Oila mehri oltindan qimmat

Ertaklar yaxshilikka yetaklar”, degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Zero, ezgu orzular va yaxshi amallar, qahramonliklar-u dorulomon kunlar haqida eshitib katta bo‘lgan bolaning ko‘ngli ham ezguliklarga esh bo‘ladi. Yaxshilarga yondoshadi. Odamlarga qayishadigan bo‘lib ulg‘ayadi.

Andijonda ana shunday ertaknamo bir maskan bor. Unda orzular ushaladi. Nima haqida gapirayotganimizni anglagan bo‘lsangiz kerak. Lavhamiz Andijon viloyatidagi Bolalar shaharchasi haqida. Bu maskanda ota-ona mehridan bevaqt judo bo‘lgan bolalar, farzand hidini qo‘msab dili o‘rtangan onalarning armonlari ro‘yobga chiqadi.

Bolalar shaharchasiga kirar ekanmiz u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik. Bolalarga ajratilgan uylar nihoyatda fayzli. Bolalar xonalarining har biri o‘ziga xos jihozlangan. Ko‘plab o‘yinchoqlar, turli kitoblar…

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi mazkur muassasada ota-ona qarovisiz qolgan 89 nafar bola 13 ta oilada tarbiyalanmoqda. Ularga 13 nafar tarbiyachi-ona va 7 nafar tarbiyachi-xolalar parvona bo‘lishmoqda.

Durdona Mo‘minova rahbarlik qilayotgan ushbu bolalar shaharchasi shahardagi eng ko‘rkam binolardan biri hisoblanadi.

– Shaharchamizning bosh maqsadi – har bir xonadonda chinakam oilaviy muhitni shakllantirish, bolalar qalbida oilaga mehr uyg‘otish, – deydi shaharcha rahbari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” Durdona Mo‘minova. – Chunki, bola oilasida mehr ko‘rib ulg‘aysagina kelajakda o‘zgalarga mehr ulasha oladigan, bag‘ri keng inson bo‘lib voyaga yetadi. Shu bilan bir qatorda bolalar tarbiyasida shubhasiz tarbiyachi-ona va xolalarning o‘rni beqiyos. Biz muassasamizga tarbiyachilarni ishga olishdan avval ularni obdon sinovdan o‘tkazamiz. Zero, oiladagi muhit yaxshi bo‘lsa, bola kelajakka ishonch bilan intiladi.

Ikki nafar farzandning onasi D.Mo‘minova o‘zi rahbarlik qilayotgan shaharchadagi 89 nafar bolaga ham xuddi o‘z farzandidek munosabatda bo‘ladi.

Shaharchada tarbiyalanayotgan bolalar Andijondagi 5-, 14 – va 33 – maktablarda ta’lim olishadi. Muassasaga Yurtboshimiz tomonidan bolalarni maktabga olib borib kelishga mo‘ljallangan “ISUZU” mikroavtobusi sovg‘a qilingan.

Oila bekasi haqiqiy oila muhitini shakllantirish yo‘lida barcha ishni amalga oshirmoqda. Bozor qilishdan tortib, maktabga borishgacha bo‘lgan jarayonlarning barchasida bolalar ham bevosita ishtirok etishi ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Ayniqsa, oila bilan maktab aloqasi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir onaning o‘qituvchilar bilan muloqot daftari mavjud. Unga fan o‘qituvchilari bolaning bilimi, tarbiyasi haqida fikrini yozib beradi. Eng qizig‘i ular o‘rtasidagi aloqachi-bolaning o‘zi. Shu sababli ham u o‘z kamchiligini bilib turadi. Bu esa o‘z-o‘zidan bolaga kamchiliklari ustida ishlashga turtki berishi tabiiy.

Яна ўқинг:  Sportchi uchun eng muhimi ishonch

Muassasada tarbiyalangan bolajonlar katta hayotga qadam qo‘yganlaridan so‘ng ham bu yerdagi oila a’zolarini hech qachon esdan chiqarishmaydi. Shaharcha tarbiyalanuvchisi Muhabbat Karimovaning Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lgani bu yerda bolalarning ta’lim olishlariga qaratilayotgan e’tiborning naqadar yuksak ekanini ko‘rsatadi.

– Shu yerda ulg‘aygan farzandlarimiz Baxtiyor va Ilhomjonlarning uylangani-yu, Zahro qizimizning turmushga chiqqani hayotimdagi eng quvonchli kunlardan biri sifatida yodimda qolgan, – deydi Durdona Mo‘minova.

Bolalar shaharchasida 20 ta zamonaviy bino va turar-joylar, suzish havzasi, boks va gimnastika zallari, sport majmuasi, stadion, bolalar o‘yingohlari yozgi amfiteatr hamda musiqa zallari mavjud. Ularning barchasi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida xoreografiya, bichish-tikish, musiqa va ingliz tili to‘garaklari muntazam ishlab turibdi. Tikuvchilik ustaxonasida qizlar bichish-tikish sirlarini o‘rganishmoqda. Bolalar ijodiyot markazidagi ijodiy ishlarni ko‘rib, ularning vaqtlari va iqtidorlari behuda sarflanmaganiga guvoh bo‘lasiz. O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan yumshoq o‘yinchoqlar, turli liboslar, texnik qurilmalari bilan nafaqat viloyat, balki respublikada ham muvaffaqiyat qozonishmoqda.

Shuningdek, bolalarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash yo‘lida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Malakali va shirinso‘z shifokor Madina Fattohova ko‘p yillardan beri bolalar salomatligini asrash yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilib kelmoqda. Muassasa bilan Temir yo‘l shifoxonasining bolalar bo‘limi o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra joriy yilda 67 nafar bolajon sog‘lomlashtirish oromgohlarida bo‘lishdi.

Mehribon tarbiyachi-onalardan biri bo‘lgan Munojatxon Karimovaning 7 nafar farzandi bor:

– Prezidentimiz bu yerda bo‘lganida shaharchamizga ikki avtobus yumshoq o‘yinchoqlar sovg‘a qilgan edi, – deydi tarbiyachi-ona ko‘zida sevinch yoshi bilan. – Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan ushbu o‘yinchoqlarni bolalarimiz nihoyatda avaylashadi. Yurtboshimizni “bobojon” deyishadi. Shaharchamizning tashkil topishi-yu, yaratilgan shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar tashabbuskori Prezidentimiz ekanini yurakdan his etishadi.

– “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Yosh vatanparvar” klubi a’zolariga “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” mavzusida insho yozdirdik, – deydi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R. Mirzaakbarova. – ularni bir o‘qib ko‘ring-a.

“Kelajakda harbiy muhandis bo‘lib Vatanimning mudofaa qudratini mustahkamlash ishida faol bo‘laman. Bu bilan men nafaqat Vatanni, balki oilam tinchligini, farovonligini ta’minlayman. Zero, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Oila sog‘lom ekan jamiyat mustahkam, mamlakat barqaror”, – deb yozibdi Eldor Rahmonqulov.

Яна ўқинг:  КАРТОШКАЛИ КОТЛЕТЛАР

– “Men shahrimning “O‘zbekiston” ko‘chasidan yurib borar ekanman, Vatanimni bor bo‘yi bilan ko‘rgandek bo‘laman, uning Mustaqillik davridagi yuksalishlarini yurakdan his qilaman. Shaharchamni oqshom chog‘lari aylanar ekanman, ertaklardagidek bu betakror maskanda o‘rtoqlarim, qo‘shni bolalarning baxtiyor kulgularini tinglab, mana shu baxtiyor chehralarda, Vatan mehrini ko‘raman. Shunda Vatan mehridan entikib ketaman. Uni juda-juda yaxshi ko‘raman, ko‘raveraman… “ – bu Pahlavon Azimjonov tuyg‘ulari.

Chinakam o‘zbekona oila, o‘zbekona urf-odatlar… Bolalarning onalari atrofida parvonaligi, har bir ishda ko‘makdoshligini ko‘rib sevindik. “Bolam”, “bolajonim” deb o‘g‘li-qizini erkalayotgan, butun mehrini ularga baxshida etayotgan tarbiyachi-onalarni qutlagimiz keldi.

Nozik yelkasida Vatanning haroratli qo‘lini his qilib, oilasi-yu ustozlaridan mehr ko‘rib, mehrga suyanib kamol topayotgan yosh yuraklar ertaga ulg‘ayib Vatanning chinakam farzandi bo‘lishlari shubhasiz. Zero, tarbiyachilari va ustozlaridan chin insoniy fazilatlarni ko‘rib o‘rnak olayotgan bu o‘g‘il-qizlar ertaga yurt koriga yaraydigan, uning kelajagi uchun jonini fido qiladigan komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishadi.

Farhod TOLIPOV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: