MARJON TISHLAR JILOSI
Tish og‘rig‘i barchamizga yaxshi tanish. Bunday damlarda insonning ko‘ngliga chiroq yoqsa yorishmaydi. Iloji boricha tish og‘rig‘idan qutilishga harakat qiladi. Shu kabi holatlarga tushmaslik uchun kasallikning oldini olgan ma’qul. Shu sababdan oliy toifali stomatolog-shifokor Elyorjon Hakimov tish parvarishi va tish xastaliklarining oldini olishga doir quyidagi tavsiyalarini beradi:
– Har birimiz tishlarimiz sog‘lom bo‘lishini xohlaymiz. Buning uchun, albatta, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish zarur.
Bir kunda ikki marta nafaqat tishlarni yuvish, balki og‘iz bo‘shlig‘ini ham toza tutish shart. Tishlarni yuvayotganda quyidagilarga e’tibor berish kerak: tish pastasi yoki cho‘tkalarning turiga e’tibor berish zarur. Yosh bolalar yumshoq turdagi tish cho‘tkalaridan foydalanishlari kerak. Sababi, ularning tishlari hali unchalik shakllanmagan bo‘ladi. O‘rta yoshli va yoshi katta insonlar esa o‘rtacha va qattiq turdagi tish cho‘tkalaridan foydalanganlari ma’qul. Tish cho‘tkalarini har uch oyda almashtirib turish shart. Sababi cho‘tkalar orasida mikroblar to‘planib qolib, yaroqsiz bo‘lib qoladi. Tish yuvish qoidasiga ham e’tibor berish lozim. Masalan: yuqori jag‘ tishlarini yuvayotganda, cho‘tka harakatini har bitta tishning o‘qi bo‘yicha yuqoridan pastga, ya’ni milk tomonidan tishning kesuv yuzasi tomon harakatlantirish kerak. Teskari harakat qilish esa tish yuzasidagi ovqat qoldiqlarini, karashlarini, mikroblarini milk ostiga kirgizib milklarni jarohatlaydi, milk usti va milk osti toshlarini paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Natijada milk qonaydi, og‘izdan turli hidlar keladi. Chaynov tishlar yuzasida fissuralar(chuqurchalar) bo‘lgani uchun bu tishlarni yuvayotganda cho‘tkani soat mili kabi harakatlantirib, aylantirib yuvish kerak. Shunda ovqat qoldiqlari chiqib ketadi. Tishlarni old tomonini qanday yuvgan bo‘lsak, orqa tomonini ham shu tarzda yuvish zarur. Pastki jag‘ tishlarini yuvayotganda esa cho‘tkaning harakati pastdan tepaga ya’ni, milkdan kesuv yuzasi tomon harakat qilinadi. Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish deganda faqat tishlarni yuvish emas, balki tish usti, osti, yon, yuzalarini, lunjlarni, tanglaylarni yuvish ham zarur.
– Ayni vaqtda stomatologik xastaliklarni davolashda qanday zamonaviy usullar qo‘llanilmoqda?
Terapevtik stomatologiya sohasini oladigan bo‘lsak, yuqori sifatli, estetik talablarga javob beradigan, sog‘lom tishlar rangiga o‘xshash turli xildagi plomba ashyolarining kashf etilishini bunga misol qilib keltirishimiz mumkin. Bu plomba ashyolaridan uncha katta bo‘lmagan old tishlar sohasidagi turli nuqsonlarni bartaraf etish mumkin. Shu tariqa yana milk osti va usti toshlarini, karashlarni tozalashda zamonaviy asbob-uskunalardan turli xildagi ultradont skallerlar ishlab chiqildi. Shuningdek, ildiz kanallarini uzunligini o‘lchaydigan turli xildagi apekis lokatorlar ishlab chiqilmoqda. Bu uskunalarni qo‘llashdan asosiy maqsad tish ildizining uzunligini o‘lchash, qo‘yilgan plomba ashyolari ildiz uchidan, yumshoq to‘qimaga chiqmasligi kerak.
Ortodontik stomatologiyada esa turli xildagi tish protezlari ishlab chiqilmoqda. Ular yordamida yo‘qotilgan tishlar o‘rnini to‘ldirish va yon sog‘lom tishlar rangiga mos keluvchi oq tishlar, ya’ni metallkeramika, metallsiz keramika, vinir, bugel, teleskopik protezlar keng qo‘llanilmoqda. Stomatologiyada esa turli xildagi tish nuqsonlari qatorida qiyshiq chiqqan tishlarni olib tashlamasdan durdek qilib bir qator joylashtirish kerak. Hozir tishlar nafaqat qatori to‘g‘irlanmoqda, balki insonning yuz ko‘rinishi ham chiroyli bo‘lmoqda. Buning uchun turli xildagi plastinkalar, brekitlardan ham foydalanyapmiz.
Xirurgik stomatologiyada esa og‘iz bo‘shlig‘ida umuman tishlar qolmaganda (implant) xalq tili bilan aytganda “qoziq tishlar” keng qo‘llanilmoqda. Implantlarning afzalligi shundaki sog‘lom tishlarga tegmasdan, yo‘qotilgan tishlar sohasiga qoziq tishlar ekib uning o‘rni to‘ldirilmoqda.
– Odatda sun’iy tishlar bir-biridan farq qiladi. Ular tabiiy tishlar o‘rnini bosa oladimi?
Inson organizmi yaxlit bir butun tizim. Demak, bundan shunday xulosa qilsak bo‘ladiki, har qanday tashqi muhitdan inson organizmiga kirgan yot jismlar hech qachon insonning tabiiy a’zosi o‘rnini yuz foiz bosa olmaydi. Bu degani sog‘lom bo‘lmagan tishlarni yoki yo‘qotilgan tish o‘rnini to‘ldirish maqsadida sun’iy tishlarni qo‘ymaslik kerak degani emas. Sun’iy tishlar nafaqat tabiiysining o‘rnini to‘ldiradi, balki anatomik holati va fiziologik faoliyatini ham tiklab oziq-ovqatlarni maydalab hazm qilish a’zolariga samarali yordam beradi.
– Stomatologik kasalliklar nasl suradimi? Bu borada homilador ayollar nimalarga e’tibor berishlari zarur?
– Stomatologik kasalliklarni ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin. Nasldan-naslga o‘tadigan va irsiy bo‘lmagan xastaliklar mavjud. Nasl suradigan kasalliklar qachon namoyon bo‘ladi? Insonning ajdodlarida irsiy kasallik mavjud bo‘lsa, avlodlariga ham nasl surib, kasalliklar o‘tadi. Nasl surmaydigan kasalliklar esa har bir insonning o‘z hayot tarzi, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilmasligi, ekologik omillar, avitaminoz, yondosh kasalliklar, organizmdagi gormonal o‘zgarishlar, moddalar almashinuvining buzilishlari va turli xil kasalliklar asoratlari sababli paydo bo‘ladi.
Homilador ayollar avvalo homiladorlik davrida turli xil yuqumli kasalliklarga chalinishdan o‘zlarini ehtiyot qilib, spirtli ichimliklarni ichish, chekish va giyohvandlik kabi zararli odatlardan voz kechishlari kerak. Tishlarning emaliga zarar yetkazuvchi qattiq oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish (haddan tashqari qotib ketgan non, qurut, shuningdek, tishlarda danak va yong‘oq chaqish) mumkin emas. Vitamin hamda minerallarga boy va kaloriyali ovqatlanish zarur.
Charos XUSHVAQTOVA suhbatlashdi