqatgina mehrning baxosi, sarhadi yo‘qdir. Shu bois mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, ularga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, salomatligini asrash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, Pansionat ham sog‘liqni saqlash tizimi bilan doimiy hamkorlik olib boradi. Xastalangan nuroniylar bepul operatsiya qilinadi. Dori-darmon, zaruriy buyumlar homiylar tomonidan yetkazib beriladi. Saxovatpesha insonlarimiz qo‘lidan kelgancha yaxshilik qiladi. Har bir bayramda sovg‘a-salomlar ulashadi. Yaqin mahallalarda yashovchi odamlar keksalarni ziyorat qilish uchun kunora kelib turishadi.

– Xalqimiz, davlatimiz nuroniylarga ehtirom ko‘rsatishni kanda qilmaydi. – deydi pansionat rahbari Tursunmurod Eshiyev. – Xususan, Keksalarni e’zozlash yilida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2015 yil 1 martdan boshlab urush va mehnat fronti faxriylariga 2015 yil uchun sog‘lomlashtirishga yo‘llanmalar beriladi.

Darhaqiqat, urush va mehnat fronti faxriylari o‘zlari uchun maqbul muddatlarda yiliga bir marta O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari sanatoriylarida o‘n ikki kunlik sog‘lomlashtirish kursidan tekin o‘tish huquqiga ega.

Muxtasar aytganda, inson keksaygani sari yanada ko‘proq mehrga, e’tiborga muhtoj bo‘lib boradi. Yaqinlarimizni borida qadrlab, ularni e’zozlasak xonadonlarimiz yanada fayzli bo‘lib boradi. Qo‘l ochib yurtimizga baraka tilayotgan keksalarimizning duolari mustajob. Axir, aytadilar-ku, mehr bilan sug‘orilgan daraxtning ildizi mustahkam bo‘ladi. Bizning o‘tmishimiz, bugunimiz, ertamiz mana shu ildizlarga bog‘liq.

Dildora QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: