QORINDA YIG‘ILSA DAM…
Uning sababi va davosi haqida
Ona tabiat kuz faslida biz uchun darmondorilarga boy, tanaga tetiklik baxsh etuvchi ne’matlarini in’om etadi. Ayni shu vaqtda tanamiz uchun zarur mineral moddalar va vitaminlarni to‘plab olishadi. Ammo me’yoridan ortiq tanovul qilingan meva, ortidan sovuq suv yoki boshqa ichimlik ichish qorinda gaz (el) yig‘ilishiga olib keladi.
Ichaklarda yel paydo qiluvchi mahsulotlar sababli yoki noto‘g‘ri ovqatlanganingiz tufayli me’da-ichak tizimida qorin dam bo‘lishi kuchayadi. Bunda ovqat hazm qilish tizimi buziladi. Qorinda kuchli og‘riq yuzaga keladi. Kasallik zo‘rayganda nafas olish qiyinlashadi. Hattoki, yurak atrofida og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Meteorizm (ichaklarda yel yig‘ilishi) kasalligini me’da-ichak tizimi kasalliklari ichida davolashni zudlik bilan amalga oshirishni talab etadigan kasalliklar turiga kiritish mumkin. Gap shundaki, o‘z vaqtida davolanmagan meteorizm vaqt o‘tgan sayin yana bir qancha jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Jumladan, disbakterioz (ichaklardagi normal va foydali mikroorganizmlarning nobud bo‘lishi natijasida mikrofloraning buzilishi), kolit (ichak yallig‘lanishi), surunkali gastrit (me’da yallig‘lanishi), xoleöistit (o‘t pufagining yallig‘lanishi), ovqatni ichakda yaxshi so‘rilmasligiga olib keladi.
Yuqoridagi bayon qilingan holatga tushib qolmaslik uchun quyidagilarga amal qilish lozim:
– Qorin dam bo‘lishi tez-tez takrorlansa, zudlik bilan gastroenterolog shifokorga murojaat etish lozim. Bunday vaqtda ichaklarda gaz to‘planishiga olib keluvchi mahsulotlarni iste’mol qilmaslik kerak. Yog‘li va qovurilgan ovqatlar, kletchatkaga boy mahsulotlar, soya, no‘xat, loviya, gulkaram va oq bosh karam, sabzi, baqlajon, bodring, olma va nok shular jumlasidan. Shuningdek, qorin dam bo‘lishiga aerofagiya (hiqichoq tutishi), ya’ni shoshib, chaynalmay yeyilgan taom va ovqat yeyayotganda gaplashish ham yaqqol misol bo‘la oladi.
– Ovqatlanish raöioniga amal qiling.
– Ayrim mahsulotlarni vaqtincha o‘z taomnomangizdan chiqaring. Lavlagi, rediska, piyoz, sarimsoqpiyoz shular jumlasidan.
– Ovqatni shoshmasdan, sekin chaynash va butunligicha yutmaslik kerak.
Birinchi va ikkinchi ovqatlarga turli ko‘katlardan qo‘shib tanovul qiling. Shivit, arpabodiyon va boshqa ko‘katlardan qo‘shishni ham unutmang. Ichaklarda yig‘ilib qolgan gazlarni haydovchi tabiiy giyohlardan damlama tayyorlab iching. Bular, albatta, sog‘lig‘ingizga ijobiy yordam beradi. Yalpiz, limon o‘t, tog‘ rayhon va boshqalar. Ularni choy yoki sharbatlarga qo‘shib ichish ham mumkin. Yangi pishgan nonning o‘rniga bir kun avval yopilgan non yoki qotgan non iste’mol qiling.
Meteorizm kuchaygan paytda spirtli ichimliklar, kvas, gazli ichimliklarni ichish mutlaqo yaramaydi!
Aerofagiya o‘zi nima?
Yuqoridagi termin ko‘pchiligimizga notanish tuyulishi tabiiy. Ammo bu holatni deyarli har kuni o‘zimiz bilan yoki yon atrofimizdagi kishilarda uchratishimiz mumkin. Havo yutish, ortiqcha yutilgan havoni qaytarib chiqarishga aerofagiya deyiladi. Tabiatan ovqat yutayotganda qisman havo ham birga yutiladi. Aerofagiya, odatda och qolib shoshilib va gaplashib turib ovqat yeyish yoki ko‘p so‘lak ajralishi tufayli ro‘y beradi. Kattalarda uchraydigan aerofagiya (hiqichoq tutish) ko‘pincha nevroz yoki me’da ichak tizimida muammolar mavjud bo‘lsa, (me’daning yara kasalligi, surunkali gastrit (me’da shilliq qavatining yallig‘lanishi) hamda yurak yetishmovchiligi, aorta anevrizmasi va boshqalarning belgisidan darak beradi.
Aerofagiyaning oldini olish uchun ovqatlanish tartibiga rioya qilish, ovqatni shoshmasdan, oz-ozdan yeyish lozim. Emadigan bolada esa aerofagiya quruq so‘rg‘ich so‘raverganidan yoki suti kam ko‘krakni emganda paydo bo‘ladi. Bunda bolaning ishtahasi yo‘qolishi va ozib, darmoni qurishi mumkin.
Aerofagiyaning belgilari quyidagilardan iborat:
Emayotganda bola chinqirib yig‘laydi, qorni dam bo‘ladi, emib bo‘lgach, sutni qaytarib qusib tashlaydi. Agar ona emizayotganda aerofagiya belgilari paydo bo‘lsa, emizishni to‘xtatishi va bolani tik holda ko‘tarib turishi kerak. Shunda kekirik aralash havo chiqib ketib, bola tinchlanadi va ahvoli yaxshilanadi. Aerofagiya holati qaytarilaversa, shifokorga murojaat qilish kerak.
Umumiy amaliyot shifokori Oyjon TOSHPO‘LATOVA tavsiyalari asosida Nargiza UGLAMOVA tayyorladi