QUCHOG‘ING ZAVQQA TO‘LA, JONAJON MAKTAB
Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasi
Inson hamisha ezgulik sari intiladi. Yuragining tub-tubidan joy olgan ana shu tuyg‘u tufayli yashashga idrok topib, har ishda muvaffaqiyatga erishaveradi. Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli 29-umumta’lim maktabida ham ana shunday ezguliklarni qalbiga jo etgan ustozlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Ushbu muassasada 748 nafar o‘quvchi-yoshlar ta’lim – tarbiya olmoqda. Ularga 64 nafar malakali pedagog ilm sirlarini o‘rgatib kelayotir. Olim Abdurahimov, Orzigul Ro‘zmamatova, Ra’no Shomirzayeva, Gulshod Orziqulova, Dildora Nafasova, Gulnoz Soatova, Elyor Abdurahimov, Lola Hayitova kabi fidoyi ustozlarning izlanishlari, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars jarayonlarini tashkil etayotganligi bois mazkur ta’lim maskani nafaqat tumanda balki viloyatda ham yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Maktab o‘quvchilari qator yillardan buyon tuman, viloyat miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi” musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallamoqda. Jumladan, 2013 yilda 8-sinf o‘quvchisi Shahzod Akramov fan olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2014 o‘quv yilida 7-sinf o‘quvchisi Nilufar Akramova fizika fani bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi”ning tuman, viloyat miqyosida 1-o‘rinni, respublikada esa 3-o‘rinni egalladi. Ma’lumki, sport – sog‘lik garovidir. Ta’lim dargohida sport sohasiga ham alohida e’tibor berib kelinmoqda. Joriy o‘quv yilida “Umid nihollari” sport musobaqalarining viloyat bosqichida 2-o‘ringa sazovor bo‘lgan o‘quvchilar yana yangi musobaqalarga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Ta’lim maskanida muntazam ravishda o‘tkazilayotgan qiziqarli bellashuvlar, bayram tadbirlari, uchrashuvlar o‘quvchilar bilimini yanada mustahkamlab borayotir.
– O‘qituvchining har bir saboqni yangi metodlar asosida o‘tishi o‘quvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi, – deydi maktab direktori Bahrom Abdurahimov. – Jamoamizda o‘zaro ahillik bo‘lgani bois sog‘lom muhit mavjud. Elimiz farzandlariga ta’lim-tarbiya berish “igna bilan quduq qazish”dek mashaqqatli va mas’uliyatli vazifa. Bu soha har bir o‘qituvchidan matonat, chidam talab etadi. Asosiy maqsadimiz, o‘quvchilarimizning intellektual salohiyatini oshirish, tarbiyalash, ularni yurt ravnaqi uchun xizmat qila oladigan komil insonlar qilib tarbiyalashdir. Ta’lim maskanida mavjud fan va sport to‘garaklari o‘quvchilar ixtiyorida. “Yosh o‘lkashunoslar” to‘garagida bolajonlar tabiatni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab uning boyliklaridan oqilona foydalanishni o‘rgansa, “Mohir qo‘llar” to‘garagi mashg‘ulotlarida hunar o‘rganadi.
Guljahon MARDON qizi,
Samarqand viloyati