ZAHARNING OZI ShIFO… ASALNING KO‘PI HAM ZARAR
Biogen stimulyatorlar – tabiatning shifobaxsh in’omlari
Ona tabiatda har bir o‘t va giyoh yoki hayvonot olami mahsulotlari mo‘jizaviy hamda shifobaxsh ta’sirga ega. Faqat ularni o‘z o‘rnida bilib ishlatish zarur. Buning uchun esa farmatsevt-mutaxassislar yoki litsenziyaga ega bo‘lgan va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, bilimdon xalq tabiblarining maslahat va tavsiyalari zarur. Aytishadi-ku, “zaharning ozi shifo, asalning ko‘pi ham zarar”. Bilib-bilmay turli reklamalarga ishonib, o‘zbilarmonlik bilan dori vositalarini ichish mumkin emas. Chunki, sun’iy va kimyoviy dori vositalarining yo‘riqnomalarini o‘qisangiz uning qanday zararli aks ta’sirlari haqida ham ma’lumotlar berilgan. Tabiiy va shifobaxsh giyohlarni ham o‘ziga yarasha me’yor va dozalarda xalq tabiblari tavsiyasi asosida ichish zarur.
Quyida biz fauna (hayvonot olami) va flora (o‘simliklar dunyosi)dan olingan ayrim tabiiy mahsulotlar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.
Biogen stimulyatorlarni birinchi bo‘lib akademik V.Filatov o‘simliklar va hayvonlardan ajratib olingan to‘qimalar va a’zolarda regeneratsiya(qayta tiklanish) jarayonini oshiradigan biologik faol moddalar sifatida aniqladi. Biologik faol moddalar to‘qimalar noqulay sharoitga qo‘yilganda (sovuq, qorong‘u joyda) shu sharoitga moslashish (adaptatsiya) tufayli paydo bo‘ladi. Shu yo‘sinda olinadigan stimulyatorlarni o‘simlik va hayvon to‘qimalaridan olingan moddalar: aloe ekstrakti, shirasi, platsenta(yo‘ldosh) osilmasi, FIBS, gumizol tashkil etadi. Bu moddalar tarkibida mineral tuzlar, mikroelementlar, vitaminlar, aminokislotalar va boshqa biologik faol moddalar mavjud. Shuning uchun ular turli-tuman ta’sirga ega antitelolar hosil bo‘lishini, fagotsitozni, asab va endokrin tizimi hamda boshqa a’zolar va to‘qimalar faoliyatini boshqarib, organizmni chidamliligi va uning himoya kuchini oshiradi.
Aloe o‘simligining xususiyatlari bundan uch ming yil avval aniqlangan. Yunoniston va Misrda yiringli yaralarni davolash, me’da ichak-kasalligida ishtahani oshirish uchun qo‘llanib kelingan. Bu o‘simlik bargi va sharbati tarkibida fermentlar, vitaminlar hamda fitonsid (o‘simliklar tarkibidagi antibiotik xossasiga ega modda)lar, bargida antraglikozidlar, emodin, efir moylari mavjud. Aloe bargi me’da-ichak sekretsiyasi (hazm uchun turli shiralar ishlab chiqarishi)ni, ichak peristaltikasi (harakati)ni oshiradi. Shuning uchun bu moddalar me’da-ichak tizimi kasalliklarida qo‘llanadi. Aloe sharbati ginekologiyada bachadon bo‘yni eroziyasi (bachadon bo‘yini shilliq qavatining yuza yallig‘lanishi)ni davolashda buyuriladi. Aloening biostimullangan barglaridan in’yeksiya uchun tayyorlangan ekstrakti, linimenti organizmning immun himoya kuchlarini, to‘qimalarda modda almashinuvini oshiradi, ko‘z kasalliklari – blefarit, keratit, irit, shishasimon tana xiralashganda, me’da va o‘n ikki barmoq ichak yaralarida, kuygan joylarni, nur kasalligida teri jarohatlanganda, trofik(uzoq vaqt bitmaydigan) yaralarni, osteomiyelit (suyak iligining yiringli yallig‘lanishi)ni davolashda keng qo‘llaniladi.
FiBS – limon moyidan tayyorlangan biostimulyator, ko‘z kasalliklari (blefarit, shishasimon tana xiralashganda) hamda artrit (bo‘g‘imlar og‘rig‘i), radikulit (bel og‘rig‘i), mialgiya (mushaklar og‘riganda)larni davolashda qo‘llanadi. Parenteral yo‘l orqali yuboriladi.
Gumizol – dengizning shifobaxsh balchig‘idan tayyorlangan biostimulyator bo‘lib surunkali radikulit, pleksit(elka asab chigali yallig‘lanishi), nevralgiya(asab tolalari yallig‘langanda), revmatoid artrit (bodli bo‘g‘im og‘riqlari)larni davolash uchun qo‘llanadi. Mushaklar orasiga va elektroforez yo‘li bilan tanaga yuboriladi.
Platsentadan in’yeksiya uchun olinadigan moddalar ko‘z kasalliklarida, mialgiya, artrit, radikulitlarda, ayollarning jinsiy a’zolari yallig‘langanda qo‘llanadi. Ko‘z sili, glaukoma, yurak va qon tomirlar yetishmovchiligida, buyrak kasalliklarida qo‘llash man etiladi.
Boshqa har xil biostimulyatorlarga rumalon, shishasimon modda, solkoseril, apilak, propolis (asalari mumi), raveron moddalari kiradi.
Rumalon yosh hayvonlar kemirchagi va iligidan olinadi. Bu dori vositasi artroz(bo‘g‘imlarning distrofik surunkali kasalligi), spondilyoz(umurtqa pog‘onasining distrofik va degenerativ surunkali kasalligi)larni davolashda keng qo‘llaniladi.
Shishasimon modda – qora mollar ko‘zining shishasimon moddasidan tayyorlanadi, kuyish oqibatida va jarrohlik muolajalaridan keyin hosil bo‘lgan chandiq to‘qimalarni yumshatish va tarqatish uchun hamda bo‘g‘imlar kontrakturasi(changak, akashak-bo‘g‘im harakatining vaqtincha yoki butunlay cheklanishi)da, radikulitlarni davolash uchun qo‘llanadi. Ushbu tabiiy dori vositasi teri ostiga yuboriladi. Ba’zi ko‘z kasalliklarida (keratit , shox pardaning kuyishi tufayli jarohatlanganda) konyuktiva ostiga in’yeksiya qilinadi. Yuqumli kasalliklarda, yallig‘lanish jarayonlarida, buyrak, jigar, o‘sma kasalliklarida qo‘llash man etiladi.
Solkoseril – qora mol qonining oqsillardan tozalangan ekstrakti bo‘lib, bu modda moddalar almashinuvini va regeneratsiya jarayonlarini oshiradi. Oyoqdagi trofik yara(qiyin bituvchi)larni, qorason (gangrena), radiatsion yaralarni davolash uchun, teri ko‘chirib o‘tkazilganda qo‘llanadi, parenteral (tana ichiga yuboriladi)va malham sifatida qo‘llanadi.
Apilak – asalaridan olinadigan modda. Yosh bolalardagi gipotrofiya (ovqatlanishning surunkali buzilishi sababli bolalarning asta-sekin ozib ketishi)ni, anoreksiyani, kattalardagi gipotoniya (qon bosimi tushib ketganda)ni davolash uchun qo‘llanadi. Ichish uchun tavsiya etiladi va emizikli bolalarga shamcha shaklida qo‘llanadi.
Raveron – hayvonlarning prostata bezidan androgen va ekstrogen moddalar, oqsillar olib tashlangandan keyin tayyorlangan modda. Prostata bezi yallig‘lanishida va prostata adenoma(xavfsiz o‘sma)sini davolashda qo‘llaniladi.
ASALARI VA ILON ZAHARLARIDAN OLINADIGAN MODDALAR
Asalari zahari – apitoksin tarkibida gistamin, fermentlar (gialuronidaza, fosfolipaza A), xolin, triptofan, mikroelementlar, organik kislotalar va boshqalar bo‘ladi. Asalari zahari teriga, teri ostiga yuborilganda mahalliy qizaradi. Uni bu dori vositasi qizitadi, to‘qimalar shishadi, qonga so‘rilgandan keyin et uvishadi. Bosh og‘riydi, ko‘ngil ayniydi, bemor qayt qiladi, uning harorati ko‘tariladi.
Apitoksinning ta’sir mexanizmi oxirigacha aniqlanmagan. Uning ta’siri qisman tarkibidagi biologik faol moddalarning xususiyatlari bilan bog‘liq. Bu moddalar tomirlar devori o‘tkazuvchanligiga, qon bosimiga ta’sir ko‘rsatadi. Asalari zahari qon quyulishini, uning qovushqoqligini, qonda xolesterin miqdorini kamaytirishi, gemoglobin miqdorini oshirishi mumkin. Asalari zahari reflektor ta’sir ko‘rsatadi, qo‘yilgan joyidan terini, teri osti retseptorlarini ta’sirlaydi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra asalari zahari gipofiz, buyrak usti bezini faoliyatini, kartikosteroid gormonlar ajralishini oshiradi.
Asalari zahari bo‘g‘imlar, mushaklar yallig‘lanishida og‘riqni qoldirish uchun, nospetsifik poliartrit(ko‘pgina bo‘g‘imlarning birdan yallig‘lanishi)larni, miozit, radikulitlarni, nevralgiyalarni, ba’zi allergik kasalliklarni, migren(shaqiqa-boshning yarim qismida og‘riq kuzatiladi), trofik yaralarni, obliteratsiyalovchi endoarterit (oyoq arteriyalari shikastlanishi bilan kechadigan tomirlarning surunkali kasalligi), tromboflebit (vena qon tomirlari devori yallig‘lanib, uning ichida qon laxtasi paydo bo‘lishi)larni davolash uchun qo‘llaniladi. Asalari zaharidan tayyorlanadigan mahsulotlardan apifor, apizartron, virapin kabi dori vositalari qo‘llaniladi. Buyrak, jigar, me’da osti bezi, diabet kasalliklarida, o‘smalar, sil, sepsis (qonning zaharlanishi)da, og‘ir yuqumli, ruhiy kasalliklarda asalari zaharidan tayyorlangan dori vositalarini qo‘llash man etiladi.
Ilon zaharidan tayyorlangan vipraksin in’yeksiya uchun qo‘llanadi. Bu dori og‘riq qoldirish, yallig‘lanishga qarshi, nevralgiya, artralgiya (bo‘g‘imlar og‘rig‘i), mialgiya (mushaklardagi og‘riq), surunkali nospetsifik poliartrit, miozit(mushaklar yallig‘lanishi)larni davolash uchun qo‘llanadi. Viproksinning ta’sir mexanizmi noaniq, reflektor ta’sir ko‘rsatadi. Bu modda jarayonlarni, gipofiz, buyrak usti bezining faoliyatini oshiradi. Viproksin og‘rigan a’zo terisi ostiga, orasiga va mushaklar orasiga yuboriladi. Ushbu dori vositasi yuborilgan joy bir necha daqiqa kuygandek og‘riydi. Shu sohada kichkina shish paydo bo‘ladi. Viproksinni shu moddaga sezuvchan, o‘pka sili bor bemorlarga, tana harorati ko‘tarilganda, miyadagi qon tomirlarning qon aylanishi buzilganda, jigar, buyrak kasalliklarida, homilador ayollar uchun qo‘llash man etiladi. Ilon zahari moddalaridan viperalgin (in’yeksiya uchun), viprosal (malham), vipratoks linimenti qo‘llanadi.
Dilafro‘z YO’LDOSHEVA,
O‘quv-davolash kompleksi kolleji o‘qituvchisi,
Shayxontohur tumani