Tog‘ tabibi
Do‘lana asosan Shimoliy Amerikada keng tarqalgan. U yerda uning 1 ming 250dan ortiq navi uchraydi. Davo maqsadida do‘lananing po‘stlog‘i, mevasi, gulidan foydalanishadi. Ular biologik faol moddalar sanaladi. Mevasi soya-salqin joyda yoki quritgich vositasi (50 daraja harorat) da quritiladi, qurigach undan xushbo‘y ifor taraladi.
Do‘lana qon tomirlarini kengaytirib, xolesterinni kamaytiradi. Yurakda qon aylanishini tezlashtiradi, bosh og‘rig‘i, peshob haydovchi xususiyatga ega, kapillyar qon tomirlari devorining o‘tkazuvchanligini pasaytiradi.
Do‘lana mevasi va gulidan qilingan tindirma uyqu chaqiradi. Organizmning umumiy ahvoli va yurak ishini mustahkamlaydi. O‘simlik yurak yetishmovchiligida, qon tomirlari siqilishini bartaraf qilishda, og‘ir kasalliklardan so‘ng organizmni tiklash maqsadida qo‘llaniladi.
Gullaridan qilingan tindirma mevasidan ancha samarali. Shifokorlarning takidlashicha do‘lana mevasidan qilingan malham “qarib qolgan” yurak mushaklari ishini mustahkamlab u bilan bog‘liq kasalliklarni bartaraf qiladi. Yurak og‘riqlarida ham samarali foyda beradi. Nemislar do‘lanaga “yurak uchun non” deb ta’rif berishadi.
Yurak, asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklarida quyidagi tindirma yaxshi yordam beradi: do‘lana gullari, arslonquyruq o‘ti, qoqio‘t, moychechak guli 4:4:4:1 nisbatda aralashtiriladi va o‘tlar aralashmasidan bir osh qoshiq miqdorda olib ustidan bir stakan qaynoq suv quyiladi hamda 20-30 daqiqa tindiriladi. Bu tindirma kun davomida uch marta 2-3 osh qoshiqdan ichiladi.
DO‘LANA ISTE’MOL QILISHGA QARSHI KO‘RSATMALAR
Do‘lanani haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish ko‘ngil aynishi, qusish, bosh aylanishi, yurakning qisqarish ritmining o‘zgarishi va ayniqsa yurak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlarda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Homiladorlik va emizish davrida ayollar do‘lanani ehtiyotkorlik bilan tanovvul qilgani ma’qul. Bu meva arterial bosimni sezilarli darajada tushiradi. Aynan shuning uchun do‘lana gipotonik (qon bosimi past) insonlarga tavsiya qilinmaydi. Homilador ayollarda u bachadon mushaklarini bo‘shashtirib, homilaning tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘krak suti bilan emizuvchi onalarga birinchi 12 haftalikda do‘lana iste’mol qilish ta’qiqlanadi, sababi u sutni kamaytiradi.
Tarkibida do‘lana mevasi mavjud bo‘lgan dori-darmonlar iste’mol qilish umumiy holsizlikka sabab bo‘lib, uyqu chaqiradi. Shu sababdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu dori moddalarini qo‘llashda diqqatli bo‘lish tavsiya etiladi. Bu tavsiya transport vositasini boshqaruvchi haydovchilarga ham tegishli.
Do‘lanadan tayyorlangan damlama yoki tindirmani hech qachon nahorda och qoringa ichmang, bu ichaklar qisilishi va qayt qilish kabi ko‘ngilsiz holatlarni yuzaga keltiradi..
DO‘LANANING FOYDASI VA ZARARI
Do‘lanadan tayyorlangan dori moddalarini qabul qilish muddati cheklanmagan. Aksincha bemorning umumiy ahvolini yaxshilash maqsadida uzoq muddatga bu turdagi dorilar tavsiya etiladi. Dorini dozalab borish qat’iy nazorat qilinadi. Salbiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun kun davomida 1 stakan ya’ni, 150 gr. gacha do‘lana iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ibn Sino do‘lana haqida: “…u me’da uchun zarar. Me’dani bekitib, peshobni haydaydi” deb yozadi.
DO‘LANADAN DAMLAMA TAYYORLASH
Bir osh qoshiq quritilgan do‘lana bir stakan suvga solib qaynatiladi. 2 soat tindirilgach, issiq joyga qo‘yiladi va suzgichdan suzib olinadi. Damlamani kun davomida 3-4 marta 1 – 2 osh qoshiqdan ovqatlanguncha ichiladi. Bu damlama gipertoniya (qon bosimi yuqori bo‘lgan) bilan og‘rigan bemorlarga yordam beradi.
Do‘lananing qizil mevasi va bargi uyqusizlikda samarali yordam beradi. Buning uchun 40 gr. do‘lana gulini 200 ml. qaynagan suvga solib damlama tayyorlanadi. Kun davomida 3-4 marta bir osh qoshiqdan ichish mumkin. Yoki 20 gr. g‘arq pishgan mevasiga 200 ml. suv solib, choy o‘rnida ichish tavsiya etiladi.
Uning mevasi va gulini teng miqdorda aralashtirib hosil bo‘lgan aralashmadan uch osh qoshiq olib ustidan uch stakan qaynagan suv quyiladi. Ikki soat issiq joyda damlanadi. Kun davomida damlama bir stakandan uch marta, ovqatdan yarim soat oldin yoki yarim soat keyin ichiladi. Bu turdagi damlamadan yurak kasalliklari, bosh aylanishi, nafas qisilishida qo‘llaniladi.
Stenokardiyani davolashda 6 osh qoshiq do‘lana mevasi va 6 osh qoshiq arslon-quyruq giyohi ustidan 7 stakan qaynagan suv quyiladi. Qaynatilmaydi. Tayyor damlamani idishga solib bir kecha-kunduzga issiq qilib o‘rab qo‘yiladi. Doka yordamida suzib olinadi. Tayyor bo‘lgan damlama sovuq joyda saqlanadi. Bir stakandan kun mobaynida u marta iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Xurshida HUSENOVA
tayyorladi