OPPOQ TONGLAR, BEG‘UBOR TONGLAR
(Badia)
Hovli o‘rtasidagi pastqam supa ustiga qaydandir oppoq zarra kelib tushadi. Keyin yana bir, keyin yana bir, ikki, uch… Bir pastda supa ustini qoplay boshlagan oqlik u yerga sig‘mayotgandek pastga ena boshlaydi va ajib bu manzara butun hovli bo‘ylab yoyilib ketadi. G‘adir-budur ko‘rinishga ega tevarak bir xil tusga kiradi. Yer ostiga sig‘mayotgandek bo‘rtib turgan do‘ppayma toshcha, hali yerga singib ketishga ulgurmagan yomg‘ir ko‘lmakchalari-yu yopishqoq loygarchilik, barcha-barchasi o‘sha zarralar og‘ushiga g‘arq bo‘ladi. Oppoq, mitti yulduzchalar shu zaylda butun hovli bo‘ylab yoyilib ketadi. Atrofni oqlik, beg‘uborlik egallaydi.
Beg‘ubor qor parchalari… Beg‘ubor oqlik… Kishiga ana shunday shodumonlik, tabiatda o‘zgacha sehr va shu asnoda inson va borliq o‘rtasida so‘nmas mehr uyg‘ota oluvchi sehrli olamdir u.
Ana shu go‘zallikning bir parchasini qo‘lingga olib, unga boqarkansan, beixtiyor jilmayib qo‘yasan. Beixtiyor ana shu billur manzaralar maftuniga aylana borasan. Kaftingda qiqirlab turgan bu yoqimtoy yulduzchalar bir dam senga jonsizdek tuyuladi. Hattoki sening birgina istaging uni yo‘q qila oladigandek. Lekin bunday bo‘lmaydi. Qo‘lingdagi mo‘jiza go‘yoki o‘z sehrini ko‘rsatadi va seni do‘stlikka, birodarlikka chorlayotgandek so‘zlay boshlaydi. Dastlab ovoz egasini topmoq ilinjida tevarak-atrofingga alanglaysan. Hattoki bu qo‘ng‘iroq sadolari ko‘nglingdagi umuman boshqa tuyg‘ularni-da uyg‘otib yuborar. Lekin mo‘jiza davom etadi. Sezganing, qo‘lingdagi qor zarralari birin-ketin, “dikir-dikir” sakragancha, bir-biriga gal bermay chug‘urlashib, xayollaringni bo‘lib yuboradi. Keyin asta ularga tikilibroq qaraysan. Shunda ko‘rasan-ki, rostdan qor so‘zlayapti. U senga nimalarnidir tushuntirmoqchidek ko‘zlarini pirpiratgani pirpiratgan. Hatto mitti sumalakchalardan iborat kipriklarigacha aniq-tiniq ilg‘aysan. Rangsiz, ammo shakli-shamoyilini dam-dam o‘zgartirib turayotgan lablari-da seni hayratga solmoqda. Barchasi fusunkor, barchasi dilga yaqin. Asta-sekin u sening yuragingga kirib boradi. Noodatiy holdek u ko‘ksingni ilita boshlaydi. Shu tarzda sen qorning maftuniga aylana borasan.
Endi esa quloqlaring ostida uning so‘zlari jaranglayveradi: “Men bilan do‘st bo‘l. Menga sirdosh bo‘l. Men ertangi rizq-ro‘z, men olam-olam shodlikman”.
Beixtiyor yana jilmayasan. Kaftingdagi mo‘jizani yuzingga yaqinlashtirasan. Oppoq, mitti qo‘lchalar senga talpinadi. Ko‘z ilg‘amas barmoqchalari burningni qitiqlaydi. G‘ashing kelgandek seskanib tushasan-u, lekin yana yuzingni unga yaqinlashtirasan. O‘zaro iliqlikdan taning yayraydi. Keyin dilingda musaffo hislarga yo‘l ochilgandek shirin entikib qo‘yasan. Bu holni samimiy do‘stlik belgisi deya tushungan mitti Oqvoy esa “qiqirlab” kulgancha yerga sakrab tushadi va son-sanoqsiz do‘stlari safiga singib ketadi. Faqat uning kulgusi hovlining dam bu burchidan, dam u burchidan seni entiktirgancha eshitilaveradi, eshitilaveradi…
…Tun bo‘yi qor yog‘adi. Falak yer yuziga tun bo‘yi rizq-ro‘z sepadi. Olam-olam shodliklar tun bo‘yi seni kutib yotadi.
Tong otadi. Oppoq tong, beg‘ubor tong. Qorga termulasan, ko‘kka tikilasan. Hammayoq oqlik, hammayoq musaffo. Shu tarzda sening tonglaring ko‘klam qadar ana shunday mo‘jizalar bilan otaveradi. Har tong sehrli qor parchasining beg‘ubor, oppoq kulgulari yuragingga iliqlik olib kiraveradi.
Muhabbatga limmo-lim olam,
Nurafshondir bu kungi onlar.
Ezgulikka chorlaydi har dam
Oppoq tonglar, beg‘ubor tonglar!
Farhod ESHMO‘MINOV