KELAJAGI BUYUK DAVLATNING HUQUQIY POYDEVORI

har bir suveren davlatning bosh huquqiy asosi bu uning Konstitutsiyasidir. Konstitutsiyamizning yaratilishi o‘ziga xos rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganligi bilan tavsiflanadi. O‘tish davridagi murakkab zamonda yaratilgan ushbu bebaho va benazir hujjat asosiy qonun shaklida jamiyatning, xalqning manfaati hamda kelajagiga umid va ishonch uyg‘otdi. Ijtimoiy taraqqiyotga mo‘ljal oluvchi yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Konstitutsiyamizning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan bog‘liq. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qizg‘in muhokamalar natijasida suveren demokratik davlatning Konstitutsiyasi sifatida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi.

Asosiy qonunimiz mustaqilligimizning mevasi, mahsuli xalq manfaatini ta’minlovchi oliy qonun sifatida yaratildi va hurligimiz madhiyasi sifatida yashamoqda. Konstitutsiya kelajagi buyuk O‘zbekistonning qad rostlashi uchun, adolatli huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘lishi shak-shubhasizdir.

Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 8 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlaganidek “Men Konstitutsiyani bolalar bog‘chasidan boshlab o‘rganishni, maktablarda darslik tariqasida o‘qitishni, oliy o‘quv yurtlarida maxsus bir dars sifatida o‘rganishni bugun barcha mutassaddi rahbar va tashkilotlarimizga topshiriq tariqasida aytmoqchiman. Toki, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini, u xalqimizning istiqlol yillarida erishgan ulkan tarixiy yutug‘i ekanini teran anglab yetsin”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ziga xos xususiyatlari:– Birinchidan, ushbu hujjatda huquqiy va siyosiy ongning eng yuksak yutuqlarini, hozirgi zamon, konstitutsiyaviylik ilmini o‘ziga jalb etgani, o‘zbek xalqi madaniyati va milliy an’analarining chuqur ildizlariga suyanilganligi; ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasidagi avvalgi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tizimning amalda boshqa tizimga aylanganligini, tubdan o‘zgarish ro‘y berganini Konstitutsiyaviy mustahkamlaganligini ko‘rish mumkin.

Demokratiya va adolat g‘oyalari asosida inson huquqlarini ta’minlashga, huquqiy davlat hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga xizmat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga yigirma ikki yil to‘ldi. Bu g‘urur va iftixor bilan e’tirof etishga loyiq tarixiy voqeadir.

O‘tgan tarixan qisqa, biroq, juda mas’uliyatli davr mobaynida O‘zbekistonda diqqatga sazovor ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Katta va olamshumul yutuqlar qo‘lga kiritildi. Jumladan, mustaqil demokratik huquqiy davlat asoslarini shakllantirish borasida, iqtisodiyotni erkinlashtirish, sud-huquq tizimini liberallashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ma’naviyatni yuksaltirish sohasida ibratli ishlar amalga oshirildi.

Yana o‘qing:  Sohibqiron davrida hunarmandchilik

Eng muhimi fuqarolarning ertangi kunga, kelajakka bo‘lgan ishonchi mustahkamlandi. Konstitutsiya va qonun ustuvorligi tamoyili asosida qat’iy ish olib borish natijasida yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, millatlararo totuvlik va hamjihatlik hukm surmoqda. Bunyodkorlik va yaratuvchanlik uchun ijtimoiy, siyosiy-huquqiy shart-sharoit yaratilgan.

Konstitutsiyani mamlakatimiz hayotidagi ahamiyati benihoya katta. E’tibor qiladigan bo‘lsak, hozirgi dunyoda o‘zini ma’rifiy, demokratik deb hisoblaydigan har bir davlat o‘z Konstitutsiyasiga ega.

Konstitutsiya insonlarning asosiy huquqlari va erkinliklariga yuqori yuridik maqom bag‘ishlab, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qiladi.

Haqli ravishda Konstitutsiyani davlatning asosiy qonuni deb ataydilar. Agar mamlakatda amal qilayotgan barcha huquqiy hujjatlar ko‘lamini tasavvur etsak, ular o‘ziga xos yagona majmuani, tizimni hosil qiladi. Aynan Konstitutsiya mana shu tizimni birlashtiruvchi, uning o‘zagini tashkil etuvchi, butun huquqning manbai, bir so‘z bilan aytganda, barcha huquqiy hujjatlarga poydevor bo‘luvchi asosiy qonun sifatida maydonga chiqadi.

Konstitutsiyaning ko‘plab moddalarida milliy davlatchiligimiz asoslari, xalqimizning a’nanalari, tarixiy tajribasi, demokratiya, inson huquqlari va ijtimoiy adolat g‘oyalari o‘zining qonuniy ifodasini topgan. Ana shunday g‘oyalardan biri – davlat inson va jamiyat manfaatlarini hamda farovonligini ko‘zlashdan, o‘z faoliyatini ijtimoiy adolat va qonuniylik tamoyili asosida amalga oshirishdan iborat ekanligidir. Inson va jamiyat farovonligini ko‘zlash-davlatning bosh Konstitutsiyaviy maqsadi. Ana shu maqsadning Asosiy qonun darajasida mustahkamlanishi halqimizning erkinlik va istiqlol borasida erishgan eng muhim tarixiy yutug‘idir.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi o‘zbek milliy davlatchiligining huquqiy asosi sifatida bir qator xususiyatlarga ega.

Birinchidan, Konstitutsiya demokratik rivojlanish yo‘liga kirgan mustaqil davlatning Asosiy qonunidir. U o‘zining tub mohiyati, falsafasi, mafkurasi, g‘oyasiga ko‘ra yangi huquqiy hujjat. Unda kommunistik mafkura, sinfiylik, bir partiyaning hukmronligi kabi illatlar yo‘q. Jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i va muqaddasi – inson degan g‘oya mustahkamlangan. Shu asosda “fuqaro – jamiyat – davlat” o‘rtasidagi munosabatlarning oqilona huquqiy yechimi belgilab berilgan.

Ikkinchidan, Konstitutsiyada fuqarolar manfaatining ustunligi qonuniy ravishda mustahkamlangan va kafolatlangan. Inson uning hayoti, erki, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquq hamda erkinliklari muqaddas bo‘lib, davlat himoyasidadir.

Uchinchidan, O‘zbekiston fuqarolari, o‘zlarining nasl-nasabi, irqi, millati, diniy e’tiqodi va boshqa xususiyatlaridan qat’iy nazar teng huquqlarga ega. Konstitutsiya O‘zbekiston fuqarosi deb hisoblangan barcha shaxslar, ularning millati, elati, tili, urf odatlari va milliy an’analaridan qat’i nazar hurmat qilinishini huquqiy jihatdan kafolatlaydi.

Yana o‘qing:  BOSHIMNI SILADI VATAN QO‘LLARI

To‘rtinchidan, fuqarolar bilan davlat o‘zaro huquqlar va burchlar orqali uzviy bog‘liqdir. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari daxlsiz bo‘lib, hech kim sudning qarorisiz ulardan mahrum etilishi yoki cheklanishi mumkin emas. Ayni vaqtda fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishlari boshqa fuqarolarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi lozim.

Beshinchidan, Asosiy qonunda huquqiy davlatning muhim belgisi bo‘lmish Konstitutsiya va qonunning ustuvorligini ta’minlash mustahkamlangan. Bu bir tomondan, barcha joriy qonunlar va huquqiy hujjatlar Konstitutsiya asosida va unga muvofiq bo‘lishini, ikkinchi tomondan esa qonun oldida hammaning barobarligini anglatadi. Biror – bir fuqaro, davlat organi, jamoat birlashmasi, mansabdor shaxs qonunga bo‘ysunish majburiyatidan xalos etilmaydi.

Darhaqiqat, qonunga og‘ishmay itoat etilgan jamiyatdagina demokratiya qaror topadi. Zero, qonun – huquqiy davlatning poydevoridir, qonuniylik va huquq-tartibot esa uning asosiy prinsipi va zarur shartidir. Boshqacha aytganda, huquqiy davlatning quroli ham, himoyasi ham, so‘zi ham, qalqoni ham qonundir. Darhaqiqat, huquqiy davlatda birinchi navbatda davlatning o‘zi, uning barcha organlari, mansabdor shaxslar ham qonunga itoat etishlari majburiyligi Asosiy qonunimizda belgilab qo‘yilgan.

Oltinchidan, Konstitutsiyada ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotida mulkchilikning xilma-xil shakllari tengligi ta’minlangan holda bozor munosabatlarini shakllantirishga qaratilgan tadbirlarga tayanish, xususiy mulkning himoya qilinishi mustahkamlangan bo‘lib o‘z mulkiga o‘zi xo‘jayin bo‘lgan tadbirkorlar va shaxslar uchun iqtisodiy faoliyat erkinligi berish, ishbilarmonlik tashabbusiga va erkin bozor munosabatlariga keng yo‘l ochishdir.

Yettinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq, davlat siyosiy partiyalarning, jamoat birlashmalarining huquqiy manfaatlarini muhofaza etish, ularga siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy sharoitlar yaratib beradi. Ko‘ppartiyaviylik va fikrlar xilma-xilligining qonuniy asoslarini yaratadi.

Sakkizinchidan, hurfikrlilik, vijdon va diniy e’tiqodning huquqiy mezonlari belgilab berilgan. Har bir inson o‘z e’tiqodiga va diniga amal qilish yoki biron-bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan holda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.

To‘qqizinchidan, Konstitutsiyada davlat hokimiyatining tashkil etilishi va faoliyat tartibi vakolatlarning taqsimlanishi prinsipiga asoslangan holda amalga oshirilishi mustahkamlangan. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati – davlat hokimiyatining uchta asosiy tayanchidir. Asosiy qonunda shu uchta hokimiyat idoralarining o‘zaro uyg‘un faoliyat vositalari, shuningdek, mazkur idoralarning bir-birini tiyib va muvozanatni saqlab turish tizimini vujudga keltiruvchi qoidalar mustahkamlangan.

Yana o‘qing:  Diniy ekstremizm – taraqqiyot kushandasi

O‘ninchidan, O‘zbekistonning o‘z milliy manfaatlariga mos keladigan faol tashqi siyosiy faoliyat yuritishi, uning xalqaro huquqning teng huquqli sub’yekti sifatida harakat qilishi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch siyosiy vositalar bilan hal etish, ichki ishlarga aralashmaslik prinsiplariga, shuningdek, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa qoidalari va me’yorlariga amal qilish zaminida qurilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi o‘z maqomi, tuzilishi, yo‘nalishi hamda asosiy tamoyillari, yaxlit mundarijasiga, ya’ni muqaddimasidan boshlab so‘nggi moddasiga qadar mustaqillik va istiqlol ruhi, demokratik tamaddun mazmuni bilan ajralib turadi. Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, demokratik huquqiy davlat qurish hamda jamiyatni umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etishda, shubhasiz Konstitutsiyaning tutgan o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanligini e’tibordan qoldirmaslik zarur. Mazmun-mohiyati bilan huquqiy demokratik davlatda hech bir fuqaro hech bir odam o‘z ijtimoiy – shaxsiy hayotini, o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyasiz tasavvur qila olmaydi. Shuning uchun ham biz Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini chuqur bilishimiz, oldimizda turgan muammolarni yechishda Asosiy Qonunimizdan javob topishga intilishimiz lozim.

Mustaqil davlatimizning Konstitutsiyasi kelajagi buyuk davlatning ishonchli huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi. U bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik va taraqqiyot tamoyillari yig‘indisini ifodalaydigan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini aniq ifoda etgan va xalq manfaatlarini himoya qiluvchi eng oliy qonun sifatida doimiy yo‘lchi yulduz bo‘lib xalqimiz borayotgan yo‘lni yoritib turadi.

Vohidjon TOPILDIYEV,

Mirzo Ulug‘bek nomidagi

O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, yuridik fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: