SAMARALI TIBBIY XIZMAT: ELGA HIMMAT
El salomatligi – yurt boyligidir. Buning samarasi o‘laroq yurtimizda ko‘plab zamonaviy tibbiyot muassasalari bunyod etilib, mavjudlari qayta ta’mirlanib yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda.
Bugungi kunda 21 ming 937 nafar aholiga samarali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan Samarqand tumani Tibbiyot birlashmasi ham mustaqillikdan keyingi islohotlar tufayli yanada yuksaldi. Natijada aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshdi. 400 o‘ringa ega Samarqand tuman tibbiyot birlashmasida ayni paytda, bir yarim mingdan ortiq shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari hamda ishchi-xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqdalar.
Joriy yil boshida birlashma qoshida bir vaqtning o‘zida 350 kishiga xizmat ko‘rsata oladigan ko‘ptarmoqli poliklinikaning qurilib, foydalanishga topshirilgani aholi salomatligini saqlashdek ezgu maqsadlar yo‘lida yanada qulayliklar yaratdi. Uning zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlangani kasallikni erta aniqlash va davolash imkonini berdi. Tibbiyot birlashmasidagi barcha bo‘limlar, jumladan, qabulxona, reanimatsiya, shoshilinch tez tibbiy yordam, jarrohlik, ginekologiya, bolalar bo‘limi, tug‘ruqxona kompleksi, zararsizlantirish (sterilizatsiya) bo‘limi, kirxona, biokimyoviy laboratoriyalarning to‘liq ta’mirdan chiqarilgani shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining yorug‘ va shinam xonalarda ishlashiga imkon yaratdi.
Joriy yilda tug‘ruq kompleksi, jarrohlik va shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limlarining davlat mablag‘lari hisobidan 1 mlrd. 141 mln. so‘mdan ziyod tibbiy asboblar va bir martalik tibbiy buyumlar bilan ta’minlangani ham aholi va tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratdi.
– Birlashmamiz tasarrufidagi mavjud 21 ta QVPlarning beshtasi chekka hududlarda joylashgan. Ularning barchasida aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatini yanada oshirish, ayniqsa, xotin-qizlar gigiyenasi, onalar va bolalar salomatligini saqlash, reproduktiv salomatlik, sog‘lom bola tug‘ilishi, har yili bir marta chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazishda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
“O‘zbekiston” va “Ohalik” QVPlarida hamda birlashma qoshidagi tug‘ruq kompleksida quyosh batareyalarining o‘rnatilgani ishimizda muhim omil bo‘ldi, – deydi Tibbiyot birlashmasi davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari Zamira Ma’murova.
Shuningdek, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashda mutaxassislar ishtirokidagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Joriy yil mobaynida ushbu tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan 198 ming nafar tuman aholisining tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan 145 ming nafaridan 55 ming 239 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni, 85 ming 548 nafari o‘smirlarni tashkil etadi.
Yil davomida ko‘p tarmoqli poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan 19 ming 204 nafar aholining 9 ming 735 nafari ambulator sharoitda, 208 nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi. Ularning 2 ming 147 nafarini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.
Yosh oilalar bilan muloqot, reproduktiv salomatlik, sog‘lom bola tug‘ilishi, xotin-qizlar gigiyenasi bo‘yicha aholi o‘rtasida tashviqot va targ‘ibot ishlari olib borish uchun akusher-ginekolog, doya hamda hamshiralar tomonidan jami 6 ming 842 ta tadbirlar, jumladan, ma’ruza, savol-javob va suhbatlar tashkil etilgan. Besh yuzdan ziyod targ‘ibot bukletlari va varaqalari tarqatilgan.
Shu bois birlashmada faoliyat yuritayotgan jamoa rahbari, tajribali jarroh Furqat Valiyev, Dilshod To‘ychiyev, akusher-ginekolog Muhabbat Sharipova, poliklinika shifokorlari Farida Yusupova, Mamlakat Mansurova, reanimatolog A’zam Muhammadiyev, hamshiralar Mehriniso Baratova, Mavjuda Adilova, QVP shifokorlari G‘ayrat Rahimov, Feruza Ismoilova, To‘lqin Mehmonqulov, Ikrom Qobilovlarning ko‘rsatayotgan malakali tibbiy xizmatlaridan tuman aholisi minnatdor.
Birlashmada vrachlar va o‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirishga ham e’tibor qaratilgan. Joriy yilning olti oyi mobaynida 108 nafar shifokor va 205 nafar o‘rta tibbiyot xodimi poytaxtda o‘z malakalarini oshirib qaytdilar. Yosh kadrlar “ustoz-shogird” an’analariga binoan tajribali shifokor va hamshiralardan kasb mahoratini o‘rganadilar. Shu bois hamshiralar har yili tuman, shahar va viloyat miqyosida o‘tkaziladigan “Eng yaxshi hamshira” ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar.
Maryam AHMEDOVA,
Samarqand viloyati