“O‘G‘LIM, OVQATINGNI YeMAYSANMI?”
Ota-onalar o‘z farzandlariga ovqat yedirish uchun turli yo‘l tutishadi, aldab ko‘rishadi, qo‘rqitishadi, baribir befoyda. Haqiqatda ba’zida bolalarimiz biz xohlaganimizdek ovqatlanishmaydi. Natijada nimjonlashib ketganday tuyuladi. Lekin ota-onalar, buvi-buvalar bir narsani yaxshi bilishlari kerak: bolaning ovqat yeyishni xohlash-xohlamasligi organizm talabi, ehtiyojining natijasidir. Shuning uchun ham quyidagi tavsiyalarga har bir kishi rioya qilishi lozim:
– Ovqat yeyishga majburlamang! Ovqatga zo‘rlash bolaga ham jismonan ham ruhiy jihatdan zarardir.
– Sovg‘a bilan ko‘nglini olmang va qiziqtirmang! Agar uy ishingni qilsang muzqaymoq, shokolad olib beraman, deb va’da berish o‘ta noto‘g‘ri. Ovqat bolani odobli bo‘lishiga erishish vositasi emas, yashash vositasi ekanligini unutmang.
– Shoshirmang! Tez bo‘l, buncha ko‘p chaynading, degan tanbehlar berish o‘ta noto‘g‘ri. Ovqat yeyish tezligi bu shaxsiy xususiyat. Agar biror joyga shoshib turilgan bo‘lsa, bola bir bo‘lak narsani kam yesa yesinu, lekin shoshib-pishib ortiqcha narsani chaynamasdan yutmasin. Bu organizm uchun o‘ta zararli.
– Bola ovqat yeganda diqqati bo‘linadigan narsalardan uzoq bo‘lishi shart.
– Tashvishlanmang va tashvishga solmang. Bola ovqatini yedimi, qancha yedi, deb hech ham o‘ylamang. Faqat yeyilayotgan ovqatning sifatiga ahamiyat bering. “Sen och qolding, ovqatingni tezda yeb ol” – degan ogohlantirishlarning hech ham keragi yo‘q. Bolani o‘zi eslasin, o‘zi ovqat talab qilsin, uning tabiati bu narsalarni o‘zi belgilab beradi.
Faqat ovqatlar bola qo‘li yetadigan joyda bo‘lishi kerak. Kattaroq yoshdagi bolalarga esa ovqat tayyorligini aytish, ogohlantirish kifoya. Agar bolani biz o‘z aralashuvimiz bilan buzmasak, u nimani, qancha, qachon yeyishini juda yaxshi biladi, chunki, boladagi tabiiy instinkt bu yo‘lni doim to‘g‘ri ko‘rsatib turadi.
Psixolog Zebiniso AHMEDOVA tavsiyasi asosida tayyorlandi