G‘OLIBLAR TAQDIRLANDI
Joriy yilning 19 sentyabr – 4 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan sportchilarimiz 9 oltin, 14 kumush va 21 bronza medalni, jamoaviy bahslar hisobida 12 oltin, 14 kumush va 35 bronza medalni qo‘lga kiritib, Vatanimiz sharafini yanada yuksaklarga ko‘tarib qaytdilar. Sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan hamyurtlarimiz orasida ayol sportchilarimizning ham borligi quvonarli.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ana shu g‘olib sportchi qizlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda bir qator tashkilot vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Klara Shokirjonova, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti o‘qituvchisi, professor: – Sport bu – salomatlik degani. Mamlakatimizda Yurtboshimiz boshchiligida sportga, ayniqsa, ayollar sportiga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar o‘z samarasini bermoqda.
Sportchilarimizning dunyo sport arenalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari bunga misol bo‘lmoqda. Yaqinda Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan qizlarimiz orasida Yekaterina Voronina yengil atletikaning ko‘pkurash bahslari bo‘yicha ikki kun mobaynida o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Yekaterina Voronina, XVII Osiyo o‘yinlari g‘olibi: – Men 12 yoshimdan beri sport bilan shug‘ullanaman. Mana o‘n yil bo‘libdiki ustozlarim professor Klara Shokirjonova, Pavel Andreev, Yelena Svechnikovalardan sport sirlarini muntazam o‘rganib kelmoqdaman. Men ulardan fidoyilik, kamtarlik, jiddiylik, irodali bo‘lish kabi fazilatlarni o‘rgandim. Bugungi kunda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining 4-bosqich talabasiman. 2007 yilda Belorussiyada, 2013 yilda Hindistonda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medal sohibi bo‘lgan edim. Tinimsiz mashg‘ulotlar, ustozlar o‘gitiga rioya qilish va davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar bois bugun biz g‘oliblikni qo‘lga kiritdik.
Tadbirda sport faxriylari, sportchi qizlarning murabbiylari, Osiyo o‘yinlarida oltin, kumush va bronza medallarga sazovor bo‘lgan qizlar rag‘batlantirildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA