YUKSAK IMKONIYATLAR NAMOYISHI
Kuni kecha “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida O‘zbekistonda an’anaviy tusga kirib borayotgan sport inventarlari va jihozlarining namoyishi “Sport World Uzbekistan – 2014” hamda o‘smirlar va kichik yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulot va xizmat turlariga ixtisoslashtirilgan “Bolalar dunyosi – 2014” ko‘rgazmasi ochildi.
Ta’kidlash lozimki, aholi orasida jismoniy madaniyatni yuksaltirish va ommaviy sportni rivojlantirish mamlakatimizda ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan “O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi hamda shu soha rivoji uchun amalga oshirilgan qator chora-tadbirlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportning ko‘plab turlari jadal sur’atda ommalashuviga sabab bo‘ldi. Zero, yurtimiz kelajagining porloq bo‘lishi yoshlarimizning yuksak ma’naviyatli, jismonan sog‘lom kamol topishi bilan bevosita bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan “Sport World Uzbekistan – 2014” ko‘rgazmasida yurtimizda sport jihozlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan 30 dan ortiq yirik kompaniya va firmalar o‘zining boy mahsulot turlari va oliy sifatli sport inventarlari bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, ko‘rgazmadan respublikamizda bolalar uchun mo‘ljallangan kiyim-kechaklar, turfa xil o‘yinchoqlar, oyoq-kiyim, sanitariya-gigiyenik vositalari va qator mahsulotlar o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma 21-noyabrga qadar davom etadi.
Ma’rifat TOLIPOVA