Kumushbibi shifokor bo‘lmoqchi
Maktab sahnasida qalbi quvonchga to‘lib qo‘shiq kuylayotgan, raqs tushayotgan, she’r o‘qiyotgan bolalarga kimning ham havasi kelmaydi deysiz. Axir ular nafaqat o‘z iqtidorini namoyon qilmoqchi, balki ota-onasi hamda ustozlarining ishonchini ham oqlab, o‘zgalarga shodlik ulashmoqda.
Ha, biz hikoya qilayotgan bu san’atsevar o‘quvchilar Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining 3-sinfida tahsil olishyapti. Sinf rahbari Zilola Umrzoqova o‘quvchilarini har bir bayram tadbiriga ana shunday jonkuyarlik bilan tayyorlaydi. Ularni ham o‘qishda, ham san’atda yetakchi bo‘lishga undaydi. Ma’lumki, maktabda sinf rahbarining o‘ziga xos o‘rni bor. U har bir o‘quvchining qiziqishlari, intilishlari va oilaviy sharoitini yaxshi bilishi lozim. Ana shundagina har bir bolaning nimaga qodirligini his qilib, o‘quvchisining iqtidorini namoyon eta olishiga ko‘maklashadi. Bunday vazifalarni dildan anglagan Zilola o‘zi rahbarlik qilayotgan sinfdagi har bir bolani xuddi o‘z farzandi singari mehrla ardoqlab, kezi kelganda talabchanlik bilan ularni ortidan ergashtirib kelmoqda. Shu bois ham mazkur sinfdagi bolajonlarning barchasi fanlarni “a’lo” va “yaxshi” baholarga o‘zlashtirib, “uch” baho – “puch” baho ekanligini isbotlashyapti. Bundan ularning ota-onalari ham xursand. Ushbu ta’lim maskanida yaratilgan shart-sharoitlari risoladagidek bo‘lgani bois o‘quvchilar ustozlari boshchiligida ko‘plab yaxshi natijalarga erishmoqda. Ham bilimda, ham sportda maktab shuhratini nafaqat viloyatda, balki respublikada ham oshirayotgan ilg‘or opa va akalari izidan borayotgan ushbu o‘quvchilarning orzulari bir olam. Darvoqe, bolajonlarning qay biri bilan suhbatlashmang, ularning biri uchuvchi, yana biri advokat, boshqalari esa o‘qituvchi, hisobchi, kimyogar bo‘lishni orzulashi haqida so‘zlaydi. O‘z sinfining a’lochilari safidan joy olgan Kumushbibi Saidova esa shifokor bo‘lmoqchi. Chunki, egnidagi oppoq libosi o‘ziga yarashgan shifokorlarni ko‘rib qizaloq bu kasbga mehr qo‘yibdi. Uning kitob-daftarlarini biram ozoda saqlagani, kundaligining har varag‘ida “a’lo” baholarning “jilmayib” turishi, dugonalariga mehribonligi, ustozining eng yaqin yordamchisi ekanligi yosh qizchaning yorqin kelajak egasi ekanidan darak beradi. Kumushbibi matematika fanini chuqur o‘zlashtirmoqda. Uning aytishicha, shaxmat-shashka to‘garagining eng faol va iqtidorli a’zosiga aylanishiga bu fan katta yordam beradi. Kumushbibi tabiat manzaralarini yorqin bo‘yoqlarda aks ettirib, chizgan suratlari bilan tanlovlarda qatnashgan. Uning sinfdoshlari esa “Kim ko‘p kitob o‘qiydi?”, “Men sevgan ertak qahramoni” kabi bellashuvlarda, “Biz futbolchi bo‘lamiz” sport musobaqalarida ham faol qatnashib, tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatayotir.
Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilariga chindan-da havasimiz keldi. Sinf rahbari sifatida o‘quvchilarining iqtidorini teran anglayotgan Zilola Umrzoqova singari ustozlar safi yanada kengayishiga umid qilamiz.
Jamila HAYDAROVA