IXTISOSLASHTIRILGAN TIBBIY XIZMAT
Aholi salomatligini asrashda muhim omil bo‘lmoqda
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari va yetakchi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislari ishtirokida joylardagi tibbiyot maskanlarida “Mahorat darslari” tibbiy-ijtimoiy aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad hududlardagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokorlarning malakasini oshirish, jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlari va ilm-fan yangiliklarini keng ommalashtirish, yurtimizning olis hududlarida yashayotgan aholiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishdan iborat.
Chirchiq shahridagi Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan shunday tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari, yetakchi mutaxassislar, mahalliy shifokorlar ishtirok etmoqda.
Ushbu markaz 2014 yilgi investitsiya dasturi doirasida tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Markazning o‘nta bo‘limida yiliga qariyib sakkiz ming bemor bolaga tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Aksiya doirasida tashkil etilgan davra suhbatida bolalar jarrohligi, pediatriya va neonotalogiyaning dolzarb masalalariga oid ma’ruzalar tinglandi. Poytaxtimizdan kelgan olimlar va shifokorlar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Bolalarga intensiv tibbiy yordam ko‘rsatishda yangi tibbiy texnologiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan mahorat saboqlari tashkil etildi.
Yetakchi mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda bolalarda uchraydigan tug‘ma va orttirilgan jigar, qon-tomir, buyrak xastaliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha ko‘rgazmali operatsiyalar o‘tkazdi.
I.XUDOYQULOV