DORI VOSITALARINING NOJO‘Ya TA’SIRI

O‘zbilarmonlik bilan davolanish salbiy oQibatlarga olib keladi

Kuz havosining salqin, ba’zan sovuq kelishi immuniteti past insonlarda gripp va O‘RVI(o‘tkir respiratorli infeksiyalar) xalq tilida “shamollash” deya ataluvchi behollik va turli a’zolarda yallig‘lanish bilan kechadigan xastaliklarni keltirib chiqaradi. O‘zini noxush sezgan bemor birinchi navbatda dorixona tomon oshiqadi. Hozirgi kunda dorixonalarda dori vositalarining soni va xilma-xilligi ko‘zni quvontiradi. Ammo hamma ham bu dorilarning foydali jihatlari va aksincha, nojo‘ya ta’sirlari to‘g‘risida deyarli to‘liq ma’lumotga ega emas. To‘g‘ri, dorixonachi sizni qiziqtirgan savollarga qoniqarli javob berishi mumkin. Shunday bo‘lsada o‘zimiz uchun ba’zi ma’lumotlarni bilib qo‘yish zarar qilmaydi deb o‘ylayman. Iste’molda tez-tez qo‘llaniladigan dori vositalarining bir toifasi antibiotiklardir.

Antibiotiklar ba’zi mikroorganizmlar, hayvonlar va o‘simliklarda ishlab chiqariladigan hamda turli xil mikroorganizmlarning o‘sishi, rivojlanishini to‘xtatib qo‘yadigan moddalardir. Antibiotik so‘zi yunonchadan olingan bo‘lib, anti – qarshi va bios – hayot so‘zlaridan tashkil topgan.

XV-XVI asrdayoq xalq tabobatida yiringli yaralarni davolashda yashil mog‘ordan foydalanilgan. 1929 yilda ingliz mikrobiologi A.Fleming mikroorganizmlarning ayrim turlari orasidagi antagonizm (ziddiyat)ni kuzatib, yashil mog‘orning mikrobga qarshi ta’sir etishi, undagi tashqi muhitga ajratiladigan yagona modda – penitsillinga bog‘liq ekanligini aytdi. Penitsillinning kashf etilishi yangi-yangi antibiotiklar va ular olinadigan manbalarni qidirib topishga asos bo‘ldi.

Turli xil zamburug‘lar va ba’zi bakteriyalar antibiotiklarning asosiy manbai bo‘lib, ulardan bir necha ming antibiotik moddalar ajratib olingan. Lekin ko‘p hollarda ular faqat kasallik qo‘zg‘atuvchilar uchun emas, balki odam organizmi uchun ham zaharliligi aniqlandi. Shuning uchun dori sifatida mikrobga qarshi kuchli ta’sir etadigan, biologik muhitga chidamli, organizm uchun kam zaharli antibiotiklar ishlatiladi.

Aholi o‘rtasida antibiotiklar universal dori vositasi sifatida keng qo‘llanilmoqda. Ammo bu dorilar faqat o‘ziga sezgir ayrim mikroorganizmlarga ta’sir etadi. Masalan, penitsillin o‘pka yallig‘langanda, sepsis (qon zaharlanganda), terining yiringli kasalliklari, angina (tomoqdagi bodomcha bezlarining yallig‘lanishi) va boshqa shu kabi kasalliklarda qonga mikrob tushib zaharlanganda yaxshi ta’sir etadi. Sil va dizenteriya (ichak) tayoqchalariga esa ta’sir etmaydi. Levomitsetin va tetratsiklin ichak kasalliklarida yaxshi naf beradi. Behuda vaqt va mablag‘ sarflab organizmdagi mikroblarga ta’sir qilmaydiga antibiotik iste’mol qilmaslik uchun shifokor tavsiyasiga asosan avval shilliq yuzadan bakterial ekma oldirib antibiotikka sezuvchanlikni aniqlash kerak.

Yana o‘qing:  Zuluklar – tabiatning tabiiy mo‘jizasi

Virusli kasalliklar (gripp, infeksion gepatit)ga kelganda shuni aytish kerakki, barcha turdagi antibiotiklar ularga mutlaqo kor qilmaydi.

Agar shunday bo‘lsa, nima uchun shifokorlar gripp bo‘lgan bemorga antibiotiklar buyurishadi degan savol tug‘iladi? Gap shundaki, gripp virusi tanada o‘rnashib ko‘payishni boshlagandan so‘ng immun tizim ishga tushib qarshilik ko‘rsatishni boshlaydi. Lekin ba’zi bemorlarning immuniteti sustligi natijasida organizmdagi shartli patogen bakterial mikroorganizmlar jonlanib nafas yo‘li yallig‘lanishi kasalliklari (bronxit, pnevmoniya(zotiljam))ni keltirib chiqaradi. Bu kasalliklarga endi viruslarga qarshi preparatlar ta’sir qilmaydi. Ularni faqat antibiotiklar bilangina davolash mumkin. Antibiotiklar virusli kasalliklarni emas, balki ularning og‘irlashgan asoratlarini davolashda qo‘llaniladi.

Antibiotiklar yaxshi naf beradigan dori vositalari bo‘lishi bilan bir qatorda bemor organizmiga salbiy ta’sir etishi ham mumkin. Masalan, streptomitsin, kanamitsin va neomitsin eshitish qobiliyatini pasaytiradi. Quloqdagi vestibulyar a’zo faoliyatini buzadi. Levomitsetin ta’sirida ayrim bemorlar qonida salbiy o‘zgarish kuzatiladi. Tetratsiklin ta’sirida jigar faoliyati buziladi. Ayrim bemorlarda penitsillinning ozgina dozasida ham organizmda boshqa dorilar ichilgandagiga o‘xshash turli reaksiyalar – terining qichishi, shish, ekzema(temiratki) va shu kabi o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu kabi holatlar dori vositasi yoqmasligidan kelib chiqqan allergiyadir. Bemor o‘z bilganicha uzoq vaqt pala-partish dori ichib davolanib yurishi natijasida dori yoqmasligidan kelib chiqadigan allergiya surunkali turga aylanib ketishi mumkin. Ba’zi hollarda penitsillin yoki boshqa antibiotikning ozgina dozasi ham (ayniqsa, qayta davolanishda) organizmda kuchli o‘zgarishlarga, ba’zan hayotni xavf ostida qoldiradigan anafilaktik shokka sabab bo‘ladi. Shuni unutmaslik kerakki, ko‘pchilik antibiotiklarni ayrim holatlarda, masalan, levomitsetinni homiladorlik davrida, ekzema(temiratki)da va terining zamburug‘ kasalliklarida, monomitsinni buyrak va jigar kasalligida qo‘llash mumkin emas. Antibiotiklar juda kichik dozada qabul qilinsa yoki qabul qilish tezda to‘xtatilsa, organizmdagi mikroblar shu dorilarga moslashib oladi. Natijada kasallik surunkali turga o‘tadi va tuzalishi qiyin bo‘ladi. Antibiotiklar o‘rtacha 5-7 kundan kam vaqt qo‘llanilmasligi kerak. Ularni uzoq vaqt qo‘llanish yangi kasallik-kandidamikozga olib keladi. Kasallikning kelib chiqish sababi antibiotiklar ichakdagi organizm uchun foydali bo‘lgan mikroorganizm(mikroflora)larning rivojlanishini to‘xtatib qo‘yishi natijasida zamburug‘larning ko‘payishiga sharoit yaratib beradi. Shuning uchun kuchli ta’sir etuvchi yoki uzoq muddat qo‘llanishga mo‘ljallangan antibiotiklar shifokor tomonidan buyurilganda albatta zamburug‘ga qarshi preparatlar (nistatin, futsis, flukonazol) qo‘shib yoziladi.

Yana o‘qing:  KO‘ZGA KO‘RINMAS XAVF

Ko‘pchilik antibiotiklar (ampitsillin, penitsillin,oksatsillin, ampioks, streptomitsin, gentamitsin, tetratsiklin va hokazolar) kunlik dozani 3-4 mahal 6-8 soat oralig‘ida qabul qilinadi. Hozirgi kunda iste’moli qulay bo‘lgan yangi antibiotiklar-makrolid antibiotiklar azalidlar(azimak, azimed, azitromitsin) qo‘llanilmoqda. O‘rtacha bu dori vositalari uch kun va kunda bir mahaldan qo‘llashga tavsiya etiladi. Bu dori vositalarining afzalligi shundaki, yallig‘lanish o‘chog‘idagi dorining bakteritsid (mikroblarni qiruvchi) ta’siri oxirgi doza ichilgandan so‘ng 5-7 kun davomida ham saqlanib qoladi. Bu antibiotiklar keng ko‘lamdagi zararli mikroorganizmlarga qarshi davo bo‘lishi bilan birga jigar va buyrak faoliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Dozasi oshirilib yuborilsa bemorda vaqtinchalik eshitish qobiliyatining yo‘qolishi ham kuzatiladi.

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, antibiotiklarni iste’mol qilishdan avval albatta shifokor bilan maslahatlashish, organizmdagi hamma o‘zgarishlarni batafsil aytib borish va buyurilgan dozani oshirmasdan qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Umuman olganda har qanday dori vositasini albatta shifokor tavsiyasi bilan qabul qilgan ma’qul. Bir tomonlama foyda qilaman deb o‘zboshimchalik bilan nafaqat o‘z-o‘zini, balki yaqinlarini ham davolash faqat zarar keltiradi.

Aziz, yurtdoshlar!

“Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarmang”. Sun’iy dori vositalariga organizmingiz reaksiya bersa, shifokoringiz bilan maslahatlashib, dorixonalardan tabiiy va shifobaxsh giyohlardan sotib oling.

Hilola PRIMUHAMEDOVA,

tibbiyot kolleji o‘qituvchisi, Shayxontohur tumani

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: