IKKI AVLOD UCHRASHUVI
Buxoroda viloyat hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida faxriylar va yoshlarning uchrashuvi
o‘tkazildi.
Nuroniylar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari, turli sohalarda katta yutuqlarga erishayotgan yoshlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida keksalarga va navqiron avlodga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, ularni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda. Yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda ularning boy hayotiy tajribasi va bilimi qo‘l kelayotir.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2015 yil mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili, deb e’lon qilingani yoshi ulug‘ insonlarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi, – deydi 79 yoshli Orif Xo‘jayev. – Biz, keksalik gashtini surayotgan qariyalar navqiron avlod shijoati, bilimi, ularning porloq kelajagi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga havas qilgan holda, yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, maslahat berishdan charchamaymiz.
Tadbir doirasida bir guruh keksalar hamda ta’lim, badiiy ijod, sport va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar rag‘batlantirildi.
Vatan, ezgulik va baxtli bolalikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
E.YODGOROV,
O‘zA muxbiri