Qobiliyat va imkoniyat: ularning ro‘yobga chiqishi tarbiya bilan bog‘liqdir
Ulug‘ muallim Abdulla Avloniyning shunday so‘zlari bor: “Dars ila tarbiya orasida biroz farq bo‘lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidir…” mana shu jon va tanni vujudga keltiruvchi, uni voyaga yetkazuvchi zot o‘qituvchidir. Albatta, shuni unitmaslik kerakki, ta’lim tarbiya bilan birgalikda olib borilgandagina yaxshi samara beradi. Chunki xulqi yomon farzandda o‘qishga ishtiyoq bo‘lmaydi. Shuning uchun ham biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadni bajarishda avvalo o‘zimiz o‘rnak bo‘lishimiz muhim, deb o‘ylayman.
Bu degani, pedagog kiyinish madaniyati, o‘zini tutish, har bir ishga adolatli yondashish, eng muhimi, o‘zining gapiga o‘zi ishonishi lozimdir. Ta’lim-tarbiya uchun mas’ul har bir pedagog psixolog bo‘la olishi, qaysi bolaga qattiqqo‘l, qaysi bolaga ehtiyotkorona munosabat kerakligini ajrata bilishi kerak. Bolaning o‘ziga xos nozik ruhiyati bilan hisoblashmaslikning iloji yo‘q.
Buni bir necha yil avval bo‘lib o‘tgan voqea misolida aytishim mumkin. Sanjar degan o‘quvchi 8-sinfda o‘qirdi. O‘qituvchilari undan nolir edi. Hatto, sinf rahbarining qattiqqo‘lligi “o‘qishdan haydayman” deb qo‘rqitishlari ham uni cho‘chitmasdi. Bir kuni Sanjar bilan suhbatlashdim. Dastlab u men bilan ochilib gaplashmadi. So‘ng uning oilaviy sharoitini, ota-onasi, qiziqishlari bilan tanishdim. So‘ng uni tez-tez yonimga chaqiradigan, suhbatlashadigan, u qiziqadigan jihatlardan so‘z ochadigan bo‘ldim. Shundan so‘ng u ota-onasi-yu ustozlarining urishishlaridan bezor bo‘lganini, har gal shunday holat yuzaga kelganda Sanjar ham ataylab o‘qituvchining g‘ashiga tegishga harakat qilayotganini angladim. Unga ta’sir ko‘rsatishda nimalarga qiziqishini bilgan holda yondashdim. Ota-ona hamda sinf rahbari va o‘qituvchilariga bolaning ichki qobiliyatini yuzaga chiqarishda nimalarga e’tibor berish kerakligini uqtirdim. Ish reja asosida yumshoqlik va sabr-toqat bilan olib borildi. Natijada Sanjar dastlab sinfni, keyin maktab obro‘yini yuqoriga ko‘taradigan o‘quvchiga aylandi.
Bu bilan nima demoqchiman. O‘quvchini doimo koyish, jazolash, uni maktabdan, o‘qishdan bezdiradi. O‘qituvchilaridan sovutadi. Darslarni, sinf soatlarida o‘zaro hurmat, do‘stlik, yaxshilik, haqidagi misollar orqali hayotga, o‘tmishga bog‘lab o‘tish yaxshi natija beradi. Tarbiyaning asosiy vazifasi – shaxsning aqliy, axloqiy va jismoniy rivojlanishi, uning qobiliyatlarini har tomonlama ochish uchun imkoniyat yaratishdir. Bu o‘rinda biz yosh avlod ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan pedagoglarni zamon bilan hamnafas bo‘laolishi, darsni ko‘rgazmalar asosida tashkil etish, amaliy mashg‘ulotlar bilan rivojlantiruvchi omillarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlamoqchiman.
Ota-onalar eng oddiy deb qaraydigan tasviriy san’at, mehnat fanlari o‘quvchilar nazarida ham shunday tuyuladi. Ota-onalari farzandlariga uqtirganidek, u rassom yoki duradgor bo‘lishi shart emas. Ammo biz pedagoglar bola ko‘nglida tasviriy san’at, badiiy mehnatga nisbatan ijobiy fikr uyg‘otishimiz lozim. Bunday darslar, ayniqsa, 5-6 sinf o‘quvchilarida o‘yinli vazifalar, quvnoqlik, mashg‘ulotlarga beriluvchanlik, uyatchanlikni yengish, nutqiy muloqot va ijodkorlik xislatlarini faollashtiradi. O‘quvchilarning “Vitraj”, “Mozaika”, “Gravyura”, “Sabzi taxta”, “Miniatyura” loyihalari ustida ishlashi, o‘z ijodiy imkoniyatlarini amalda sinab ko‘rishlari mashg‘ulotlarga bo‘lgan qiziqishini orttiradi. Ta’lim-tarbiya uzviyligiga erishishda, bola ongida o‘ziga bo‘lgan ishonchning shakllanishida ham ana shu amaliyot bilan bog‘liq fanlarning o‘rni beqiyosdir.
Malika ABDULLAYEVA,
Toshkent shahridagi 300-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktor o‘rinbosari