“KAMALAK – 2014”: KICHKINTOYLAR FESTIVALI
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Kamalak” bolalar tashkiloti hamkorligida o‘tkazilayotgan “Kamalak yulduzlari – 2014” bolalar ijodiyoti festivalining Toshkent shahar bosqichi boshlandi. Unda tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 410 nafar bola o‘z iste’dodi va mahoratini namoyish etmoqda.
Joriy yilgi festivalning hududiy bosqichlari yuksak saviyada, bayramona ruhda o‘tmoqda. Ijodiy loyihaning dastlabki bosqichida qatnashish uchun mamlakatimizda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 36 mingdan ortiq boladan ariza kelib tushgan. Toshkent shahrida quyi bosqichlarda 5 ming 800 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
Mazkur festival o‘g‘il-qizlarning iste’dodini erta aniqlash, ularning ijodiy qobiliyati yuzaga chiqishi uchun yaqindan ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga ushbu loyiha yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, san’at va go‘zallikka bo‘lgan intilishini kuchaytirish, milliy san’atimizning betakror an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish imkonini bermoqda.
Qatnashchilar fortepyano, torli-kamonli, damli va zarbli cholg‘u asboblari, milliy va akademik ijro, estrada, folklor va xor guruhlari, xoreografiya, tasviriy va amaliy san’at, nasr va nazm kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etmoqda.
Tadbir doirasida bolalar ijodiga oid badiiy ko‘rgazma, mohir rassomlar, yozuvchi va shoirlar, musiqachi va bastakorlar ishtirokida mahorat saboqlari tashkil etildi.
Barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar 17 oktyabr kuni Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadigan gala-konsertda taqdirlanadi.
O‘z muxbirimiz