EBOLA VABOSI QANDAY KASALLIK?

Hammamizga ma’lumki, bu kasallik bilan og‘riganlarning asosiy qismi hayot bilan vidolashdi. Ebola avvalo G‘arbiy Afrikada qayd etildi. Keyin u AQSH va Yevropaga ham chang soldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga asosan, bu kasallikdan vafot etganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Aslida ebola Afrikaning G‘arbidagi mamlakatlar – Gvineya, Liberiya, Nigeriya va Syerra-Leoneda avj oldi. Liberiyada bemorlar soni boshqa Afrika davlatlaridagiga qaraganda ko‘proq.

BMTning ebola bilan kurash bo‘yicha tezkor missiyasi rahbari Entoni Benberi BMT Xavfsizlik Kengashini bo‘layotgan voqealarga global darajada aralashishga chaqirmoqda.

“Virus hali tarqalmagan mamlakatlarni himoya qilishning yagona, to‘g‘ri yo‘li – Liberiya, Gvineya va Syerra-Leonega yordam berib, ebolani o‘sha yerda to‘xtatib qolishdir”, – dedi u. Bu kasallikni bezgak, terlama bezgagi va meningit kabi o‘tkir yuqumli kasalliklardan ajratish mushkul bo‘ladi. Ebola o‘tkir virusli kasallikdir. Bu dard bilan og‘riganlarning 50 dan 90 foizigacha vafot etmoqda. U 1976 yilda ilk bor ikki yerda, avval Sudan, Kongo Demokratik Republikasida, sal o‘tib Ebola daryosi atrofidagi yerlarda paydo bo‘ldi. Shu sabab, bu o‘tkir virus ebola deb nom oldi. Taxminlarga ko‘ra, “Pteropodidae” oilasiga mansub mevaxo‘r ko‘rshapalaklardan ebola virusi tarqala boshlagan. Sal o‘tmay tropik o‘rmonlardagi shimpanze, gorilla, o‘rmon antilopalariga ebola virusi yuqqan.

Markaziy va G‘arbiy Afrikaning tropik o‘rmonlari yaqinidagi qishloqlarda ushbu dard aholining tinkasini quritdi. Bu virus hayvonlardan odamlarga o‘tdi. Uning inkubatsiya (ko‘payish) davri 21 kun bo‘lib, bemordan sog‘lom kishiga o‘tib, ko‘paymoqda. Ba’zan kasallik erta aniqlansa, bemorning yashab ketish imkoniyati paydo bo‘lyapti. Shu yil 8 avgustda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bosh direktori ebola o‘chog‘i bo‘lmish joyda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan favqulodda holat e’lon qildi.

DARDNING BELGILARI

Kasallik isitma, umumiy behollik, quruq yo‘tal, tomoq qurishi, kuchli bosh og‘rig‘i, tilda karash, ba’zan tilda yarachalar paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Bemorning harorati +39 +40O darajaga ko‘tariladi. Kasallikning 2-3– kunlari qorinda og‘riq paydo bo‘lib, kuchli qayt qilish, ich ketish kabi holatlar yuzaga keladi. Bir necha kundan so‘ng bemorning ichidan qizil qon keladi. Dardning 5-6– kunlari bemor ko‘kragida, keyinroq yelka sohasida toshmalar paydo bo‘ladi. Bir haftadan so‘ng gemorragik sindrom natijasida, ya’ni burundan, milklardan, quloqlardan, in’yeksiya o‘rinlaridan qon ketib, qon qusishlar kuzatiladi. Bemor ko‘p miqdorda qon va suv yo‘qotishdan jon beradi.

Yana o‘qing:  Inson huquqlari – qonun himoyasida

Virus odamdan odamga maishiy muloqot, yuqori nafas yo‘llarining shilliq pardasidan, terining shilingan joylaridan, qondan, bemor organizmidan chiqqan barcha ajralmalardan, ayollarning ko‘krak sutidan, hatto u foydalangan choyshab, sochiq, kiyim-kechaklardan (maishiy muloqot orqali) ham virus yuqadi. Shu kasallikdan vafot etgan kishini oxirgi yo‘lga kuzatish jarayonida ham virus uning yaqinlariga (diniy urf-odatlar tufayli) o‘tib qolish holatlari ham kuzatilmoqda.

KASALLIKNING OLDINI OLISH

Ebolaning yana bir xususiyati shundaki, gumon qilingan bemordan laborator tahlil uchun olingan ajralmalar nihoyatda ehtiyotkorlik bilan tekshirilishi lozim. Hozir ebolaga qarshi bir necha vaksina tadqiq etilmoqda. Lekin ularning birortasi ham litsenziyalashga tayyor emas.

Sirtdan qaraganda gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar)ga ham o‘xshab ketadigan bu kasallikka chalinmaslik uchun shifoxonalardan chiqishda, uyga borganda, albatta, qo‘lni sovunlab yuvish kerak. Shifoxonadan olib kelingan idishlarni ehtiyotdan uy sharoitida qaynatish yo‘li bilan zararsizlantirish yoki xlor saqlovchi eritmalarning birortasiga 20 daqiqaga solib, so‘ng oqar suvda bir necha daqiqa chayish zarur.

Aziz yurtdoshlar, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilaylik. Hayvonlar bilan muloqotda ehtiyot bo‘lish lozim.

Aziz bolajonlarimizni uy hayvonlari bilan muloqotini nazoratga olaylik. Ko‘chadan kelib, ovqatlanishdan, o‘yinchoqlarini o‘ynashdan, hatto dars qilishdan oldin qo‘llarini sovunlab yuvishini ta’minlash zarur. Chet eldan keltirilgan mevalarni iste’mol qilishdan avval ularni qaynagan, keyin sovuq suv bilan ishlov berilishiga ahamiyat berishimiz yoki ularni oilamizda iste’mol qilinishini vaqtincha chegaralab turishimiz ma’qul bo‘ladi.

Munira ZUPAROVA,

Chilonzor tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: