QANDLI DIABET: bu xastalik bolalar va o‘smirlarda qanday kechadi?
Qandli diabet – organizmda insulin yetishmovchiligi natijasida qondagi qand miqdorining ko‘tarilishi bilan kechadigan moddalar almashinuvi kasalligidir. Qandli diabet ikki xil bo‘ladi: insulingga bog‘liq (1-tur) qandli diabet (IBKD), insulinga bog‘liq bo‘lmagan (2-tur) qandli diabet (IBBKD). Biz asosan IBKD to‘g‘risida so‘z yuritamiz. Bemorlar qonida qand miqdorining ko‘tarilishiga insulinning sust ishlab chiqarilishi sabab bo‘ladi. Insulin – me’da-osti bezida ishlab chiqariladigan, qonda qand miqdorini pasaytiradigan gormondir.
Bu endokrin bez me’da ortida joylashgan. Me’da osti bezi organizmdagi muhim funksiyalarni bajarilishini ta’minlovchi gormonlarni ishlab chiqaruvchi endokrin tizimi a’zosi bo‘lib hisoblanadi. Me’da osti bezi tarkibida insulin ishlab chiqaruvchi beta-hujayralar mavjud. Organizmdagi asosiy qand manbai bo‘lib, tarkibida uglevod tutuvchi turli xil oziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi. Ovqat avval me’da, so‘ngra ichakka tushib, bu yerda glyukozaga aylanadi va qonga o‘tadi. Biz uchun glyukoza yoqilg‘i vazifasini bajaradi. Bu yoqilg‘i tana hujayralarida o‘zlashtirilib, haroratni ushlab turishga, harakatga, aqliy va jismoniy ishga, ya’ni barcha hayotiy zarur jarayonga sarflanadi.
Tashxis
Bemorda shikoyatiga qo‘shimcha ravishda qandli diabet tashxisini tasdiqlash uchun, ikkinchi marta aniqlangan qondagi qand miqdorining yuqoriligi yetarlik yo nahorga yoki tasodifiy, ya’ni kunning ixtiyoriy vaqtida aniqlangan qand ko‘rsatkichiga ham e’tibor qaratiladi.
1-turdagi qandli diabet yoshlar diabeti deb nomlanadi. Chunki, xastalikning bu turi asosan yoshlarda va bolalarda rivojlanadi. Lekin kasallik turli xil yoshda ham rivojlanishi mumkin. Har xil kasalliklar, ruhiy zo‘riqish (stress)lar uning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Ammo ba’zan diabet to‘liq barqarorlik fonida ham rivojlanadi. Bu quvvatsizlik, tez charchash, doimiy chanqash va og‘iz qurishi, tez-tez peshob ajratish, tana vaznining kamayishi, ko‘rishning buzilishi va albatta qondagi qand miqdorining ko‘tarilishi bilan kechadi.
Tavsiyalar
Amaliyotda hatto juda kichik yoshdagi bolalarda ham glyukozaning bir kecha-kunduzlik miqdorini haftada bir marta aniqlash tavsiya etiladi. Ya’ni, qondagi qand miqdori ovqatdan avval va ovqatdan 1,5-2 soat keyin hamda bir mahal tunda soat 2 bilan 3 oralig‘ida o‘lchanadi. Agarda qondagi qand miqdori soatning ma’lum bir vaqti uchun aniq bo‘lsa, bundan avvalgi qilingan insulin yoki insulinlar miqdori yetarli bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur. Qondagi qand miqdoriga qarab (qondagi qand miqdori me’yorda, gipoglikemiya, giperglikemiya) aynan shu vaqtda kerak bo‘ladigan insulin miqdorini tanlash, jismoniy yuklamadan oldin insulin dozasini yoki ovqatlanishni o‘zgartirish, kasallik vaqtida insulin dozasini qay tarzda o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rish kerak.
Insulin dozalari
Eng muhimi qandli diabetga chalingan bemor uchun insulin dozasini mo‘ljallashni o‘rganib olish, ya’ni mustaqil ravishda diabetni boshqarish kerak. Bunda Sizga “Diabet maktabi”da olgan bilimingiz yordam beradi. Bu yerda siz amaliyotda muntazam qonda qand miqdorini aniqlashga, to‘g‘ri ovqatlanishga va insulin bilan davolashni o‘rganib olasiz. Bu esa Sizga qonda qand miqdorini me’yorida saqlash imkonini beradi.
Yodda tuting, insulin dozasi doimiy bir xilda bo‘lmaydi. Ularning dozalari, ayniqsa qisqa va o‘ta qisqa insulinlarni qo‘llashda miqdor doimo o‘zgarib turadi. Shu bilan birga diabetga oid kitoblarda keltirilgan o‘rta statistik ma’lumotlarga har doim ham suyanib bo‘lmaydi. Unutmang ayni shu dozalar aniq Sizga yoki sizning farzandingizga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Ertalabki nonushtadan oldingi qand miqdorini me’yori, tungi gipoglikemiyaning yo‘qligi, kechki uzaytirilgan insulin dozasining to‘g‘riligini isbotlaydi. Albatta, bunda uyqudan oldingi qondagi qand miqdori ham me’yorida bo‘lishi shart. Kechki olingan insulin ertalabgacha shu me’yorni ta’minlab turadi.
Agarda tushlikdan oldin qonda qand miqdori me’yorda bo‘lsa va uning shu ko‘rsatkichi kechki ovqatgacha saqlansa, demak doza to‘g‘ri aniqlangan bo‘ladi.
Uzoq muddat ta’sir etuvchi insulin dozasini aniqlab bo‘lgandan keyin, ovqatdan oldin yuboriladigan qisqa yoki o‘ta qisqa muddat ta’sir etuvchi insulin dozasini baholash mumkin. Buni amalga oshirish uchun qondagi qand miqdorini ovqat tanovvul qilgandan so‘ng 2 soat o‘tgach yoki keyingi ovqatlanish oldidan (5-6 soat ichida) aniqlash kerak bo‘ladi. Qondagi qand miqdorini kechki ovqatdan oldin aniqlash tushlikdan oldin qilingan qisqa (yoki o‘ta qisqa insulin) dozasini baholash imkonini beradi. An’anaviy usulda esa ertalabki uzoq muddat ta’sir etuvchi insulin baholanadi.
Xastalik profilaktikasi
1-turdagi qandli diabetni oldini olib bo‘lmaydi. Agar oilada 1-tur qandli diabet bilan xastalangan kishi bo‘lsa, farzandingizni chiniqtirishga harakat qiling. Chunki, shamollash kasalliklari immuniteti sust bolalar va o‘smirlarda sog‘lomlarga nisbatan qiyinroq kechadi. Lekin chiniqqan bola ham diabet bilan xastalanishi mumkin. Faqat kasallanish xavfi chiniqmagan bolaga nisbatan kamroq bo‘ladi.
Nasiba ALIMOVA,
Aqida SODIQOVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar endokrinologiyasi bo‘limi ilmiy xodimlari