HAYOTIMIZ ChAROG‘BONI
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirishga, ular salomatligini mustahkamlashga, qonuniy huquq va manfaatlarini mustahkamlashga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Yurtboshimizning “Xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosiy dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar samarasi o‘laroq bugun munis ayollarimiz hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda mehnat qilib, ilm o‘rganib, o‘z orzu-umidlari ro‘yobini ko‘rishyapti. Bizning Jizzax viloyati Paxtakor tumanimizda ham bugun o‘nlab fidoyi ayollarimiz faoliyat yuritib kelmoqda. Ular davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lishayotgani yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning namunasidir.
Tumanimizda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish borasida samarali ishlar amalga oshirilayotir. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida yangi ishlab chiqarish ob’yektlarini ishga tushirish, ishlab turgan korxonalarni kengaytirish va quvvatlarini yangilash, kichik korxona va mikrofirmalar, fermer va dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish va boshqa imkoniyatlar hisobiga xotin-qizlar uchun 838 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ushbu yilning o‘tgan davrida 812 nafar xotin-qiz “ustoz-shogird” an’analari bo‘yicha malaka oshirdi. Bitiruvchi qizlardan 12 nafari 39,5 mln. so‘m miqdordagi bank kreditlarini oldilar. Sog‘lom bola yili munosabati bilan tuman markazida mini futbol maydonchasi qurib bitkazildi. Tumandagi sportning dzyudo, ushu, milliy kurash, yengil atletika, stol tennisi kabi turlari bilan shug‘ullanib kelayotgan qizlar O‘zbekiston birinchiligi va xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Dzyudo bo‘yicha Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Sevinch Isoqova oltin, Zuxra G‘aybullayeva kumush medalini, Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda Adiba O‘razboyeva oltin, Mahliyo Ko‘charova, Sevinch Isoqova kumush, Olot tumanida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda Nodira Egamberdiyeva oltin medal sohibasi bo‘ldi.
Tumanda ayollar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida turli sport musobaqalari o‘tkazib borilayapti. Unda barcha mahallalar xotin-qizlari faol ishtirok etayapti. Uyushtirilayotgan bunday ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari mahallalarda istiqomat qilayotgan qizlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini turli xil g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, yoshlarning bugungi ezgu islohotlarga, dolzarb muammolarga qaratilgan faol munosabatini shakllantirishga va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Fotima NURMATOVA,
Jizzax viloyati Paxtakor tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi