SIMSIZ SUN’IY KO‘Z
Avstraliyaning Melburn shahrida joylashgan Monash universitetining olimlari keyingi yilda ko‘ruv asab tolalarini chetlab o‘tib, inson miyasiga signallarni uzata oladigan simsiz bionik interfeysni klinik sinovdan o‘tkazishni boshlaydilar. Bu qurilma nafaqat to‘r pardasi, balki ko‘ruv asabi – ko‘zdan signallarni miyaga uzatuvchi kanali jarohatlangan umuman ko‘rmaydigan insonlar uchun ham buyumlarning shakllarini ko‘rish imkonini beradi.
Avstraliyaliklar tomonidan yaratilgan sun’iy ko‘z ikkita qismdan tashkil topadi. Birinchi qismi bu juda kichik o‘lchamdagi mikrosxema bo‘lib, u miya ichiga o‘rnatiladi. Ikkinchi qismi tashqi qayd etgichlar bo‘lib, ular sifatida raqamli kamera o‘rnatilgan ko‘zoynak ishlatilishi mumkin. Qayd etgichdan signallar chipga (ya’ni, miyaning ko‘ruv hududi hujayralariga) to‘p parda va ko‘ruv asabini chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri simsiz aloqa yordamida uzatiladi.
Bionik interfeysni sinovdan o‘tkazish mo‘ljallanganidek 2015 yilda boshlanadi. Bu sinovlar tadbirkor Mark Bezen va Monash universiteti rektori Alan Finkel tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi. Ulardan har biri bu loyiha uchun bir mln. dollardan mablag‘ ajratishgan. Yana bir mln. dollar miqdoridagi mablag‘ni universitetning o‘zi taqdim qiladi.