GO‘ZALLIK VA NAFOSAT BAYRAMI

Poytaxtimizdagi badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar respublika ixtisoslashgan olimpiya zaxiralari sport maktabida xotin-qizlar o‘rtasida “Gimnastika barcha uchun” an’anaviy musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, Respublika gimnastika federatsiyasi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi kabi qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan 160 nafardan ziyod ishtirokchi g‘oliblik uchun bahslashdi.

Musobaqa ishtirokchilari orasida gimnastrada bilan muntazam shug‘ullanayotgan sportchilar bilan birga maktab o‘quvchilari, uy bekalari, korxona va tashkilotlar xodimlari ham borligi mamlakatimizda sport aholining barcha qatlami o‘rtasida keng ommalashayotganidan dalolatdir.

Musobaqada jamoalar tayyorlagan kompozitsiyalar ijro mahorati, raqs va gimnastika elementlarini bajarish qobiliyati bo‘yicha baholandi.

Namangan viloyatining “Fantaziya” jamoasi birinchi, Navoiy viloyatining “Qizilqum gavhari” hamda Samarqand viloyatining “Samarqand yulduzi” jamoalari uchinchi o‘rinni egalladilar.

Turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘olib jamoalar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

BEShINCHI BORA

Filippin poytaxti Manila shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasi tashkil etilganining 60 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda joriy yilgi futbol mavsumining turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblari taqdirlandi.

Vatandoshimiz Ravshan Ermatov Eron vakili Ali Rizo Fag‘oniy va bahraynlik Navof Shukrulloh nomzodligini ortda qoldirib yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan holda “Osiyoning eng yaxshi hakami” bo‘ldi.

Shu tariqa Ermatov beshinchi bora Osiyoning eng yaxshi hakami deb tan olindi. Shuni ta’kidlash joizki, u 2008, 2009, 2010 va 2011 yillarda ham xuddi shunday muvaffaqiyatga erishgan edi.

Eslatib o‘tamiz, hamyurtimiz yozda Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati vaqtida to‘rtta o‘yinni boshqarib, mundiallardagi uchrashuvlari sonini 9 taga yetkazgan va bu borada rekord o‘rnatgan edi.

PARKINSONga chalingan BEMORLAR UCHUN MAXSUS QOSHIQ

Amerikaning “Google” kompaniyasi Parkinson xastaligiga chalingan bemorlar uchun “aqlli qoshiq” (Liftware Spoon)ni sotuvga chiqarganligini e’lon qildi. U bemorlarga qo‘llari qattiq qaltirashiga qaramasdan o‘zlarining mustaqil ovqatlanish imkonini beradi.

Mazkur qoshiqni “Google” sentyabr oyida sotib olgan “Lift Labs” deb nomlanuvchi innovatsion tibbiyot uskunalari kompaniyasi injenerlari yaratdi. Ular uskuna foydalanuvchining qo‘li holati va qaltirashini aniq hisob-kitob qilib, shunga qarab moslashishi uchun yuzlab algoritmlardan foydalanishdi. Ushbu qoshiq dastasining ovqatlanish jarayonidagi qimirlashi 76 foizga kamayadi. Mutaxassis shifokorlarning fikricha uskuna tashxisga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, aksincha bemorlar hayotida muhim o‘zgarishlarga sababchi bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Intiluvchan, izlanuvchan va champion

Parkinson xastaligi markaziy asab tizimi kasalligi bo‘lib, bunday bemorlarda qo‘l, bosh qaltirashi, yurish va nafas olishning buzilishi kuzatiladi. Uning davosi topilmagan, lekin zamonaviy tibbiyot bemorning hayotini uzaytirish imkonini beradi.

G.EGAMBERDIYEVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: