Umrlar bo‘ladiki, mangulikka tirikdir
“DADA, MENI DUO QILING…”
Erta tongdan ona O‘zbekistonimizning jasur himoyachisi bo‘lgan “Jasorat” medali sohibi marhum serjant Elomon Otajonov yashagan xonadon tomon yo‘l oldik. Mashinada ketayapmiz. Qish fasli bo‘lishiga qaramay atrofda bahor havosi hukmron. Mashina oynasidan tushayotgan quyoshning zarrin nurlari tanaga xush yoqadi. Uzoqdan oppoq qorga burkangan ulug‘vor tog‘lar ko‘zga tashlanadi. Ana, yo‘l chetlarida maysalar nish ura boshlabdi. Qarang, ular ham hayotni sevadi, yashashga oshufta. Lekin afsus, qishning bir kuni ham qish. Hali oldinda qahraton kunlar borligini o‘ylab, maysalarning bevaqt tashrifidan mahzun tortdim…
Serjant Elomon Otajonov ham hayotni sevardi. U ayni navqiron yoshda hayotdan ko‘z yumdi. O‘shanda 22 yoshda edi. Uning ham qalbi orzu-umidlarga limmo-lim edi…
Mana, Elomon tug‘ilib o‘sgan qishloq. Mana, uning qanchadan-qancha sho‘xliklariga guvoh bo‘lgan qadrdon ko‘cha. Unga bugun Elomon Otajonov ko‘chasi deb nom berilgan. Mana, u kamol topgan xonadon… Orasta hovli. Hovlida ul-bul yumush bilan kuymalanib yurgan Xolmurod aka bilan Yanglish opa istiqbolimizga chiqdi. Ichkari kirdik. Hol-ahvol so‘raganimizdan so‘ng suhbat o‘z-o‘zidan Elomon Otajonovning bolalik va yoshlik yillari, u bilan bog‘liq xotiralarga ulandi.
– Elomon tug‘ilganda unga nima deb ism qo‘ysak ekan, deb keksa tog‘amdan maslahat so‘raganmiz. O‘zbekchilikda taomil shunaqa: chaqaloqqa yoshi ulug‘ insonlar ism qo‘yib berishadi. Shunda tog‘am uzoq o‘ylanib turib, “chaqaloqning ismi Elomon bo‘lsin”, deganlar, – deydi Xolmurod aka. – Bu ismni eshitib, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar “shunaqa ism ham bor ekanmi?” deb hayron bo‘lishgan. Ularga “Elomon – el omonligi uchun xizmat qilsin degani. Hali u katta bo‘lsa, o‘z nomiga munosib yigit bo‘ladi”, deganman kulib…
Elomon juda og‘ir-bosiq, mulohazali edi. Hech qachon ko‘nglimizni og‘ritadigan, ranjitadigan ish qilmagan. U o‘g‘illarim ichida eng kattasi bo‘lgani uchunmi, unga mehrim bo‘lakcha edi. Biror ishni qilishdan oldin men bilan maslahatlashardi, mendan yo‘l-yo‘riq olardi. Elomon to muddatli harbiy xizmatga ketgunga qadar men va onasiga ko‘makchi bo‘ldi. Dalada biz bilan yonma-yon ishladi. Maktabda ham yaxshi o‘qigan. Ustozlaridan u haqda faqat yaxshi gap eshitardik… Keyin muddatli harbiy xizmatga ketdi. Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng harbiy qasamyod qabul qilgani haqida faxrlanib xat yozdi. Biz ham yaxshi xabar eshitganimizdan xursand bo‘ldik. U tez-tez xat yozib turardi. Biz kun sanab, uning uyga qaytishini kutib yurgan kunlarimizning birida Elomondan yana xat oldik. Unda “dada, shartnoma bo‘yicha xizmatni davom ettirmoqchiman. Qarorim qat’iy. Meni duo qiling”, degan jumlalar bor edi. Men ham bu qarorini quvvatladim… Oradan ikki yil o‘tib, o‘sha mash’um voqea sodir bo‘ldi… O‘shanda 2000 yilning avgust oyi edi… Tug‘ilgan kuniga bir oy qolgandi… Safdoshlari o‘g‘limning qahramonlarcha halok bo‘lganini aytishdi… Elomonjon o‘z ismiga munosib el omonligi, tinchligi yo‘lida jonini qurbon qildi… Oradan qancha vaqt o‘tdi. Vaqtni har narsaga davo deydilar. Balki shundaydir. Lekin u ko‘ngildagi farzand dog‘ini yuvolmaydi. Oilamizda biror kun yo‘qki, Elomonjonning nomi, yodi tilga olinmagan. Menga bir narsa taskin beradi: farzandimiz tarbiyamizni oqladi, qisqa umr ko‘rsa-da, lekin ortidan yaxshi nom qoldirib ketdi…
Xolmurod aka bir nuqtaga tikilgancha jim qoldi. Uning xayolidan shu topda nimalar kechayotganini mungli qiyofasidan, titrayotgan lablaridan ham bilish mumkin. Ha, farzandidan judo bo‘lish ota-ona uchun qanchalik og‘ir. Bu dog‘ yillar o‘tsa-da, qalbni o‘rtayveradi. Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Bunday vaziyatda tasalli berishga so‘z topolmaysan, kishi. Stol ustidagi suratni qo‘limga olib, unda aks etgan harbiy kiyimdagi xushsurat yigit qiyofasiga tikildim…
“ORZULARI USHALMAY QOLDI”
– Elomonjonning to‘yiga deb sarpolar yiqqandim, – deydi Yanglish opa. U gapirayapti-yu ko‘zlaridan “duvillab” yosh to‘kilayapti. – Oxirgi marta xizmat ta’tiliga kelganida unga “Elomonjon bo‘ldi endi, seni ham uylantiraylik. Qara, sen tengi o‘rtoqlaring uylanib, bola-chaqali bo‘ldi”, desam u kulib meni quchdi-da: “Ona, hali uylanishga ulguraman. Men oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirmoqchiman. Keyin orqa tomonimizdagi uyni sotib olamiz, keyin bu yonimizdagi uyni sotib olamiz. Keyin uylanaman. Mana shu uylarda uch aka-uka yonma-yon yashaymiz”, degandi. Bu uning orzusi edi. Elomon opa-ukalariga, singlisiga, qarindosh-urug‘larga, do‘stlariga juda mehribon edi. Xizmat ta’tiliga kelsa, uydagilar bilan hol-ahvol so‘rashib bo‘lib, darrov qarindosh-urug‘larimiznikiga yo‘l olardi. Shu bilan yarim tunda qaytib kelardi. Bir gal “Elomonjon, sen bizni ko‘rishga kelganmisan yo boshqalarnimi?” dedim jahlim chiqib. Onaman-da, farzandimning ko‘proq yonimda bo‘lishini, u bilan ko‘proq suhbatlashishni, diydoriga to‘yishni istardim. U esa “Ona, men hammani sog‘inganman. Qishloqda kam bo‘laman. Shuning uchun ta’til vaqtida tanish-bilishlardan xabar olib qo‘yay, deyman-da. Yana ular meni oqibatsiz bo‘lib ketibdi, deyishmasin”, degandi. O‘shanda xijolat bo‘lib qolganman… Oxirgi marta kelganida dadasiga “men xizmat safariga ketayapman. Sizlar bilan xabarlasholmasligim mumkin”, degan ekan. Shundan keyingi voqealarni eslagim kelmaydi… Uning xatlarini yaqingacha saqlab yurdim… Uni har doim sog‘inaman. U bilan to‘yib-to‘yib suhbatlashgim keladi. Uning hech qachon ko‘z o‘ngimdan ketmaydigan porloq ko‘zlarini, qop-qora sochlarini, o‘sha mudhish kuni yanada ko‘rkam tortgan jonsiz vujudini, hatto o‘lim ham husn bo‘lib tushgan chehrasini yodga olganimda ko‘ksim, dimog‘im jizillab achishadi. O‘ylab o‘yimga yeta olmayman, bu bevaqt kelgan qiron menga taqdirning kechirib bo‘lmas xatosidek tuyuladi, vujudim cheksiz iztirobdan o‘rtanadi, tomog‘imni achchiq alam va qahr kuydiradi… Oradan o‘n to‘rt yil o‘tdi. O‘n to‘rt yil ichida bu bag‘rikeng dunyoga kimlar kelib, kimlar ketmadi. Lekin qalbimni birgina armon o‘rtaydi. Elomonimning so‘nggi so‘zlarini eshita olmadim…
AKA IZIDAN
…2000 yilning yozi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Yusuf Otajonovga “Akang og‘ir ahvolda gospitalga tushibdi. Tez yetib borishing kerak”, degan xabar yetkazildi. Qo‘rquv va tahlikada uyga yetib kelgan Yusuf butunlay boshqa holning guvohi bo‘ladi: suyanchig‘i, doim u bilan faxrlanib yuradigan mehribon akasi hayotdan ko‘z yumibdi! Uni so‘nggi manzilga kuzatish uchun hovli-yu ko‘chaga tumonat odam yig‘ilgan. Ukaning faryodi olamni tutdi… Unga o‘ziga kelib olish uchun muhlat berishdi. Lekin akasining ma’rakasini o‘tkazgan uka ertasigayoq yo‘l tadorigini ko‘ra boshladi. Savol nazari bilan tikilgan ota-onasiga: “Men muddatli harbiy xizmatni davom ettiraman. Keyin esa oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiraman”, dedi-yu, yo‘lga otlandi. Ha, u akasini yaxshi ko‘rardi. Akasining orzusi oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish ekanligini bilardi. Bu istak o‘zida ham bor edi. Akasining o‘limi qalbidagi mana shu istakni qat’iy maqsadga aylantirdi. U muddatli harbiy xizmatni tamomlaganidan so‘ng Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga o‘qishga kiradi.
– Akam men uchun bebaho inson edi va shunday bo‘lib qoladi, – deydi mayor Yusuf Otajonov. – Akamda yigit kishi o‘rganishi kerak bo‘lgan jihatlar, fazilatlar ko‘p edi. U haqda qishloqdoshlarimiz ham, maktabdagi ustozlarimiz ham faqat yaxshi gap aytardi. Balki yaxshi insonlarning umri qisqa bo‘ladi, deganlari rostdir… Akamning nomi, yodi doim qalbimizda. Men mana shunday jasur insonning ukasi ekanligimdan faxrlanaman…
XOTIRA – MUQADDAS
Serjant Elomon Otajonov Sharof Rashidov nomidagi 2-umumta’lim maktabida tahsil olgan. Bugun ushbu ta’lim maskanida uning xotirasiga bag‘ishlab burchak tashkil qilingan. Unda qahramonning suratlari, unga tegishli buyumlar o‘rin olgan. Shuningdek, maktabda Elomon Otajonov xotirasiga bag‘ishlangan sport musobaqalari, turnirlar tez-tez o‘tkazilib turiladi. O‘qituvchilar o‘quvchi-yoshlarga uning mardligini, jasoratini o‘rnak qilib ko‘rsatishadi, uningdek yurtni sevishga, Vatan tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrashga undashadi.
– O‘g‘limning nomini abadiylashtirish maqsadida maktabda xotira burchagi tashkil qilinganida juda xursand bo‘lganman, – deydi Xolmurod aka. – Yurt uchun, Vatan uchun qilingan xizmat hech qachon izsiz ketmas ekan. Elomonjonning xizmatdosh do‘stlari tez-tez kelib turishadi. Ular har kelganda albatta, maktabda tashkil qilingan xotira burchagini ziyorat qilib ketishadi. Maktabda o‘g‘limning xotirasiga bag‘ishlab sport musobaqalari o‘tkazilayotgani haqida eshitayapman. Qishlog‘imizda kelajagini harbiy soha bilan bog‘layotgan yoshlar soni ko‘paymoqda. Bu ham meni quvontiradi. Chunki, o‘g‘limning hayot yo‘li yoshlarga ibrat bo‘layotganini dildan his qilaman.
Ha, yaxshi insonlar xotirasi hech qachon yoddan ko‘tarilmaydi. Ayniqsa, yurt uchun, Vatan tinchligi uchun hayotini baxshida qilgan mardlar nomi abadiydir. Ular millatimizning faxri, iftixoridir. Toki tirik ekanmiz, yurtning mana shunday fidoyi farzandlari nomini doim yodga olib, ularning ruhini shod qilaylik, ko‘ngillarimizni poklaylik. Mana shunday ezgu amallar har birimizning hayotimiz mazmuniga aylansin.
Katta leytenant
Gulnora HOJIMURODOVA