OPPOQ QORLAR YOQQAN KEChA
Aziz singlim, Gulira’no! Sizga maktub yozishga kirishdimu xayollarim yana o‘sha bizga qadrdon qishloq ko‘chalari tomon yo‘l oldi. Yo‘lning ikki tarafida bir chiziq qilib ekilgan oq teraklarning ko‘k sari bo‘y cho‘zib, samoga nimalarnidir so‘zlamoqchi bo‘lganday mahtal turishi ko‘z o‘ngimda gavdalandi.
Darvoqe, qish bo‘lsada harbiy xizmatda chiniqayotganimiz tufayli fasl injiqliklari bizga unchalik bilinmayapti. Bir-biridan qiziqarli o‘tayotgan harbiy mashqlar sabab ko‘p narsani bilib olayapmiz. Tartib-intizom qattiq bo‘lsada, bu yerda o‘tayotgan har bir kunimiz maroqli. Oddiygina tish cho‘tkasini qay tartibda g‘ilofiga joylashtirishdan tortib, gimnastyorka yoqasiga tugma qadashgacha tartib-intizom talab etiladi. O‘zingiz bilasiz-ku betartib joyda ish unumi bo‘lmaydi. Ba’zan o‘ylab qolaman, maktabga qadam qo‘ygan chog‘imiz birinchi o‘qituvchimiz bizga o‘qish-yozishni qanday mas’uliyat bilan o‘rgatgan bo‘lsa harbiy xizmatda ham uning sir-asrorlarini xuddi shunday o‘rganib borayapmiz. Axir ona Vatan degan buyuk sarhadni ko‘z qorachig‘idek asrash eng avvalo harbiylarga yuklatilgan. Ana shunday mard, jasur o‘g‘lonlar safida bo‘lish men uchun qanchalik sharaf ekanligini bilsangiz edi?! Maktubimda shu so‘zlarni yozayapmanu hayajondan nafaqat qo‘llarim, balki yuragim ham “gup-gup” urib ketayapti.
Kuni kecha menga yo‘llagan maktubingizni oldim. Unda ota-onamning, yaqinlarimning sog‘-salomat ekanligi haqida ham yozibsiz. Rahmat. Qish kelsa-da qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi mehr-oqibat yanada oshganini, oyijonimning sizlarnikiga chiqib akangizning to‘yiga atalgan ko‘rpa-ko‘rpachalarni qavishganini maktubingizdan bilib oldim. Biram xursand bo‘ldimki, asti qo‘yaverasiz. So‘zlarimni hech kim eshitmasin-u yangi uyimizning ko‘rpa-ko‘rpachalarini ham ular birga qavishadi degan o‘ydaman. Siz-chi?
Cheksiz hurmat bilan Narzulla akangiz.
Oddiy askar Narzulla Hamidov maktubini konvertga joylashtirib ustiga manzilini yozar ekan bir zum deraza osha tashqariga nigoh qadadi. Ayoz boboning deraza oynalariga ajib gul chizib ketganini ko‘rib bir quvonsa, Gulira’noning maktubini olganidan so‘ng yonoqlari alvon rang tus olib, uni shivirlab o‘qishidan zavqlanib ketdi. Qor esa hali-veri tinmaydigan ko‘rinadi. Mayli, elu yurtga qut-baraka keltiruvchi, ertangi hosilning mo‘l-ko‘l bo‘lishiga zamin yaratuvchi oppoq qorlar cheksiz samodan Ona yer bag‘riga to‘kilaversin.
Bobosining keng yelkalariga chopon tashlab qo‘y-qo‘zilarining holidan xabar olganicha, qo‘ra eshigini yana tambalab qo‘yishini ko‘z oldiga keltirgan yigit o‘zicha g‘ururlanib qo‘ydi. Bu shirin o‘ylar uni entiktirib, ko‘nglida ajib hislar uyg‘otdi. Narzulla xayolan Gulira’noning kelin libosida hayo bilan hovli supurayotganini bir zum tasavvur etdi. Chunki, to‘y yaqin edi.