“SALOMATLIK – 2020”
Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
40-moddasi.
Toshkentda o‘tgan haftada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Salomatlik – 2020” siyosatini amalga oshirish bo‘yicha oliy darajadagi mintaqaviy anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimov, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi departamenti direktori, doktor Agis Souros va boshqalar aholi sog‘lig‘ini, jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, sog‘lom naslni voyaga yetkazish, bu borada yagona milliy tizimni yaratish, tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamni aholining barcha qatlamiga yetkazish, sog‘lom va farovon turmush uchun qulay sharoit yaratish Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida sog‘liqni saqlash sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xalqimizning sog‘lom va munosib hayot kechirishini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yoshlarni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, farmatsevtika mahsulotlarini yurtimizda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun barcha zarur sharoit yaratildi. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezidentimizning farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bu borada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining 1998 yil 10 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni sohani tubdan isloh etishda muhim bosqichni boshlab berdi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Mamlakatimizda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan milliy dastur hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shifokorlarning bilim va malakasini oshirish, jahon ilm-fani yangiliklarini amaliyotga keng joriy etish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda sog‘liqni saqlash tuzilmalari bilan bir qatorda turli sohalarga ixtisoslashgan ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlari ham o‘zaro hamkorlikda faol ish olib borayotir.
Bu jarayonda aholining munosib hayot kechirishi uchun qulay ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish ham doimiy e’tiborda. Xususan, “Salomatlik – 2020” strategiyasiga to‘la mos keladigan barcha sohalarda mehnat sharoitini zamonaviylashtirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ekologik muhitni barqarorlashtirish, qishloq joylarda barcha qulayliklarga ega namunaviy uylar barpo etish, xonadonlarda sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Salomatlik – 2020” strategiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, inson salomatligi va bo‘lajak nasllar kamolotiga salbiy ta’sir etadigan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishga yo‘naltirilgan.
Mazkur strategiyaning yana bir ustuvor yo‘nalishi joylarda jamoatchilik barqarorligini ta’minlash va aholini qo‘llab-quvvatlaydigan muhitni yaratish bilan bog‘liq. Tabiiyki, bu mintaqadagi har bir davlatda sog‘liqni saqlash bilan birga ta’lim, aholini uy-joy, oziq-ovqat, suv va energiya bilan ta’minlashni yanada yaxshilashni taqozo etadi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda “Salomatlik – 2020” strategiyasida ko‘zda tutilgan ushbu ustuvor yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha dunyo mamlakatlari va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida yirik simpozium, konferensiya va forumlar o‘tkazib, bu boradagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga muvaffaq bo‘lmoqda. Xususan, o‘tgan yili tashkil etilgan “Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzusidagi xalqaro konferensiya mamlakatimizning barcha hududlari, jumladan, qishloqlarda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” tamoyillari asosida ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlar, ularning yuqori ko‘rsatkichlari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Joriy yilda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda Oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ovqatlanishni yaxshilash aholi farovonligini oshirish bo‘yicha milliy strategiyaning tarkibiy qismlaridan biri ekani yana bir bor e’tirof etildi. Bu borada mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash uchun zarur qonunchilik va me’yoriy baza yaratilgan. Aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, homilador ayollarni tarkibida sog‘liq uchun zarur mikronutriyentlar mavjud maxsus polivitaminlar bilan ta’minlash orqali sog‘lom va barkamol farzandlarni dunyoga keltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlari jahonda kam uchraydi. Davlatimiz tomonidan polivitaminlar xaridi uchun mablag‘ ajratilib, har yili qishloq joylarda istiqomat qilayotgan homilador ayollar sog‘lomlashtirilmoqda, onalar salomatligi mustahkamlanmoqda, tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishning oldi olinmoqda. Uni zarur mikroelementlar bilan boyitish, tuzni yodlash dasturlari ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Buning natijasida xalqimizning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichini uzaytirish, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish, sanitariya-epidemiologiya muhitini barqaror saqlash, kasalliklarning oldini olish va samarali davolashga erishilmoqda. Tibbiy-ijtimoiy sohada erishilayotgan bunday yutuqlar xalqaro miqyosda ham munosib e’tirof etilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning onalik va bolalikni muhofazalashga oid milliy modeli taraqqiy etgan mamlakatlarga namuna sifatida tavsiya etilgani buning yaqqol dalilidir.
– Aholi salomatligini asrash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, hayotimizdagi ko‘plab tibbiy-ijtimoiy vazifalarni oqilona hal etish barqaror taraqqiyotga erishishning muhim omilidir, – deydi Ruminiya Sog‘liqni saqlash vaziri Nikolay Benichioyu. – O‘zbekistonda mustaqillik yillarida bu masalalarga davlat siyosati darajasida ustuvor ahamiyat qaratilayotgani o‘z samaralarini bermoqda. Mamlakatingizda aholining barcha qatlamiga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami tobora kengayib borayotgani e’tiborga molik. Mazkur anjuman O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlari, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida tanlagan milliy modeli bilan yaqindan tanishish, turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar bilan fikr almashish, har bir ishtirokchi mamlakatning “Salomatlik – 2020” milliy strategiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish tajribasi bilan tanishish imkonini yaratdi.
So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda davolash-profilaktika muassasalarini modernizatsiya qilish va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 750 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda onalar o‘limi 3,1 barobar, go‘daklar o‘limi 3,2 barobar kamaydi. “Ona va bola skriningi” dasturi amalga oshirilishi natijasida tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 2000 yildan buyon 1,8 marta kamaydi. Bugungi kunda bolalarning 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. “Save the Shildren” xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.
Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish doirasida yuqori samaradorligi butun dunyoda e’tirof etilgan ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilishning milliy modeli shakllantirildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inlari, jumladan, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarning keng tarmog‘i yaratilgani natijasida aholi, avvalambor, qishloq joylardagi onalar va bolalarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining amalga oshirilishi samaralari mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotan ulkan e’tiborning yaqqol tasdig‘idir. Sport esa mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalashning ajralmas tarkibiy qismiga aylangan. Uni bolalar va o‘smirlar, ayniqsa, qizlar o‘rtasida ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish bo‘yicha noyob tizim yaratildi. Nafaqat shaharlarda, balki eng olis tumanlarda ham zamonaviy sport komplekslari barpo etildi.
– O‘zbekiston “Salomatlik – 2020” strategiyasini hayotga izchil tatbiq etayotgan eng yetakchi mamlakatlar qatoriga kiradi, – deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi departamenti direktori Agis Souros. – Ushbu anjumanni o‘tkazishdan maqsad aholi salomatligi va farovonligini yanada mustahkamlash yo‘lida tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish, “Salomatlik – 2020” siyosatini izchil amalga oshirishga oid masalalarni muhokama qilishdan iborat. Tadbir bu boradagi aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Anjumanni yuksak saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga, tadbir tashkilotchilariga samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston tibbiyotida erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholar ekan, o‘tgan davrda mamlakatimizda tibbiy xizmatning jahon andozalari darajasidagi o‘ziga xos milliy modeli yaratilganini ta’kidladi. O‘zbekiston BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha global jarayonning faol ishtirokchisi ekani va bu borada davlatlar oldiga qo‘yilgan vazifalarni mamlakatimiz hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etayotgani, ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchilik qilayotgani qayd etildi.
– O‘zbekiston tibbiyot sohasida keng qamrovli tub islohotlarni amalga oshirib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, – deydi Latviya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat kotibining o‘rinbosari Egita Pole. – Aytish joizki, aholisi sog‘lom yurtda iqtisodiy barqarorlik bo‘ladi. Bunday muhim tadbirda ishtirok etish, aholi salomatligini asrash va farovonligini oshirish borasida fikr va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘layotganimdan mamnunman. Anjuman doirasida O‘zbekistonda aholi salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash borasida g‘oyat salmoqli ishlar amalga oshirilayotganiga amin bo‘ldik. O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi yutuqlarini chuqur o‘rganish va qo‘llash yuksak samaralar beradi.
Ikki kun davom etgan xalqaro anjumanda “Salomatlik – 2020” strategiyasining asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari, uni hayotga izchil tatbiq etish, ushbu strategiyaga muvofiq sog‘liqni saqlash tizimida milliy siyosatni shakllantirish, O‘zbekistonda bu borada erishilayotgan yutuqlar, “Salomatlik – 2020” siyosatini monitoring qilishning hadli asosi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish, ona va bola salomatligini yanada yaxshilashga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi, o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
Tadbir doirasida mustaqillik yillarida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan ko‘rgazma namoyish etildi.
Anjuman doirasida ishtirokchilar V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining Kardiojarrohlik majmuasi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, bolalar sport majmualari faoliyati bilan tanishdilar.
Nodira MANZUROVA,
O‘zA muxbiri