QO‘ShQANOT ShIFOKORLAR

O‘z davrining o‘qimishli, tafakkuri keng, tirishqoq va tashkilotchilik qobiliyati ancha mukammal bo‘lgan Bobo aka turli sabablarga ko‘ra sog‘lig‘ini yo‘qotgan edi. Shu sababli shifokorlarga ko‘p murojaat qilar, dardi arigach biroz muddat tinch-osoyishta hayot kechirardi. U o‘g‘li Xushnudni o‘rta maktabni tugallagani bilan qutlagach, tibbiyot sohasida o‘qib, yetuk shifokor bo‘lishga da’vat etdi.

– Maktabda yaxshi o‘qiding, ustozlaring sen haqingda ancha yaxshi fikr bildirdi, – dedi otasi o‘g‘liga. – Endi katta hayotning boshida turibsan, buyog‘i o‘zingga bog‘liq. Mening istagim – shifokorlik kasbini tanlasang. Tibbiyot xodimlariga kundan-kunga talab oshayapti. Men ham kuni bo‘lmasa, kunora shifokorlarga murojaat qilaman.

Xushnud otasining so‘zini yerda qoldirmadi. Ota istagini bajarishga astoydil kirishdi. Yaxshi niyatlar bilan Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga kirish uchun hujjatlarini topshirdi. Tayyorgarlik ko‘rdi, tinmay o‘qidi, kerakli fanlarni bir necha bor takrorlab chiqdi. Imtihonlardan muvafaqqiyatli o‘tib, tibbiyot oliy o‘quv yurtining davolash fakulteti talabasi bo‘ldi.

Oliygohda serqirra shifokorlik kasbining sir-asrorlarini puxta o‘rganish, otasi ishonchini oqlash uchun butun qobiliyatini ishga solib o‘qidi. Tibbiyot o‘quv yurtida ta’lim olishning o‘zi bo‘lmas ekan. Qat’iy tartib-intizom, fanlarni o‘zlashtirishdagi o‘ta talabchanlik, ustozlarning qattiqo‘lligi, darsliklarni hijjalab bir necha bor mutolaa qilishlar – hamma-hammasi bo‘lg‘usi shifokor uchun sinov davri edi.

Oliygohda kursdoshi, bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i Ra’noxon bilan tanishdi. Ular nafaqat oilada, balki hayotda ham bir tan, bir jon bo‘lib insonlar salomatligini tiklash uchun kurashdilar.

Xushnud va rafiqasi institutni tamomlab, Xorazm viloyati Hazorasp tuman tibbiyot birlashmasiga ishga kirdilar. U quloq, burun va tomoq kasalliklari shifokori bo‘lib xizmat qila boshladi. Ra’noxon esa ko‘z doktori bo‘ldi. Shu kasblarda to‘rt yil ishlashdi. Hayot yosh shifokorlarni har taraflama sinovdan o‘tkazdi. Institutda olgan nazariy bilimlarini amalda sinab, o‘zlarining qobiliyatlarini ishga solib, bemorlarning dardiga darmon bo‘ldilar. Ammo nazariy bilim boshqa, hayot boshqa ekan. Ko‘p hollarda tajribasizlik, tibbiyotning ayrim zamonaviy usullarini bilmaslik ko‘pincha ularga pand berib qolishi mumkin edi. Shu sababli yosh shifokorlar chet elda malakalarini oshirishga qaror qilishdi.

Zamon talablariga javob beradigan tajribali va malakali shifokor bo‘lishi uchun yanada ko‘p o‘qish, o‘z kasbining ustasi – mashhur tibbiyot xodimlaridan amaliyotni o‘rganishdek oliy maqsad ularni Moskvadagi 1-Tibbiyot oliygohiga boshladi. X.Quryazova 1972 yilda bu oliy o‘quv yurtining quloq, burun va tomoq (lor) kasalliklari kafedrasida klinik ordinaturasi amaliyotini o‘tab, uni muvaffaqiyatli tamomladi. Ra’noxon esa ko‘z kasalliklarini davolash bo‘yicha tajribasini yanada oshirdi. O‘qish davomida tajribali va mahoratli shifokorlardan, sohaning mutaxassislaridan saboq olishdi, ko‘p narsalarni o‘rganishdi.

Yana o‘qing:  BOLALARI ZUKKO XALQ bobolar jasoratini unutmaydi

Yurtga qaytgan Xushnud Toshkent davlat tibbiyot institutiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Bu ilm dargohida bo‘lg‘usi yosh shifokorlarga saboq bera boshladi. Oradan ma’lum muddat o‘tgach Hazorasp tumani Markaziy kasalxonasiga bosh shifokor lavozimiga tayinlandi.

Shunday qilib 1978 yil may oyidan o‘zi ilk ish boshlagan kasalxonada bosh shifokor bo‘lib ishlay boshladi. Bu lavozimda 1989 yilgacha ishlab, tumanda sog‘liqni saqlash ishlarining tubdan yaxshilanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

1989 yilda Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi. Bu lavozimda 1994 yilgacha ishlab, viloyat markazida va tumanlardagi sog‘liqni saqlash tizimlari faoliyatini yanada yuqori darajalarga ko‘tarishga, ularda zamonaviy tibbiyot texnologiyalarini amalda qo‘llanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

U 1994 yildan 2006 yilgacha Urganch tibbiyot bilim yurti kollejida direktor lavozimida ishlab, viloyatda malakali yosh hamshiralar tayyorlashdek mas’uliyatli vazifani bajarishga boshqosh bo‘ldi.

Xushnud Quriyazovning turmush o‘rtog‘i, oliy toifali shifokor Ra’no Xoliqova ham Xorazm viloyatidagi bir qator shifoxonalarda ko‘z kasalliklari shifokori lavozimida ko‘p yillar samarali ishlab, bemorlarning ko‘zlariga nur baxshida etishga o‘z hissasini qo‘shdi.

U hozirgi kunda qarilik gashtini surib, farzandlari, nevara-chevaralari davrasida rafiqasi bilan umrguzaronlik qilmoqda. Xushnud Quriyazovning ko‘ksini bezab turgan I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, “Sog‘liqni saqlash a’lochisi”, “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni uning el oldidagi kamtarona xizmatlari hukumatimiz tomonidan yuksak qadrlanganidan dalolat.

Istiqlol tufayli mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida katta o‘zgarishlar yuz bermoqda, – deydi Xushnud Quriyazov. – Bemorlarga tez va aniq tashxis qo‘yib, sifatli davolash – bugungi shifokorlarning burchi, vazifasi. Hukumatimiz ularga barcha sharoitlarni yaratib bergan. Bemorlarga eng yuksak darajada xizmat ko‘rsatish uchun bizda imkoniyatlar ham, yetuk mutaxassislar ham yetarli.

Ustozning shogirdlari ko‘p. Ular orasida o‘nlab professor shifokorlar, mohir jarrohlar, malakali vrachlar bor. Hamon ular bilan o‘zaro tajriba almashadi, maslahatini ayamaydi. Haqiqiy shifokor faxriylikka chiqmaydi. U hamisha oldingi safda, odamlar g‘amida yashaydi. Xushnud Quriyazov ham ana shunday fidoyi insonlar safining boshida turib yashamoqda.

Jabbor RAZZOQOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: